Byudjet va eksport tushumlari — ijtimoiy soha rivojining muhim manbai 

21:38 04 Aprel 2019 Siyosat
643 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan koʻrsatkichlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi chorakda mamlakatimiz boʻyicha byudjet tushumlari toʻliq bajarilib, oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 2 barobar koʻp ijro etilgan. Chorak yakuni boʻyicha mahalliy byudjet daromadlari rejaga nisbatan 1 trillion 253 milliard soʻm ortigʻi bilan bajarilib, hududlar ixtiyorida oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 1,5 barobar koʻp mablagʻ qoldi.

Mahalliy byudjetda qancha koʻp daromad boʻlsa, dolzarb boʻlgan ijtimoiy masalalarni shuncha tezkorlik bilan hal qilish mumkin, dedi davlatimiz rahbari. Qoʻshimcha mablagʻlar, jumladan, “Beshta tashabbus”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Ichimlik suvi”, “Har bir oila tadbirkor” kabi davlat dasturlarini joylarda tizimli amalga oshirish, xalqning daromadini koʻpaytirish va hayotini yaxshilash uchun zarur boʻladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu vazifani hamma rahbar ham birdek anglab yetmayotganini keskin tanqid qildi. Jumladan, byudjetga jami tushumlar prognozi 9 ta tuman va shaharda bajarilmagan.

Ayniqsa, Toshkent shahrining oʻn bitta tumanidan 7 tasida tumanida jami tushum prognozi bajarilmagan. Ushbu tumanlar soliq inspeksiyalari rahbarlari lavozimlaridan ozod etildi.

Shahar hokimligi va soliq idoralari rahbarlarini byudjetga tushumlarni taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Bunday holatlar boshqa viloyatlarda ham qayd etilgan. Shu sababli Davlat soliq qoʻmitasiga mahalliy byudjetga tushum prognozi bajarilmagan bir qator tuman va shahar soliq idoralar rahbarlarining lavozimiga loyiqligini tanqidiy koʻrib chiqish topshirildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy maqsadi soliq yukini teng taqsimlashdan iborat.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, soliq islohotlarini samarali amalga oshirish uchun hukumat oldida juda koʻp vazifalar turibdi.

Jumladan, joriy yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari soni qariyb 5 baravar oshgan.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari samarali tashkil etilmaganligi sababli ushbu tizimga yangi oʻtgan 26 mingta korxonadan 9 mingtasi tegishli soliq hisobotlarini topshira olmagan.

Vazirlar Mahkamasi va Davlat soliq qoʻmitasiga bir oy muddatda xalqaro ekspertlar bilan birga, Oʻzbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Byudjet tushumlarini taʼminlashdagi asosiy toʻsiqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlanib qolinayotganidir.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu boradagi ishlar natijalari mutlaqo qoniqarli emasligini taʼkidladi. Shu sababli bu borada qabul qilingan dasturiy choralarni jonlantirish topshirildi.

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsmanga, hokimliklar bilan birgalikda, faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish va ularga faoliyatini tiklashga koʻmak berish grafigini tasdiqlab, ijrosini taʼminlash topshirildi.

Koʻrinib turibdiki, joylarda hali ham mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish choralari koʻrilmayapti.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yuqorida taʼkidlab oʻtilgan muammolar oʻz vaqtida bartaraf qilinsa, yil oxiriga qadar byudjetga qoʻshimcha kamida 6 trillion soʻm tushishini taʼminlash mumkin.

Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 200 milliard soʻmdan, Qashqadaryoda 170 milliard soʻm, Andijonda 140 milliard soʻm, Qoraqalpogʻistonda 130 milliard, Fargʻonada 100 milliard, Samarqand va Namanganda 80 milliard soʻmdan, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda 60 milliard soʻmdan, jami qariyb 2 trillion soʻm byudjetga qoʻshimcha mablagʻ tushirish imkoniyati mavjud.

Shu bilan birga, yigʻilishda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar muhokama qilindi.

Bu borada ikkinchi chorakda oʻtgan chorakka nisbatan 1,1 milliard dollarga koʻp eksportni amalga oshirish vazifasi turganligi taʼkidlandi.

Jumladan, aprel — iyun oylarida hokimliklar birinchi chorakka nisbatan 3 barobar koʻp meva-sabzavot mahsulotlari eksportini taʼminlashi zarur, deb taʼkidladi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari bu borada ayrim soha va tarmoq mutasaddilar va hudud rahbarlarini mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani uchun keskin tanqid qildi.

Eksportbop mahsulotlar boʻyicha qanday ustunlik jihatlarimiz mavjud, qaysi hududda qanday mahsulot yetishtirish va qayerga eksport qilish boʻyicha qisqa muddatlarda amaliy takliflar ishlab chiqish topshirigʻi berildi.

Eksport qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish, tovarlar uchun nazorat idoralaridan ruxsat olishni soddalashtirish boʻyicha qator vazifalar turibdi. Misol uchun, mamlakatimizda eksport hujjatlarini rasmiylashtirish 96 soat vaqt olsa, xorijda bunga 12 soatu 20 daqiqa ketadi, xolos.

Eksport uchun ruxsatnomalar berishda “Yagona darcha” tizimi toʻliq ishga tushmagani oqibatida tadbirkorlar oʻz mahsulotini eksport qilishga ruxsat olish uchun kamida 10 ta idoraga borishi lozim.

Shu sababli Vazirlar Mahkamasiga eksport-import operatsiyalariga ruxsat beruvchi idoralarni jalb qilgan holda, tashqi faoliyat bilan bogʻliq davlat xizmatlarini qamrab oluvchi “Yagona darcha” tizimini joriy etish topshirildi.

Davlat bojxona qoʻmitasiga yalpi pishiqchilik davrida bojxona postlarining oʻtkazuvchanligini oshirish va tirbandlikka yoʻl qoʻymaslik uchun tegishli choralar koʻrish vazifasi yuklatildi.

Prezidentimiz eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari ijrosini toʻliq taʼminlash lozimligini alohida taʼkidladi.

Bu borada eksport bozorlarida mamlakatimiz oʻrnini mustahkamlash maqsadida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan Gʻallaorol, Zomin, Bulungʻur, Urgut, Qibray, Parkent, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida tashkil etilayotgan qishloq xoʻjaligi birlashmalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish zarur.

Shuningdek, “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasiga gilos, oʻrik, olcha kabi bozori chaqqon mevalarni xorijiy bozorlarga faol kirib borishini taʼminlash maqsadida, chet el karantin xizmatlari bilan oʻzaro muhokamalar oʻtkazib, bizning eksportchilarimiz uchun qulay sharoitlarni yaratish choralarini koʻrish topshirildi.

Transport-logistika xarajatlarining yuqoriligi mamlakat eksport salohiyatini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi. Ushbu masalaning yechimi yoʻlida birinchi qadam sifatida joriy yil fevral oyida mamlakatga import qilinadigan vagonlar bojxona bojlaridan ozod qilindi.

Bu borada Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yoʻl transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, “yagona darcha” tamoyili asosida soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish yuklandi.

Bundan tashqari, yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish boʻyicha taklif kiritishga topshiriq berildi.

Yigʻilishda har bir tarmoq va hudud rahbarining eksport tushumlari barqaror va oʻz vaqtida kelib tushishi uchun shaxsiy javobgarligi belgilab qoʻyildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?