“Bu kitob emas, tarix”

14:40 08 Oktyabr 2019 Madaniyat
244 0

Teatr toʻlib kelgan inson toʻkilib, toʻkilib kelgan inson toʻlib ketadigan sehrli maskan. Ilk bor chop etilgan “Oʻzbekiston teatrlari” kitob-albomida ana shunday xislatlar aks etgan. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida ushbu moʻjaz toʻplamning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimotda teatr arboblari, jamlanma muxarrirlari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»

“Bu kitob emas, tarix” deya taʼriflaydi Teatr arboblari uyushmasi raisi Yoqub Ahmedov. Chindan ham shunday. Toʻplam oʻzbek, rus va ingliz tillarida, 500 nusxada chop etilgan boʻlib, nafaqat oʻzbek teatrlari faoliyati, balki uning ilgʻor va fidoyi ijodkorlari haqida ham maʼlumot beradi.

Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»
Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»

— Teatrlarning jamiyatga taʼsiri yuksak darajada baholanayotgani ijodkorlarga katta masʼuliyat yuklaydi. — deydi Madaniyat vaziri birinchi oʻrinbosari Ozodbek Nazarbekov. — Shu maqsadda keng jamoatchilikni, qolaversa, yurtimiz mehmonlarini oʻzbek teatrlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida toʻplamni chop etdik. Ushbu jamlanma oʻzbek teatrlarining yuzi, brendi boʻladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»
Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, yurtimizda mavjud 37 ta professional teatrlardan 4 teatr akademik unvonga ega. Har bir teatr bir yilda toʻrttadan, jami 150-160 ga yaqin yangi spektakllar namoyish etadi. Shu bilan birga, kam taʼminlangan oilalar, mehribonlik va nuroniylar uylarida yashovchi hamda imkoniyati cheklangan tomoshabinlar uchun xayriya spektakllari namoyish etilishi kishini quvontiradi.

Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»
Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»
Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»

— “Oʻzbekiston teatrlari” kitob-albomi bir yil mobaynida katta ijodiy jamoa bilan birgalikda tayyorlandi. — deydi toʻplam muxarriri Shahribonu Imomova. — Kelgusida bu kitob nafaqat kitob javonimizni bezab turadi, balki xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz maʼnaviy dunyosini boyitishga ham xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»
Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»
Фото: Ҳаким Йўлдошев/«Халқ сўзи»

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?