Chingiz Aytmatov qissasi asosida suratga olinadigan filmda o‘zbek aktyorlari bosh rollarni ijro etadi

18:54 12 Iyun 2018 Madaniyat
658 0
Foto: Myday.uz

Qirg‘izistonning “Dan” prodyusserlik markazi “O‘zbekkino” milliy agentligi bilan hamkorlikda Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida “Dilbarim” nomli badiiy film suratga oladi.

“Dan” prodyusserlik markazi rahbari Perizat Jakipbekova ma’lum qilishicha, tasvirga tushirish ishlari joriy yil 20 iyundan boshlanadi. Bosh qahramonlar hisoblangan Ilyos va Boytemir rollarini o‘zbekistonlik aktyorlar Adiz Rajapov va Ulug‘bek Qodirov, Asal va Hadicha rollarini qirg‘izistonlik aktrisalar Madina Talipbek va Elina Abay qizi ijro etadi.

Suratga olish yo‘nalishi Toshkentdan Qamchiq dovoni hamda Namangan orqali Baliqchi(Qirg‘iziston)gacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga oladi. Film syujeti qissa asosida qurilgan bo‘lsa-da, voqealar bugungi kunda bo‘lib o‘tadi. Ssenariy muallifi Kerez Zaripov bo‘lsa, rejissyor Sarvar Karimovdir.

Kartina premyeraasi Chingiz Aytmatov tug‘ilgan 12 dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Film olish tashabbusi O‘zbekiston tomonidan bildirilgan. Qirg‘iz aktyorlariga gonorar “Dan” markazi tomonidan, o‘zbekistonlik ijodkorlarga esa “O‘zbekkino” tomonidan to‘lanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?