Buxoroda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari soni 2 205 taga koʻpayib, 4 640 taga yetadi

16:32 11 Iyul 2019 Iqtisodiyot
201 0

Qariyb bir yil muqaddam, 2018-yil 29-iyunda “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilingan edi.

Mazkur konsepsiya amalda tatbiq etilishi natijasida birgina Buxoro viloyatida joriy yilning birinchi yarmida davlat byudjetiga 2 trillion 129 milliard soʻm yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobar koʻp mablagʻ tushdi. Prognoz 13 foiz ortigʻi bilan bajarilgani hisobiga, mahalliy byudjet ixtiyorida qoʻshimcha 221 milliard soʻm mablagʻ qoldirildi. Jismoniy shaxslarning daromad soligʻi va ijtimoiy toʻlovlar stavkasi keskin kamaytirilgani natijasida 33 ming 200 dan ziyod yashirin ish oʻrinlari legallashtirildi.

Taʼkidlash lozimki, Prezidentimiz tomonidan joriy yil 27-iyunda imzolangan “Soliq va bojxona imtiyozlarini berilishini yanada tartibga solish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5755-sonli farmoni ham mamlakatimiz investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilashga, adolatli raqobat muhitini yaratishga qaratilgan eng muhim hujjatlardan biri boʻldi.Qisqacha aytganda,bu yangi soliq islohotlarining oʻta muhim ikkinchi bosqichidir.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur farmon qabul qilingandan soʻng viloyatda mavjud 2 054 ta qoʻshilgan qiymat soliq toʻlovchilari soni 2 205 taga koʻpayib, 4 640 taga yetishi va buning natijasida yil oxiriga qadar qoʻshimcha 72,6 mlrd.soʻm QQS (qoʻshilgan qiymat soligʻi) qoʻshimcha undirilishi kutilmoqda.

Kezi kelganda aytib oʻtish kerak, mazkur Farmonga muvofiq, shu paytgacha qoʻllanilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab bekor qilinadi. Bundan asosiy maqsad – ichki bozorda barcha tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratish, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishdir.

Viloyatda ushbu oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga chuqur tushuntirish boʻyicha tuzilgan Ishchi guruhi joylarda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadigan tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklari bilan uchrashib, ularga soliq majburiyatini toʻliq bajarishda hamda ularning buxgalteriyasini yuritishga amaliy yordam berishni boshlab yubordilar. Albatta bu borada ularning manfaatlarini himoya qilish ham eʼtibordan chetda qolmayapti.

Farmonga muvofiq, 2019-yil 1-avgustdan boshlab:

-Yagona yer soligʻi toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtishi mumkin.

Hozirda viloyatda ixtiyoriy ravishda QQS toʻlashga oʻtishi mumkin boʻlgan fermer xoʻjaliklar soni 3055 tani tashkil etadi.

Maʼlumot uchun. Buxoro tumani misolida koʻradigan boʻlsak, tumanda 1145 ta fermer xoʻjaligi mavjud.

Viloyat davlat soliq idoralari xodimlari ushbu fermer xoʻjaliklari rahbarlari va buxgalterlari bilan ularning ish joyiga borgan holda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtishning tartibi va afzalliklarini tushuntirmoqdalar.

Ushbu yangiliklarni barcha aholi qatlamiga yetkazish, xususan mamlakatimizda islohotlarni aholiga toʻliq yetkazish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-iyul kuni birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoroda viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev hamda barcha sektor rahbarlari ishtirokida joylarda aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Yaqinda Ishchi guruhi tomonidan Vobkent, Shofirkon va Gʻijduvon tumanlarida fermerlar, tadbirkorlik subyektlari va tuman aholisi bilan ana shunday uchrashuv tashkil etildi.

Ushbu muloqotlarda soliq islohotlaridagi yangiliklar va energiya resurslari tariflari oʻzgarishining mazmun-mohiyatini tushuntirildi. Tadbirda tarif islohotlari xalqqa yengil boʻlishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Yangiliklardan yana biri yil davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtadi.

Viloyatda tushumi 100 mln.soʻmdan bir milliard soʻmgacha boʻlgan 61 nafar telekommunikatsiya operatorlari (provayderlari) 25% yagona soliq toʻlovi toʻlashga oʻtadi va 1,1 mlrd.soʻm mablagʻ korxona ixtiyoriga qolmoqda.(ilgari ular oborotdan 4% stavkada yagona soliq toʻlovi toʻlar edi). Eʼtiborlisi, yangi tartib bilan telekommunikatsiya operatorlari (provayderlari) ixtiyorida qoʻshimcha mablagʻlar qoladi.

Misol uchun: Yakka tartibdagi tadbirkor Haydarova Lola 2019-yil 1 chorak davomida 173,7 mln.soʻmlik toʻlovlarni abonentlardan qabul qilib, UZPAYNETgakoʻchirib bergan. Buning evaziga, shartnomaga muvofiq 2,5% miqdorida 4,3 mln.soʻm xizmat haqi olgan. Farmon qabul qilinmasdan oldin ushbu tadbirkor 173,7 mln.soʻm 4% yoki 6,9 mln.soʻm (2,6 mln.soʻm zarar) yagona soliq toʻlovi toʻlashga majbur edi.

Endilikda, 4,3 mln.soʻm mukofot summasidan 1,1 mln.soʻm yagona soliq toʻlovi toʻlaydi va korxona ixtiyorida 5,8 mln.soʻm mablagʻ qoladi.

Farmonga muvofiq 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab,

- Benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yoqilgʻi quyish stansiyalari orqali oxirgi isteʼmolchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qatʼiy nazar, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi.

Viloyatda yagona soliq toʻlovi toʻlab kelayotgan 100 ta AYOQSH(tovar oboroti 6,7 mlrd.soʻm) 1-oktyabrdan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashga oʻtishi natijasida 500 mln.soʻmga yaqin qoʻshimcha QQS (qoʻshilgan qiymat soligʻi) tushishi kutilmoqda.

Shu oʻrinda agar barcha yoqilgʻi quyish shoxobchalari QQS (qoʻshilgan qiymat soligʻi) toʻlashga oʻtsa QQS (qoʻshilgan qiymat soligʻi) tovar narxini ichida boʻlganligi uchun benzin narxini oshishiga olib kelmaydimi, degan haqli savol yuzaga kelishi tabiiy.

Keling ushbu jarayonni “Timur Iskandariy” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi misolida koʻradigan boʻlsak, jamiyat 2019-yilning yanvar-mart oylari davomida 36640 litr benzinni isteʼmolchilarga sotgan va realizatsiya miqdori 146,5 mln.soʻmni, aksiz soligʻi 10,4 mln.soʻmni, mahsulot tannarxi 122,6 mln.soʻmni, savdo ustamasi 13,5 mln.soʻmni, yagona soliq toʻlovi 5,5 mln.soʻmni, sof foydasi 7,9 mln.soʻmni tashkil qilgan.

Mazkur AYOQSH qoʻshilgan qiymat soligʻiga oʻtgandan soʻng, mazkur oborot uchun aksiz soligʻi 10,4 mln.soʻmni (oʻzgarmagan), mahsulot tannarxi 102,1 mln.soʻmni, savdo ustamasi 11,2 mln soʻmni, qoʻshilgan qiymat soligʻi 3,6 mln.soʻmni tashkil qilgan holda, sof foydasi 9,8 mln.soʻmni tashkil qiladi.

Yuqoridagi misoldan koʻrish mumkinki, savdo ustamasi kamaygan boʻlsada, soliqlar miqdori 1 chorak uchun 1,9 mln.soʻmga kamayib, sof foyda miqdori 1,9 mln.soʻmga oshganligini koʻrish mumkin.

Shuningdek, tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qatʼi nazar, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida hisobga turishi shart.

Qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlaqonli zanjirini yaratish va barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni taʼminlash maqsadida:

- 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

- 2019-yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard soʻmdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega boʻlgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlariga ega boʻlgan yagona yer soligʻi toʻlovchilari qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishlari shartligi belgilandi.

Viloyatda ushbu oʻzgarishlarni aholi va tadbirkorlarga chuqur tushuntirish maqsadida davlat soliq boshqarmasi rahbariyati tomonidan viloyat televideniyesi orqali “Ochiq muloqot”lar tashkil etilib, toʻgʻridan-toʻgʻri soliq toʻlovchilarning mazkur yoʻnalishdagi muammo va kamchiliklarini bartaraf etishga ham eʼtibor qaratilmoqda.

Sherzod Ashurov, Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?