Bundan buyon Oʻzbekiston telekanallarida xorijiy seriallar kuniga bittadan koʻrsatila boshlaydi

15:53 05 Avgust 2019 Jamiyat
710 0

Bundan buyon Oʻzbekiston telekanallarida xorijiy seriallar kuniga bittadan koʻrsatila boshlaydi. Bu orqali mahalliy telekanallarda milliy seriallarni koʻpaytirish koʻzda tutilgan. Chet el seriallari namoyishi kamayishi bilan ular oʻrnida boʻshliq paydo boʻlishi mumkin. Lekin oʻzbek kinosanoati boʻshliqni toʻldirishga qodirmi?

Bir asrdan koʻproq vaqt oldin ixtiro qilingan kino bugungi kunda hayotimizga kirib keldi va jamiyatimizda mustahkam oʻrin egalladi. Bolaligidan yaxshi kino odamlarni fikrlashga va yaratishga, yaxshini yomondan ajratishga, yangi qiziqarli faktlarni oʻrganishga va shunchaki hayotdan zavqlanishga oʻrgatadi. Insonning ijodiy faoliyatida kinoning oʻrni beqiyosdir.

Soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston televideniyesidagi seriallar mavzusi jiddiy muhokama qilinmoqda. Kimdir telekanallarimizda chet el seriallarining haddan tashqari ustunligi haqida gapirsa, boshqalari mahalliy seriallarning bachkana va saviyasi pastligi, sifati, boshqalari serialda ilgari surilgan qadriyatlar, milliy urf-odatlar va mentalitetning nomuvofiqligi va yosh avlodga ularning buzuvchi taʼsirini qayd etishdi.

Aholi soʻrovnomada qatnashdi

Yaqinda TOGRI.UZ yangiliklar sayti aholi oʻrtasida kichik soʻrov oʻtkazdi. Unda respondentlarga mahalliy telekanallardagi seriallarga munosabati toʻgʻrisida bir nechta savol berildi. Aksar yurtdoshlarimiz xorij seriallari yoshlar ongini zaharlaydi desa, ayrimlari koʻramiz, faqat oila aʼzolarimiz bilan emas, deya javob berdi. Koʻp yurdoshlarimiz esa, bizning milliy seriallarga ehtiyojimiz borligini, agar berilsa, oʻzbek seriallarini tomosha qilgan boʻlishlarini aytishgan. Bu togri.uzʻning bir kunlik soʻrov natijalari.

Oʻzbek filmlari oʻrnida xorijniki

Endi bir haqli savol tugʻilmoqda. Nima uchun Oʻzbekistondagi telekanallar boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan seriallarni sotib olib qoʻyishadi? Agar deyarli barcha koʻngilochar kanallarning teledasturlarini tomosha qilsangiz, ularning efir tarmoqlarida kuniga kamida 4-5 ta serial berilsa, shundan bittasigina mahalliy serial boʻlishi mumkin.

Axir Oʻzbekistonda ham qanchadan-qancha tajribali rejissyorlar, operatorlar, aktyor va aktrisalar bor. Nima, ularning saviyasi va bilim darajasi yaxshi film yoki serial olishga, unda rol ijrol etishga yetmaydimi? Yoki telekanalarimiz osonligicha va ortiqcha bosh qotirmasdan chet eldan turli xil serialar sotib olib, oʻz kanallarida aylantirishni afzal koʻrishadimi? Ularda milliy kinematografiyani sifatli kinolar olib teletomoshabin hukmiga yetkazish orqali rivojlantirishga qiziqish yoʻqmi?

Oʻzbek seriallari bor. Lekin saviyasi past

Toʻgʻri, Oʻzbekistonda ham oz boʻlsada teleseriallar olinmoqda. Lekin xozirgi vaqtda ular na soni, na sifati bilan xalqimiz orasidagi talabni qondirolmaydi. Ularning aksariyatida aktyorning isteʼdodi yoʻqligi, voqealar davomiyligining bogʻlanmasligi, sayoz yozilgan ssenariy, soʻzlarni ishlatishdagi xatolar va boshqalarni koʻrish mumkin. Balki bunaqa serial ishlaydigan rejissyor va kinokompaniya hali shakllanmagandir.

Hukumat sifatsiz filmlarga jim qaramadi

Shuni ham taʼkidlash kerakki, telekanallarimizdagi seriallar va ularning ijtimoiy hayotga taʼsiri haqidagi savollar hukumat eʼtiboridan chetda qolmadi. Shunday qilib, bir necha oy oldin Bosh vazir Abdulla Aripov “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmonining ijrosiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida xorij serialini tanqid qilgan. Soʻngra, xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallarning mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratish boʻyicha mutasaddilarga zarur koʻrsatmalar bergan. Shunga qaramay hamon TVlarda xorij seriallari bir kanalda bir nechtasi ketma-ket namoyish etilmoqda. Bu holat nega haligacha davom etib kelmoqda? Yoki TV kanallar oʻzlari kuchli biror filmni yoki serialni buyurtma asosida yoki oʻz mablagʻlar hisobiga ololmaydimi?

Xorij seriallari soni keskin kamayadi

Togri.uz manbasining aytishicha, yaqinda mahalliy telekanallardagi xorijiy seriallar sonini kuniga bittadan koʻrsatishga keskin cheklov qabul qilinadi.

Xususiy sektor ishlariga maʼmuriy aralashuv, shubhasiz, vaziyatni hal qilish va kino sanoatini rivojlantirish uchun eng yaxshi variant emas. Ammo hozirgi paytda ushbu vosita ijobiy taʼsir koʻrsatishi va mahalliy kinoni rivojlantirish uchun boshlangʻich va katalizator boʻlib xizmat qiladi. Yuqori sifatli badiiy filmlar va seriallar yaratilib, ular tomoshabinning hukmiga taqdim etiladi.

Shu nuqtayi nazardan yana bir savol tugʻiladi. Chet el seriallari kamayishi telekanallardagi boʻshliqni mahalliy seriallar orqali toʻldirishni talab etadi. Lekin oʻzbek kinobozorida sifatli serial chiqarish uchun imkoniyatlar bormi?

Agar bor boʻlsa, qani kim yoki qaysi telekanal birinchi boʻlib shunday seriallarni chiqara oladi?

Qaysi telekanallar bozorning yangi talablariga moslasha oladi va chet elda koʻrsatuvlarni sotib olishning avvalgi oddiy sxemasidan yuqori sifatli mahalliy filmlar va televizion shoularni yaratishga oʻtishadi?

Nima boʻlgan taqdirda ham oʻzbek seriallarni koʻpayishi, ular yuqori sifatda yaratilishi milliy kino sanʼatning yuksalishiga olib keladi. Kanallar orasida teletomoshabinlarni ishonchini qozonish maqsadida raqobat kuchayadi va oxir-oqibat ular oʻrtasidagi bu raqobatdan faqat tomoshabinlar foyda koʻradi.

Kim zoʻrligini kuzatamiz

Kutamiz, kuzatamiz va UMID qilamiz. Xalq dardini, muammosini koʻrsata oladigan va jamiyatimizdagi insoniy qadriyatlarni namoyish eta oladigan sifatli milliy seriallar yaratilishiga tamal toshini eng avval qaysi kanal yoki kanallar qoʻya oladi? Biz esa tomoshabinlar juda bir qiziq jarayonlar va voqealar guvohiga aylanishimiz va kim nimaga qodirligini koʻrishimiz mumkin.

Latofat Boʻriyeva
Togri.uz


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?