Davlat boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtgan davra suhbati “Koʻngil koʻzi” loyihasining taqdimotiga bagʻishlandi

19:50 18 Mart 2019 Jamiyat
295 0

Foto: Farrux Aliyev (AOKA).

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan “Koʻngil koʻzi” loyihasi taqdimotiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiylashuvi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilarni oʻquv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni hal etishda davlat organlari, jamoat birlashmalari hamda xalqaro tuzilmalarning saʼy harakatlarini birlashtirishni maqsadida oʻtkazilgan anjumanda diplomatik korpus, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari, vazirliklar, idoralar, imkoniyati cheklangan, jumladan, koʻrishda muammosi boʻlgan insonlar bilan ishlashga ixtisoslashtirilgan davlat va jamoatchilik tashkilotlari vakillari, shuningdek, koʻzi ojizlar maxsus maktab-internati oʻquvchilari, jurnalistlar qatnashdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Komiljon Allamjonov soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda nogironligi mavjud insonlarning ijtimoiy himoyasini kafolatlovchi qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini taʼkidlab oʻtdi. Imkoniyati cheklangan insonlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy moslashuvi va reabilitatsiyasiga koʻmak berishga qaratilgan davlat va jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Nogironligi mavjud insonlar uchun maxsus maktab-internatlari tashkil etilgan. Ulardan 12 tasida 3 ming nafardan ortiq koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar tahsil oladi. Bunday maktablarning faoliyat yuritishi nogironlarning tarbiyasi, umumtaʼlim va kasb-hunarga oʻrgatish, keyinchalik esa ularning ishga joylashishiga koʻmak beradi.

2017 yil 1 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining nogironlarga qulay hayotni taʼminlash uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishni, shuningdek, bir qator yangiliklarni nazarda tutuvchi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinishi nogironligi bor shaxslarning huquq va manfaatlari muhofazasini taʼminlashda muhim voqealardan biri boʻldi.

Farmon bilan nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot sifati va darajasini oshirish, ularning taʼlim olishi, maxsus kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirishni taʼminlashni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha 51 banddan iborat Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Muhim yangiliklardan biri sifatida 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda 2 foizli kvotalar kiritilganligini aytish mumkin. Bu esa ularning oliy maʼlumotga ega boʻlishini taʼminlab, jamiyatga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ushbu sohada olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 4151-son qaroriga muvofiq, “Koʻzi ojizlar bosmaxonasi” korxonasining matbaa uskunalarini modernizatsiya qilish, binolari va ishlab chiqarish xonalarini taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan “Koʻngil koʻzi” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Mazkur loyihadan koʻzlangan maqsad esa koʻrish imkoniyati cheklangan shaxslarga ijtimoiy sogʻlomlashishga koʻmak berish, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilarni, birinchi navbatda, bolalar va yoshlarni kerakli oʻquv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlashdan iborat.

Aytish kerakki, koʻrish qobiliyati bilan bogʻliq muammolari bor insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni oʻquv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlash, “Koʻzi ojizlar bosmaxonasi” korxonasining moddiy-texnikaviy holatini yaxshilash, xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, samarali faoliyat yuritishlari uchun ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish loyihaning asosiy vazifalaridandir.

Yaqin kelajakda Agentlik ushbu loyiha doirasida nafaqat barcha maxsus maktab-internatlarni zarur oʻquv kitoblari bilan taʼminlashni, balki oʻquv materiallarni tushunarli va oson koʻrinishda yetkazib bera oladigan “Oʻrgatuvchi adabiyot”, Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Jomiy kabi adiblarning mashhur asarlarini oʻzida jamlagan “Oʻzbek adabiyoti durdonalari” turkum audiokitoblarini nashr etishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, istiqbolda koʻrish borasida turli imkoniyatlarga ega insonlar hayotidan qiziqarli lavhalarni oʻz ichiga olgan “Oʻzgacha insonlar” toʻplamini chiqarish hamda koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar uchun muzeylarga ekskursiyalarni tashkil etish metodikasini hayotga tatbiq qilish, koʻrish qobiliyatida muammolari bor insonlar uchun sensorli (taktil) jugʻrofiya xaritalarini chiqarish moʻljallangan.

Taqdimot yakunida mavzu doirasida bahs va munozaralar boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar “Koʻngil koʻzi” loyihasini amalga oshirishda Agentlik bilan hamkorlik oʻrnatish borasida oʻz qiziqishlarini bildirishdi.

Navroʻz bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan maxsus maktab-internat oʻquvchilariga sovgʻalar topshirildi. Bolalarga audio-ertaklarni oʻzida jamlagan kolonkalar hamda Brayl shriftida chop etilgan oʻzbek ertaklari toʻplami taqdim etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?