Buxorodagi qadimiy karvonsaroy oʻrnida restoran ochiladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Violen de Vilmor Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov bilan uchrashuv paytida Buxorodagi qadimiy “Ayoz” karvonsaroyida restoran ochilishi yuzasidan xavotir bildirgani toʻgʻrisida xabarlar paydo boʻldi.
Gap shundaki, bu obida Fransiyaning “Karvonsaroylar” notijorat assotsiatsiyasi tomonidan taʼmirlangan. Elchining fikricha, restoran ochish boʻyicha boshlangan ishlar tarixiy obidaga tuzatib boʻlmas zarar yetkazishi mumkin.
Taʼkidlash joizki, yurtimiz, jumladan Buxorodagi yodgorliklar taqdiriga xorijliklar befarq emas. Shunisi kishini quvontiradi. Ammo elchining xavotirlanishida asos bormi? Chindan ham qadimiy karvonsaroyda restoran ochiladimi? “Xalq soʻzi” muxbiri Istam Ibrohimov masalaga oydinlik kiritish maqsadida Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Olimjon Joʻrayevga uchrashdi. Oʻz navbatida O. Joʻrayev quyidagi maʼlumotni taqdim etdi:
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish mintaqalararo davlat inspeksiyasi tomonidan Buxoro viloyatida 660 ta moddiy-madaniy meros obyekti roʻyxatga olingan.
Shundan, 231 tasi arxeologiya obyekti, 364 tasi arxitektura yodgorligi, 19 tasi monumental sanʼat asari, 22 tasi arxitektura ansambli va 24 tasi diqqatga sazovor joylardir.
Ularni asl holicha saqlash, qadimiy meʼmorchilik talablariga mos ravishda taʼmirlash borasida muntazam ish olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda viloyatdagi moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash va restavratsiya ishlari uchun jami 10 milliard 700 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
Buxoro viloyati hokimi Oʻ. Barnoyevning 22-iyul kuni Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Violen de Vilmor bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida ham ayni shu masalalar xususida soʻz bordi.
Muloqot davomida elchining Buxoro shahri tarixiy qismida joylashgan, Fransiyaning “Karvonsaroylar” notijorat assotsiatsiyasi tomonidan taʼmirlangan toʻrt karvonsaroy, jumladan, “Ayoz” da “restoran ochilishi” xususidagi xavotirlariga oydinlik kiritildi.
Oʻzaro anglashuv va samimiy muloqot tarzida kechgan uchrashuv chogʻida viloyat hokimi bundan 20 yil oldin taʼmirlangan mazkur karvonsaroylar oʻz holicha saqlanayotganligini, bu yerda restoran ochish rejasi mavjud emasligini, aksincha, bugungi kunda ishlamay turgan bu obyektlarning asl koʻrinishini saqlab qolgan holda ularda sayyohlar tashrif buyurishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish boʻyicha ish olib borilayotganligini maʼlum qildi.
Bugungi kunda davlat tasarrufida va muhofazasida boʻlgan bu obyektlar boʻyicha hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq. Shunga amin boʻlgan Violen de Vilmor xonim Fransiyaning madaniy-tarixiy obidalarni saqlab qolish va taʼmirlash boʻyicha tajribasini oʻrtoqlashishga hamda Versal universiteti yetakchi mutaxassislari ishtirokida seminar-treninglar tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ko‘p o‘qilganlar
- Erkinjon Turdimov: “Bugun biz xalqimizni tinglashni oʻrganishimiz kerak. Xalqimizning dardiga quloq tutishimiz kerak”
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida
- Mushtariylar uchun ajoyib yangilik!
- Fargʻonada benzinning narxi oʻn ming soʻmga chiqib ketdi. Savdo faqat naqd pulda amalga oshirilmoqda
- 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida
- Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida
Muhokama qilingan
- Moliya vaziri: “Oldin AQSH dollarini 4000 soʻmdan ham ololmaganmiz, Oloy bozoridagi qora bozordan 8000-8500 ming soʻmdan olganmiz”
- Qoʻyliq bozoridagi yongʻin boʻyicha rasmiy maʼlumot berildi
- Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi
- Fargʻonadagi mahallada fuqarolar qurt bosgan suv isteʼmol qilmoqda
- 2 nafar IIV xodimi 500 dollar pora bilan qoʻlga tushdi
Afisha
Yuqoridagi suratda buning uchun nima qilish lozimligini tomosha qilishingiz mumkin.
09 Dekabr 2019
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring: