Buxorolik yongʻin oʻchiruvchilar – Oʻzbekiston chempioni

17:52 14 Avgust 2019 Jamiyat
180 0

Navoiy shahrida Navoiy kon-metallurgiya kombinati Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi mezbonligida Yongʻin oʻchirish amaliy sporti boʻyicha Oʻzbekiston Ochiq chempionati boʻlib oʻtdi.

Dastlab “Yoshlar markazi”da chempionatning qura tashlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unga koʻra, musobaqa ishtirokchilari sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Yongʻin xavfsizligi boshqarmalarining terma jamoalari aniqlandi. Jamoalar ishgʻol qilish narvonida oʻquv minoraning 4-qavatiga koʻtarilish, 4x100 metrli yongʻin oʻchiruvchilar estafetasi, 100 metrga toʻsiqlar osha yugurish va yongʻin oʻchirish avtomobili orqali jangovor yoyilish shartlari boʻyicha oʻzaro kuch sinashishdi.

NKMK Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi hududida chempionatning 1-turi – ishgʻol qilish narvonida oʻquv minoraning 4-qavatiga koʻtarilish sharti oʻtkazildi. Hakamlar tomonidan baholanib, qizgʻin va murosasiz davom etgan bellashuvda Qashqadaryo terma jamoasi 1-oʻrin, Navoiy terma jamoasi 2-oʻrin, Qoraqalpogʻiston Respublikasi terma jamoasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

Bundan tashqari terma jamoalar yongʻin oʻchirish avtomobili orqali jangovor yoyilish yoʻnalishida oʻzaro bahslashdilar.

Hakamlar xulosasiga koʻra, bu yoʻnalishda Toshkent shahri terma jamoasi birinchi, Namangan terma jamoasi ikkinchi va NKMK Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi terma jamoasi uchinchi oʻrinni egalladi.

Mamlakatimiz birinchiligining uchinchi kuni yaʼni, 10-avgust kuni ishtirokchilar 100 metrga toʻsiqlar osha yugurish sharti boʻyicha oʻzaro belashdilar. Unga koʻra, Andijon terma jamoasi 1-oʻringa, Buxoro terma jamoasi 2-oʻringa va NKMK Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi terma jamoasi 3-oʻringa sazovor boʻlishdi.

Barcha shartlarning yakuniy natijalariga koʻra, Buxoroliklar Oʻzbekiston chempioni, degan sharafli nomga sazovor boʻlishdi. Qashqadaryolik va Navoiylik jamoalar keyingi oʻrinlarga loyiq topildi.

Gʻolib va sovrindorlarga diplom, medal va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?