Buxoroda ichimlik suvi muammosi bartaraf etiladi

20:01 16 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
244 0

Statistik maʼlumotlarga nazar solsak, ayni kunda Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan aholining 1 milliondan sal oshigʻi yoki 53 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati maʼlumot berdi.

Qolgan aholi esa muqobil tarzda, yaʼni suvni tashib keltirib isteʼmol qilmoqda. Markazlashgan dedik: “Quyimozor suv ombori”, “Zarafshon” suv inshooti tarmogʻi orqali “Joʻyizar” kanali, “Amu Qorakoʻl” suv inshooti tarmogʻi, Samarqand-Buxoro-“Damxoʻja” mintaqalararo magistral suv quvuri, qolaversa, chekka tumanlarda artezian yerosti suv inshootlari ana shu ehtiyojni imkon qadar qoplamoqda. Ammo bu yetarli emas.

Talab va ehtiyojning oshib borayotganini inobatga olib, birgina 2019-yilda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qator loyihalar amaliyotga tadbiq etilmoqda. Jumladan, viloyatdagi 44 ta obyektda uzunligi 328 kilometr suv tarmogʻi tortish, 19 ta suv inshootini qurish va kapital rekonstruksiya qilishga kirishildi. Bu ishlarga 119 milliard 14 million soʻm mablagʻ moliyalashtirildi.

Davlat investitsiya dasturi doirasida 11 ta obyektda uzunligi 55,7 kilometr suv tarmogʻi hamda 7 ta suv inshootini qurish va kapital taʼmirdan chiqarishga 33,7 milliard soʻm sarmoya ajratildi. Viloyatning shahar va tumanlarida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida 33 ta aholi punktini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadlariga 85 milliard 44 million soʻm mablagʻ oʻzlashtirildi. Bu saʼy-harakatlar natijasida hududlarda 327 kilometrga suv tarmoqlari tortilib, 13 ta suv inshooti bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinmoqda. Hududlar miqyosida olsak, hozirda 300 mingdan ortiq aholiga ega Olot va Qorakoʻl tumanlarida isteʼmolga yaroqli suvning qadri ham, narxi ham nihoyatda baland. Iqlim sharoiti murakkab va tuproq shoʻrlanish darajasi yuqori boʻlgan bu ikki tumandagi ahvol atroflicha oʻrganib chiqilib, ayni kunda 139 million AQSH dollariga teng qiymatdagi maxsus loyiha ishlab chiqilgan. Bu loyihani amalga oshirishda Jahon banki bilan oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolangan. Sherik tomon bu ishga 82 million AQSH dollari sarmoya kiritdi. Qolgan 57 million AQSH dollari esa Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan ajratilishi koʻzda tutilgan. Eʼtiborli jihati, 2013-2020-yillarga moʻljallangan loyiha boʻyicha hududda 37 ta suv olish minorasi quriladi. Bir kecha-kunduzda 50 ming metr kub suv yetkazib berish quvvatiga ega “Dvoynik” suv olish inshooti kapital rekonstruksiya qilinib, umumiy uzunligi 1800 kilometr masofaga suv quvurlari tortilib, 41 ta suv tarqatish inshooti barpo etiladi. Joriy yil yakunigacha ikki tumanda umumiy 240 kilometrga suv tarmogʻini oʻrnatish, 12 ta suv tarqatish minorasini qurish kabi koʻlamdor ishlarga qiymati 19,8 million AQSH dollariga teng mablagʻ sarflanmoqda.

Sohada olib borilayotgan tizimli ishlarda Jahon bankining moliyaviy madadi kengayib borayotganini taʼkidlash joiz. Jumladan, bu nufuzli moliya muassasasi 105 million AQSH dollar mablagʻini “Buxoro va Samarqand shaharlari kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasiga tikkan. Geografik jihatdan kattagina hududni egallagan loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishga 2011-yildan kirishilgan edi. Buxoro shahridagi 3 ta oqava suv nasos stansiyasini kapital rekonstruksiya qilish, sutkasiga 100 ming metr kub oqava suvni tozalash quvvatiga ega inshootni soz holga keltirish, 61 kilometrli suv quvurini yangisiga almashtirish ishlari 2020-yilda toʻliq bitkazilishi kerak va bu loyihaga 44,9 million AQSH dollari ajratilgan.

Bundan tashqari, shu yil oxirigacha 12,4 million AQSH dollari hisobidan 32,5 kilometrdagi oqava suv quvurini rekonstruksiya qilish va 5 ta suv tozalash nasos stansiyasini rekonstruksiya qilinadi. Xuddi shunday muammo ayni paytda Kogon shahrida aholisini ham qiynab kelmoqda. Jahon banki talablari asosida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, tender tanlovi asosida pudrat korxonani tanlash va kelgusi yil mart oyiga qadar amaliy ishga oʻtish taraddudi koʻrilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 29-30-mart kunlari viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi hamda faollar bilan oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat aholisining 46 foizi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmaganligi, kanalizatsiya tarmoqlari nosoz, qoniqarsiz ahvoldaligi, qolaversa, 5 ming kilometrdan oshiq ichki avtomobil yoʻli taʼmirtalabligi alohida taʼkidlangani holda bu ishlar uchun 1 milliard 300 million AQSH dollari miqdorida sarmoya ajratilgandi. Ana shu tashrif tufayli Osiyo infratuzilmasi investitsiya banki hamda boshqa xalqaro moliya muassasalarini jalb qilgan holda Buxoro viloyatida toza ichimlik suvi hamda oqava suv inshootlarini mukammal taʼmirlash va qurish bilan bogʻliq qator loyihalar ishlab chiqildi. Umumiy qiymati 626 million AQSH dollariga teng bu ishlar 2019-2022-yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Alohida oʻrganishlardan maʼlum boʻlishicha, bu sarmoyaning 465,9 million dollari viloyatda toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, 160,2 million dollari esa oqava suvlarni bartaraf etish maqsadlariga moʻljallangan.

Shu nuqtayi nazardan, Ibn Sino, “Zarafshon” suv olish, qolaversa, “Shohrud” suv tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va quvvatlarini oshirish hisobidan Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Buxoro, Kogon, Romitan, Jondor, Peshkoʻ va hatto Qorovulbozor tumanlarining jami 920 mingdan ortiq aholisiga toza ichimlik suvini yetkazib berish imkoni tugʻiladi. Ayni kezda bu gigant loyiha qiymatii 327 million AQSH dollariga baholangan.

Boshqa hududda, yaʼni Gʻijduvon, Shofirkon, Peshkoʻ tumanlari aholisi talablarini qondirish maqsadida “Duoba” hududi, “Koʻkcha” yerosti suv manbalari orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasi ishlab chiqildi. Qiymati 57 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha sharofatidan 150 mingdan ortiq aholining isteʼmolga yaroqli “obi hayot”ga boʻlgan ehtiyoji qondiriladi.

Yaqin yillarda viloyatni toza ichimlik suvi bilan taʼminlashda beqiyos hissasi qoʻshilayotgan “Damxoʻja” magistral suv quvuri tarmogʻining quvvatlari yanada oshiriladi. Bu borada qariyb 90 million AQSH dollariga teng loyiha evaziga Romitan, Peshkoʻ, Shofirkon, Vobkent, Gʻijduvon tumanlarining kattagina qismi, aksariyati shimoliy-sharqiy hududidagi aholining toza ichimlik suvi muammosi kun tartibidan olinadi.

Bundan tashqari, oqava suvlarini bartaraf etishda Gʻijduvon, Romitan, Olot, Qorakoʻl, Qorovulbozor tumanlari uchun alohida, Shofirkon, Peshkoʻ, Vobkent, Buxoro, Jondor, Kogon tumanlari uchun boshqa loyihalar ishlab chiqildi. Kelgusi ikki yilda toʻla-toʻkis amalga oshiriladigan bu ishlar uchun umumiy qiymati 160 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya ajratilgan.

Aytish mumkinki, ayni kunda qator obyektlarda boshlangan ishlar yakunlanib, suv inshootlari birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda. Shofirkon tumanida “Zarchabek”, “Shoʻrobod”, “Arabxona”, “Iskogare” suv olish inshootlari yangidan barpo etilib, ishga tushirilgani mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yilligi kunlarida katta tantana qilindi.

Xuddi shunday, Vobkentda “Rohkent” suv inshootining ishga tushirilishi shu yerlik aholi uchun chinakam bayram tuhfasi boʻldi. Viloyatning boshqa qator tumanlarida ham keng koʻlamdagi mukammal taʼmirlash, modernizatsiya qilish va zamonaviy filtrlash uskunalarini oʻrnatish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ishlari qizgʻin davom ettirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar deyarli barcha tumanda yuqoridagi kabi inshootlar foydalanishga topshiriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, aholining toza ichimlik suviga boʻlgan talab va ehtiyoji shu yilning oʻzida bulturgiga nisbatan ikki barovarga qondiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?