Buyuk tarix koʻzgusi

18:01 28 Iyun 2019 Madaniyat
382 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15-iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida oʻtkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning beshinchi sammitida dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, maʼrifat va madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish taklifini berar ekan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buning uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilishini taʼkidlagan edi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish tashkiloti hamkorligida oʻtkazilgan “Oʻzbekistondagi qoʻlyozma fondlari: muhofaza qilish, kataloglashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminarni mazkur tashabbusning amaliy ifodasi, de­yish mumkin. Soha mutaxassislari, qoʻlyozma fondlari boʻyicha yetakchi ekspertlar, mashhur xattotlar ishtirok etgan anjumanda noyob qoʻlyozma va toshbosma asarlarni muhofaza qilish, kataloglashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama etildi.

Ashirbek MOʻMINOV,

Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish tashkiloti boʻlim boshligʻi (Qozogʻiston):

— Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida amalga oshirilayotgan gʻoyat muhim ahamiyatga ega ilmiy loyihalarda hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Bu yerda tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar jahon standartlaridan yuqori, desam, xato boʻlmaydi. Albatta, bu Oʻzbekistonda yosh tadqiqotchilar va mutaxassislarga katta eʼtibor qaratilayotganidan darak beradi.

Bugungi koʻrgazmadan maqsad hozir isteʼmoldan chiqib, yoʻqolib borayotgan xattotlik sanʼatini yanada jonlantirishdir. Biz bir necha yillardan beri bu yoʻnalishda musobaqalar oʻtkazib kelamiz. Ularda dunyo miqyosida xattotlar qatnashadilar. Islom madaniyati markazlaridan biri — Samarqandda xalq­aro islom xattotligi koʻrgazmasini tashkil qilganimizdan benihoya xursandmiz. Bu yerdan oʻrin olgan xattotlik namunalari turli ­musobaqalarda gʻolib boʻlgan asarlardir.

Islom hamkorlik tashkilotiga 56 mamlakat aʼzo. Avvallari tashkilot faoliyatida Shimoliy Afrika, arab mamlakatlari, Eron va bosh­qa davlatlar faol harakat qilar edi. Hozir Markaziy Osiyo respublikalarining harakatlari sezilarli darajada oshdi. Mintaqa mamlakatlarida muhim oʻzgarishlar roʻy ­beryapti, madaniy yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Soʻnggi ikki yilda ­islom olamiga Oʻzbekistonning katta kuch bilan qayta qadam qoʻyganiga guvoh boʻlyapmiz. Umid qilamizki, kelajakda oʻzaro hamkorligimiz yanada rivojlanadi.

Xalit EREN,

Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish tashkiloti (IRSIKA) Bosh direktori (Turkiya):

— Oʻzbekistonda ­Prezident Shavkat ­Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlarni, islom dini taʼlimotini chuqur oʻrganish, ilm va tamaddun gʻoyalarini tar­gʻib etish boʻyicha nufuzli xalqaro tashkilotlarda ilgari surayotgan tashabbuslarini biz juda katta qiziqish va mamnuniyat bilan ­kuzatib bormoqdamiz. ­IRSIKAning asosiy vazifasi ham butun dunyoda ­islom tarixi, sanʼati va madaniyatini keng tar­gʻib etishdan iborat. Shu jihatdan qaraganda, mazkur yoʻnalishdagi faoliyatimiz, gʻoya va tashabbuslarimiz oʻzaro hamohang­dir. Buning uchun Oʻzbekiston Prezidenti­ Shavkat Mirziyoyevga oʻz minnatdorligimizni bildirishni istardim.

Qisqa muddatda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tad­qiqot markazining islomiy merosni oʻrganish boʻyicha yirik ilmiy, madaniy muassasaga aylanishini, ochigʻi, kutmagan edik. Bu, albatta, muhtaram Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari samarasidir.

Mazkur tadbirdan maqsad — islom diniga oid nodir manbalarni bezavol asrash, qoʻlyozmalarning toʻgʻri saqlanishini tashkil etish boʻyicha oʻzaro tajriba almashishdan iborat. Shuningdek, tobora kamyob boʻlib borayotgan xattotlik sanʼatiga eʼtibor qaratish, soha vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Kelajakda hamkorlikda xattotlar uchun mahorat darslarini tashkil qilishni rejalashtirganmiz.

Habibillo SOLIH,

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi, xattot:

— Ajdodlarimiz ilm-maʼrifat mashʼalalarini olam ahliga maʼnaviy meros qilib qoldirganlar. Bugungi kunda ularni chuqur tadqiq qilishga davlat siyosati darajasida katta eʼtibor qaratilayotgani barchamizni birdek quvontirmoqda. IRSIKA tash­kiloti qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq etish boʻyicha uzoq yillik tajribaga ega. Ajdodlarimizning yozma meroslari, kitobat sanʼati butun olamga maʼlum va mashhur.

Dunyo qoʻlyozma fondlarini toʻldirib turgan asarlarimiz nusxalari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizga qaytib kelmoqda. Ularni tarjima qilish, xalqimizga yetkazish ishlari ham boshlab yuborildi.

Taʼkidlash kerakki, ulugʻ ajdodlarimiz amal qilgan “Ustoz — shogird” anʼanalari tufayligina mumtoz yozuv sanʼati bizgacha yetib kelgan.

Bu kabi xalqaro seminarlar orqali mamlakatimizning malakali xattotlari tomonidan ishlangan asarlarni keng ommaga, xalqaro mutaxassislarga tanishtirish imkoniyatiga ega boʻlmoqdamiz. Anjuman ajdodlarimizning boy ilmiy salohiyati, noyob iqtidori sahroga tomgan suv kabi yoʻqlikka yuz tutmagani, balki noyob qoʻlyozmalar, betakror yozuv madaniyati, xattotlik sanʼati orqali hanuz yurtdoshlarimiz, olim va tadqiqotchilarimiz ruhiyatida yashab kelayotgani, bu iqtidor va salohiyat Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi singari ilmiy muassasalar orqali yuzaga chiqayotganini koʻrsatmoqda.

Shovosil ZIYODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori:

— Bugungi kunda respublikamizning turli ilmiy-tadqiqot markazlari, qoʻlyozma fondlari, muzey va kutubxonalarida 100 mingga yaqin nodir qoʻlyozmalar saqlanmoqda. Ular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimizning nodir asarlari mavjud. Markazimiz ushbu manbalarni tadqiq qilish va xalqimizga yetkazish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Mazkur yoʻnalishda jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, muzey va kutubxonalari bilan hamkorlik qilyapmiz.

Ushbu xalqaro seminarda qoʻlyozmalarni saqlash va ­tadqiq etish boʻyicha ilgʻor tajribalarni muhokama qildik. Soha mutaxassislari oldida turgan muhim vazifalardan biri nodir manbalarga shikast yetishining oldini olish, qoʻlyozmalarni kataloglashtirish, ularni yuqori sifatdagi raqamli formatga oʻtkazish choralarini koʻrishdan iborat.

Ayni vaqtda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan allomalarimiz asarlarini nafaqat tarjima qilish, balki ana shu nodir manbalarni aholi turli yosh toifalariga mos, ularning psixologik holati, bilim saviyasini inobatga olgan holda nashr etish boʻyicha ish olib bormoqdamiz. Shu yoʻl bilan qadimiy qoʻlyozmalarga yangi hayot baxsh etish, umrini uzaytirish, ushbu asarlarning odamlarimiz kitob javonlariga kirib borishiga ­erishamiz.

Omonulla FAYZIYEV, (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?