Bor holatni yashirishdan kim manfaatdor — Oʻzbekistonda koronavirusni yuqtirganlarning aniq soni qancha?

18:54 10 Sentyabr 2020 Jamiyat
4745 0

Arxiv surat

Keyingi paytlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan berib borilayotgan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilishi bilan bogʻliq kunlik statistika borasida turli-shubha gumonlar bot-bot tilga olinmoqda. Turli ijtimoiy tarmoqlarda, odamlarning ogʻzida yurgan gap-soʻzlarga qaraganda aslida mamlakatimizda kasallikni yuqtirib olganlar va ushbu infeksiya asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumganlar soni kunlik berib borilayotgan statistikadan qaraganda koʻproq.

Lekin Oʻzbekiston Sogʻliq saqlash vazirligi mutasaddilari ana shu masala yuzasidan berilgan savollarga bunday gap-soʻzlar asossizligini taʼkidlab, raqamlarni yashirishdan manfaat yoʻqligini taʼkidlashdi.

Xullas, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, 2020-yil 9-sentyabr soat 23:30 holatida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni yana 149 nafarga koʻpayib, 44 930 nafarga yetgan. 42 212 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sogʻaygan. Sogʻayish koʻrsatkichi 94 foizni tashkil etmoqda. Ushbu infeksiya asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumganlar soni 366 nafarga yetgan. Hozirda mamlakatimizda 2 352 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar boʻyicha davo choralari koʻrilmoqda. Ulardan 427 nafari ogʻir, 224 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda.

Xoʻsh, aslida ham bor vaziyat shundaymi? Kuzatishlarimizga qaraganda, odamlar orasida yurgan gap soʻzlarga asos bordek. Axir shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi deb bejizga aytishmagan.

Yana Sogʻliqni saqlash vazirligi statistikasi qaytamiz. Ushbu statistikada 2020-yil 9-sentyabr soat 23:30 holatiga koʻra, Qashqadaryo viloyatida 1013 nafar infeksiyani yuqtirish holati qayd etilgan boʻlib, shundan 941 nafar bemor sogʻaygani, 12 nafar bemor esa koronavirus infeksiya asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumgani, 60 nafar bemor davolanayotgani qayd etilgan.

Ammo, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bergan maʼlumotlar esa umuman boshqacha. Xususan, 2020-yil 9-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining “Telegram” kanalida “Geolog” sport majmuasidagi taqsimlash markazida ayni paytgacha 246 nafar bemorga tibbiy xizmat koʻrsatildi” sarlavhali xabar tarqatildi.

Unda qayd etilishicha, Qarshi shahridagi “Geolog” yopiq sport majmuasida tashkil etilgan 350 oʻrinli COVID-19 maxsus taqsimlash markazi joriy yilning 3-sentyabr kuni oʻz faoliyatini boshlagan. U yerda ayni paytgacha 246 nafar bemorga tibbiy yordam koʻrsatildi.

Markaz bosh shifokori Ravshan Toʻlakovning qayd etishicha, bemorlardan 150 nafari statsionarga yotqizilgan. 96 nafar bemorga ambulator yordam koʻrsatilib, tegishli tavsiyalar berilgan. Statsionardagi bemorlarning 16 nafarining salomatligi tiklanib, uyiga javob berildi, 6 nafari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga oʻtkazildi.

Ayni paytda u yerda 122 nafar bemor statsionar sharoitda davolanmoqda. Ularning 4 nafari oʻta ogʻir, 18 nafari ogʻir, 68 nafari oʻrta ogʻir darajada. 22 nafar bemor kislorod olyapti, 8 nafar bemor sunʼiy nafas oldirish uskunasiga ulangan...

...Tibbiy yordamni sifatli tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Markaz 1 ta mobil rentgen, 1 ta ultratovush, 1 ta defibrillyator, 2 ta EKG, 5 ta SPAP, 3 ta IVL uskunalari bilan taʼminlangan. Klinik va bioximik laboratoriyalar faoliyat koʻrsatmoqda”.

Bu Qashqadaryo viloyatidagi koronavirusni davolashga ixtisoslashtirilgan bitta markazdagi bemorlar soni. Bundan tashqari, 9-sentyabr kuni Gʻuzor tumanidagi “Shoʻrtan” sport saroyida tashkil etilgan COVID-19 maxsus taqsimlash markazi ham oʻz faoliyatini boshlagan. 150 oʻrinli mazkur markazda bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun yetarli imkoniyatlar yaratilgan.

Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi — bir viloyat miqyosida raqamlar ikki barobar koʻp!

Demak, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, hozir birgina“Geolog” sport majmuasidagi taqsimlash markazida 122 nafar bemor davolanmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi bergan statistikada esa ayni paytda viloyatda 60 nafar bemor davolanayotgani va sogʻayish koʻrsatkichi 93 foizni tashkil etgani koʻrsatilmoqda. Xoʻsh, nega bunchalik farq?

Joriy yilning 28-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻquv yiliga tayyorgarlik masalalari boʻyicha o`tkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari kun tartibidagi asosiy masalaga oʻtishdan oldin koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib, haqiqiy holat boʻyicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida barcha rahbarlarni ogohlantirgan va bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan qatʼiy choralarga olib kelishi mumkinligi taʼkidlagan edi.

Davlat rahbari asl vaziyatni boricha aytishga daʼvat qilib turgan vaqtda bor vaziyatni yashirishdan kim manfaatdor? Agar bir viloyat miqyosida shunchalik katta farq boʻlsa, mamlakat miqyosida asl raqamlar qancha?

Ushbu holat yuzasidan mutasaddilardan izoh kutamiz va mavzuga yana batafsil qaytamiz...

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?