Buyuk Britaniya Bosh vaziri isteʼfoga chiqishini maʼlum qildi

15:20 24 May 2019 Dunyo
542 0

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey 7-iyun kuni konservativ partiya rahbarligidan ketishini eʼlon qildi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.

Qayd qilinishicha, Meyni isteʼfoga chiqishga u taqdim qilgan “Brekzit” boʻyicha YEI bilan kelishuvdan norozi boʻlgan partiyadoshlari, xususan Vazirlar Mahkamasi aʼzolari majbur qilishdi. Bu esa Tereza Mey mamlakat bosh vazirligidan ham ketishi kerakligini bildiradi.

Mey xonim uning Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish boʻyicha taklif etgan rejalari qoʻllab-quvvatlanmaganidan afsusdaligini bildirgan.

Dauning-stritdagi ehtirosli chiqishi vaqtida Mey xonim “Brekzit” tarafdorlari gʻalabasi bilan yakunlangan 2016-yilgi referendum natijalari boʻyicha ishlarni yakunlash uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qilganini maʼlum. U nutqini yakunlashga ulgurmasdan yigʻlab yuborgan.

Keyingi vaqtlarda Tereza Mey “Brekzit” jarayonini hal qila olmagani uchun hatto oʻzi yetakchisi boʻlgan Konservativlar partiyasi tomonidan ham tanqidlarga uchrayotgandi.

Bi-bi-si maʼlumotiga koʻra, Mey xonim konservatorlar partiyaning yangi rahbarini tanlashmagunicha oʻz lavozimini bajarishda davom etadi.

21-may kuni Mey parlamentga “Brekzit” boʻyicha yangi qonun loyihasini taqdim etgandi, unga koʻra qayta referendum oʻtkazilishi koʻzda tutilgandi. Deputatlarning koʻpchiligi bu loyihani maʼqullamadi.

Mey isteʼfoga chiqishi haqida 23-may kuni The Times nashri anons bergandi. Gazeta isteʼfoning sabablaridan biri sifatida hukumat YEIdan chiqish boʻyicha kelishuvning yangi variantini qoʻllab-quvvatlamaganini keltirgandi, ammo Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jerem Hant Mey xonim yaqin vaqtlar ichida isteʼfoga chiqmasligini bildirgandi. Parlament Mey xonimning Brekzit boʻyicha yangi taklifini ham rad etgan.

2018-yilning 15-noyabrida Buyuk Britaniya Vazirlar Mahkamasi YEIni tark etish boʻyicha kelishuvni qabul qilgandi. 2019-yil 11-aprelida YEI va Buyuk Britaniya “Brekzit”ni 2019-yilning 31-oktyabriga qoldirishga kelishgan, Mey bu taklifni qabul qilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?