Chirchiqda “Victoriy and Sport lifestyle Cup” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi

17:36 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
294 0

Chirchiq shahrida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi,Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamkorligida sportning badiiy gimnastika turi boʻyicha qizlar oʻrtasida “Victoriy and Sport lifestlyie Cup” xalqaro turniri oʻtkazildi.

Ushbu bellashuv chinakam doʻstlik va hamkorlik bayramiga aylanib ketdi. Chunki ushbu musobaqalarda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan gimnastikachi qizlar Rossiya, Hindiston, Estoniya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan 4-7 va undan katta yoshdagi 300 nafar nafosat gʻunchalari bilan bahslashdilar.

Musobaqalarda hamyurtlarimizdan Nikol Maksimova, Nozanin Baxshilloyeva, Osiyo Tojiyevalar hamda rossiyalik Liya Habibulina, qozogʻistonlik Risbek Ayganim singari sportchi qizlar oʻz mahoratlarini toʻliq namoyon eta olishdi. Ularning har bir harakati tomoshabinlar va mehmonlar tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi.

Sportning ushbu nafis turi boʻyicha ikki kun davom etgan bellashuvlardagi yakka dasturlarda oʻzbekistonlik Samina Fayzullayeva, Eʼzoza Abdullayeva, Alina Akmayeva, Viktoriya Turabekova, Dilrabo Boyxozorova, Diana Hakimova, Mushtariy Shonazarova, qozogʻistonlik Dayana Abdullayeva, Dominika Buxinskayalar birinchi oʻrinni egallashdi.

Ommaviy chiqishlarda Buxoro va Toshkent shahri qizlari gʻolib deb topildi. Ular musobaqa gʻolibligining birinchi shohsupasidan joy olishdi.

Bellashuv gʻoliblari va ularning murabbiylariga “Victoriy” kompaniyasi, “Sport lifestyle” sport klubi, Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashining diplomlari va esdalik sovgʻalari topshirildi. Eng yaxshi sportchi deya eʼtirof etilgan oʻn nafar gimnastikachi qizlarga maxsus sovgʻalar ulashildi.

Boʻlib oʻtgan musobaqalar yoshlarda sportga boʻlgan his tuygʻularini yanada shakllantirdi. Bunday tadbirlar musobaqa ishtirokchilari boʻlgan jajji qizaloqlarni ushbu nafis sanʼat turi rivoji yoʻlida tinimsiz izlanishlar sari yetaklaydi Ular yanada nufuzli bellashuvlarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, katta yutuqlarga erishishiga aminmiz.

Shodiyor Mutaharov,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?