Buxorodagi Prezident maktabi: u ekologik toza qurilish materiallaridan barpo etilmoqda

15:26 21 May 2020 Jamiyat
152 0

Buxoro shahrida Prezident maktabi qurilishi qizgʻin davom etmoqda. U mamlakatimiz rahbarining shu yil 10-yanvardagi “2020 – 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida qurilyapti. Obyektda pudratchi tashkilot —“Orient hoyse invest story” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 450 nafar ishchi – xodimi karantin qoidalariga amal qilgan holda ishlamoqda. Ularning ovqatlanishi uchun ajratilgan tamaddixonalarda ham, olisdan kelib ishlovchilar uchun ajratilgan turarjoylarda ham oraliq masofani saqlash, kiyimlarni dezinfeksiyalash kabi talablarga qatʼiy amal qilinyapti.

— 168 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan mazkur maktabning bir va ikkinchi qavati oʻquv blokidan iborat,- deydi jamiyat dizayner-muhandisi Ilhomjon Muhammedov. — Uning orqa tomonida uch qavatli yotoqxona, oshxona, shuningdek, maxsus sport maydoni, sport zali,15 kishiga moʻljallangan mehmonxona qad rostladi.35 ta avtoulovga moʻljallangan avtoturar joy barpo qilinyapti.Ushbu zamonaviy maktab ekologik toza qurilish materiallari bilan bunyod etilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman.

Darhaqiqat, bu yerda Buxoro shaharsozligida ilk bor qoʻllanilayotgan kamyob texnologiyalar, qurilish materiallarini koʻrish mumkin. Masalan, bino fasad qismiga Turkiyada ishlab chiqarilgan seramid qoplamalari bilan zeb berilyapti. Mutaxassislarning bildirishicha, bu qoplama 50 daraja sovuqda ham, issiqda ham oʻz xususiyatini yoʻqotmaydi. Inshoot ichki qismi devori esa maxsus HPL materiali bilan qoplanyapti.

— Bu qoplama oʻtda yonmaydi yaʼni xavfsiz, qirilmaydi, yaʼni tashqi taʼsirga chidamli ekologik toza qurilish materiali sanaladi, — deydi asli jizzaxlik boʻlgan payvandlovchi Rustam Berdiqulov. — Tabiiyki, ularni oʻrnatish kishidan maʼlum bir koʻnikma talab qiladi.Bizda bunday tajriba yetarli. Toshkent shahrida bunyod etilgan xuddi shunday maktab qurilishida ishlab, kasb mahoratimizni oshirganmiz. Biz azal – azaldan ilmu maʼrifat beshigi boʻlib kelgan Buxoroi sharifda shunday taʼlim maskanini barpo etishda oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan mamnunmiz.

Bu yerdagi yangicha yondashuvlardan yana biri bino yoʻlaklari, xususan, sport zali pol qismining antibakterial qurilish materiali bilan qoplanayotganidir. Bu turli viruslar tarqalishiga toʻsiq vazifasini oʻtaydi. Bugina emas, sportsevar oʻgʻil-qizlarning mashgʻulotlar chogʻida jarohat olishlari ehtimolini keskin kamaytiradi. Bilim dargohi isitish tizimi esa Turkiya texnologiyasi asosida shu davlat mutaxassislari ishtirokida oʻrnatilyapti. Binokorlar zamonaviy, shinam, eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan bilim dargohini yangi oʻquv yili arafasida foydalanishga topshirishni moʻljallashmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezident maktabida iqtidorli, intiluvchan oʻgʻil – qizlarimizning zamonaviy bilimlarni chuqur egallashlari, kelajakda yurt ravnaqi yoʻlida kuch – gʻayrati, shijoatini ayamaydigan fidoyi farzandlar boʻlib yetishishlari uchun barcha shart – sharoitlar muhayyo qilinyapti.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?