Davlat byudjetining ijrosi deputatlar muhokamasida

22:47 01 Iyun 2020 Siyosat
196 0

2020-yil 1-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yildagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdilar.

Hisobotda taʼkidlangandek, mamlakatimizda makroiqtisodiy muvozanatlilikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror oʻsish surʼatlariga erishish natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi 5,6 foizga oʻsdi. Ijobiy oʻsish suratlari qurilish sohasida 19 foizni, sanoatda – 6,6 foizni, xizmatlar sohasida – 5,1 foizni, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi sohasida – 2,5 foizni tashkil etdi. Sanoatning rivojlanishi savdo, maishiy xizmatlar va umumiy ovqatlanish, taʼlim kabi sohalarning rivojlanishiga toʻrtki boʻldi. 2019-yilda asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 189 trln 924 mlrd soʻm boʻlib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 37,1 foizni tashkil qildi.

Iqtisodiyotdagi barqarorlik Davlat byudjetining 2019-yildagi ijrosiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi. Mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida keng koʻlamda amalga oshirilgan byudjet – soliq siyosatidagi islohotlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, tadbirkorlik subyektlaridan undiriladigan yagona ijtimoiy toʻlov va foyda soligʻi stavkalari qisqartirilishi sharoitida iqtisodiyotda soliq solish bazasining kengayishiga erishildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkalari sezilarli darajada qisqartirilishiga qaramasdan ushbu soliq turidan tushumlar 2018-yilga nisbatan 21,3 foizga oʻsdi.

Bir soʻz bilan aytganda, soliq solishning adolatli tamoyili taʼminlanishi va yashirin iqtisodiyotning ulushi qisqarishi daromadlar bazasida jiddiy oʻzgarishlar yuz berishiga va rasmiy soliq toʻlovchilar sonining ortishiga olib keldi.

Natijada hisobot davrida davlat byudjeti daromadlari 112,2 trln.soʻmni (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,9 foizni) tashkil etdi, prognoz koʻrsatkichlari 9,2 trln soʻm ortigʻi bilan yoki 109,0 foizga bajarildi.

Byudjet tushumlari tarkibida yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi 2018-yilning mos davriga nisbatan 4,7 baravarga oshdi.

Yana shuni ham eʼtirof etish lozimki, tadbirkorlarga berilgan yengillik va imtiyozlar natijasida 12,8 trln.soʻm mablagʻ xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻz ixtiyorida qoldirildi. Shuningdek, jismoniy shaxslar daromadiga soliq yukini kamaytirish natijasida aholi daromadlari 6,5 trln.soʻmga oshganligini aholining real daromadlari oshishiga hissa qoʻshdi.

Daromadlarning tasdiqlangan rejadan orttirib bajarilishi 2019-yil davomida byudjetning barcha tasdiqlangan xarajatlarini moliyalashtirish bilan birga, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadlarida qoʻshimcha 15,6 trln. soʻm xarajat qilish imkonini berdi.

Umuman olganda, Davlat byudjetining 2019-yildagi xarajatlari 2018-yilga nisbatan 48 foizga oshdi. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida oldingi yillar kabi ijtimoiy soha xarajatlari ulushi yuqori boʻlib, ushbu soha xarajatlari uchun Davlat byudjeti xarajatlarining 54 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi.

Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlariga hisobot davrida Davlat byudjetidan 4 trln 700 mlrd soʻm miqdorda mablagʻ sarflandi. Shu jumladan, 350 mingga yaqin ishsiz fuqarolarni vaqtinchalik jamoat ishlariga jalb etish uchun 235 mlrd. soʻm, qishloq joylarda aholini ish bilan taʼminlash maqsadida 85 mlrd. soʻm, qishloq joylarda va shaharlarda arzon uy-joylar qurish uchun 4 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.

Davlatimiz rahbarining ilm fanni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoyalash, ularning mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirishga Davlat byudjetidan 662 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Natijada ushbu soha xodimlarining ish haqi miqdorlari 2018-yilning mos davriga nisbatan oʻrtacha 82 foizga oshirildi.

Hisobotning muhokamasi jarayonida deputatlar ijobiy natijalarni eʼtirof etgan holda davlat byudjeti ijrosiga oid ayrim kamchiliklarga ham alohida eʼtibor qaratishdi. 2019-yilda nazorat tadbirlari oʻtkazilgan 8 ming 74 ta byudjet tashkilotlarining 6 ming 616 tasida 142,5 mlrd. soʻm miqdorida moliyaviy xatoliklar, jumladan, 30,3 mlrd. soʻm miqdorida pul mablagʻlari va moddiy boyliklarni kamomadi va oʻzlashtirishlar hamda 112,2 mlrd. soʻm miqdorida noqonuniy xarajatlar aniqlangan.

Bu holatlar hamon byudjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish mexanizmlari yaratilmaganligidan dalolat beradi.

Shuningdek, deputatlar byudjet intizomi, shaffofligi hamda hisobdorligi masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Byudjetdan mablagʻ ajratishda avvalo ulardan kutilayotgan samaradorlik va natijadorlikni hisobga olish muhimligini taʼkidladilar.

Qizgʻin muhokamalar davomida parlament quyi palatasi vakillari mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini taʼkidladilar.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yildagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.

***

Deputatlar shu kunning oʻzida Qonunchilik palatasining majlis kun tartibidagi ikkinchi masala – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni ham koʻrib chiqdilar.

Hukumat taqdim etgan hisobotda taʼkidlangandek, Prezidentimizning tashabbuslari bilan 2020-yil uchun davlat byudjeti ilk bor qonun sifatida qabul qilindi. Bunda har yili qaror bilan qabul qilinadigan byudjet shunchaki qonun koʻrinishiga aylantirib qoʻyilmadi, balki byudjet tizimida bir qancha muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, moliyaviy nomarkazlashtirish boʻyicha katta qadam qoʻyildi, mahalliy byudjetlar mustaqilligi oshirildi, respublika byudjeti xarajatlari har bir vazirliklar boʻyicha qabul qilindi. Parlamentga har bir vazirlik va idoralarni byudjet mablagʻlarining maqsadli va samarali foydalanilishi hamda erishilayotgan natijalari toʻgʻrisida axborotlarini eshitish boʻyicha qoʻshimcha vakolatlar berildi.

Mazkur chora-tadbirlar iqtisodiyot tarmoqlarining 2020-yil I choragida barqaror rivojlanishiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi. Hisobot davrida yalpi ichki mahsulot hajmining oʻsishi 4,1 foizni tashkil etdi. Bunda sanoat sohasi ulushi – 1,2 foiz, xizmatlar – 1,5 foiz, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi sohasi – 0,5 foiz, qurilish sohasi – 0,4 foizga teng boʻldi.

Koronavirus pandemiyasi dunyoning deyarli barcha davlatlari xalqaro bozorlarga oʻz taʼsirini koʻrsatganligi oqibatida mamlakatning tashqi savdo aylanmasini 8,1 mlrd AQSH dollar miqdorida boʻlishiga yoki 2019-yilning mos davriga nisbatan 10,2 foizga (924 mln. AQSH dollarga) kamayishiga sabab boʻldi. 2020-yilning yanvar-mart oylarida inflyatsiya darajasi – 2,8 foizni tashkil etdi.

Shunga qaramasdan, yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksining ijroga kiritilishi iqtisodiyotda tadbirkorlik faolligini oshirishga, daromadlarning legallashishiga hamda davlat byudjeti daromadlarining bir maromda tushishiga xizmat qildi. Davlat byudjetining daromadlari 28,5 trln soʻmni , xarajatlari esa 27,7 trln soʻmni tashkil etdi yoki YAIMga nisbatan 0,8 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Davlat byudjeti daromadlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 23,6 foizga oʻsib, belgilangan reja koʻrsatkichlari 103,2 foizga bajarildi.

2020-yil I choragida Davlat byudjetining xarajatlari 27,7 trln soʻmni tashkil etib, 2019-yilning shu davriga nisbatan 14,6 foizga oʻsdi. Byudjet tashkilotlarining qariyb 11 trln soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 2,2 trln soʻmdan ortiq ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirilishi taʼminlandi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish xarajatlari umumiy xarajatlarning 54,5 foizini tashkil qildi. Sohadagi yoʻnalishlarni moliyalashtirish maqsadida Davlat byudjetidan jami 15 trln. soʻm, shu jumladan maktabgacha taʼlim muassasalariga – 1,4 trln. soʻm, umumtaʼlim maktablariga – 5,6 trln. soʻm, sogʻliqni saqlash sohasiga – 3,7 trln soʻm, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, kompensatsiya toʻlovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga – 1,5 trln soʻm mablagʻlar ajratildi.

Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish borasida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda belgilangan chora –tadbirlarni amalga oshirish uchun “Inqirozga qarshi kurashish” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 344 mlrd. soʻm ajratilgan. Shuningdek, hisobot davrida iqtisodiyot xarajatlariga 2,7 trln. soʻm, Investitsiyalarni moliyalashtirish xarajatlariga 1,9 trln. soʻm miqdorda mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, ijobiy natijalar bilan bir qatorda byudjet mablagʻlarini maqsadli sarflanishi boʻyicha xato va kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. Xususan, hisobot davrida nazorat tadbirlari oʻtkazilgan 1 373 ta byudjet tashkilotlarining 1 096 tasida 39,9 mlrd. soʻm miqdorida moliyaviy xatoliklar, jumladan, 9 mlrd. soʻm miqdorida pul mablagʻlari va moddiy boyliklarni kamomadi va oʻzlashtirishlar hamda 30,9 mlrd. soʻm miqdorida noqonuniy xarajatlar aniqlangan.

Parlament quyi palatasi aʼzolari yigʻilishda ishtirok etgan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining eʼtiborini pandemiya sharoitida Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining daromad va xarajatlarini amalga oshirishda kelgusi choraklarda koʻzda tutilish lozim boʻlgan boshqa dolzarb vazifalarga ham qaratishdi. Xalq vakillari bu borada parlament nazoratini yana-da kuchaytirish maqsadga muvofiqligini taʼkidladilar.

Majlis yakuniga koʻra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror tavsiyalar bilan qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?