Bojxonachilar somon oʻramlari ostiga yashirilgan 2,7 milliard soʻmlik dori-darmonlarni fosh etdi

23:00 08 Avgust 2020 Jamiyat
443 0

Sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tovar moddiy boyliklarni yurtimizga yashirincha olib kirilishi va ularning noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda “Yangiqoʻrgʻon” tumanida oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida yirik qonunbuzarlik holatini fosh etishdi. Bu haqda Davlat Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

Qoʻshni davlat bilan chegaradosh boʻlgan mazkur tuman hududida tun qorongʻisida harakatlanib ketayotgan traktor sergak xodimlarning eʼtiborini tortdi. Bir qarashda “TTZ-28” rusumli traktor tirkamasiga somon oʻramlari ortilgan edi goʻyo. Ammo, ushbu somon oʻramlari osti sinchiklab tekshirilganda hammasi oshkor boʻldi.

Qarangki, fuqaro M.K. boshqaruvidagi mazkur traktor tirkamasiga ortilgan somon oʻramlari ostiga umumiy qiymati 2,7 milliard soʻmni tashkil etuvchi, 4 turdagi, 9229 dona sifati kafolatlanmagan dori-darmon vositalari hamda 1010 metr matolar uddaburonlik bilan yashirilgan ekan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?