Bolalar endi jurnal oʻqimaydimi?

11:51 04 Iyul 2019 Jamiyat
242 0

Ota-onalar bundan yarim yil avval farzandlari uchun bolalar nashrlariga obuna boʻlishgan edi. Ammo hanuzgacha ularning birorta sonini olishgani yoʻq.

Jizzax viloyatining Forish tumanidagi “Kulba” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Malika Haydarovaning gazetamizga yoʻllagan maktubida shunday soʻzlar bor:

“Koʻpchilik 2019-yil uchun “Gʻuncha” va “Gulxan” bolalar jurnallari uchun 
obuna rasmiylashtirgandi. Shundan buyon olti oydan koʻp vaqt oʻtdi, ammo obunachilar ushbu nashrlarni haligacha olishmadi”.

Bu odamlar shu paytgacha nahotki hech qayerga murojaat qilishmagan boʻlsa, desangiz, yanglishasiz. Obunani rasmiylashtirgan “Matbuot tarqatuvchi” MCHJning tuman boʻlimi eshigini bir necha bor taqillatishdi. Uning rahbari Allayor Rabbimov esa barcha buyurtmani viloyat boʻlinmasiga topshirganman, biroq u yerdagilardan sado yoʻq, deya gapni qisqa qilaverdi. Bolajonlar esaorziqib kutilgan jurnallarni pochtachi amaki va xolalari olib kelishidan hamon umidvor.

— Nevaralarim oldida juda noqulay ahvolda qoldim, — deydi Malika Haydarova. — Axir ularga hademay jurnal oʻqiysizlar, deb vaʼda berib qoʻygandim. Shundan beri kichkintoylar holi-jonimga qoʻymay soʻrashadi, lekin qani tayinli javob topa olsam?!

— Qizim uchun “Gulxan”ga bir yillik obuna boʻlgandim, — deydi yana bir mahalliy aholi vakili Feruzabonu Mamadiyorova. — Yanvardan iyulga qadar birorta sonini olganim yoʻq. “Matbuot tarqatuvchi” MCHJning tuman boʻlimiga qilgan murojaatlarimizdan biror naf chiqmadi.

— “Gʻuncha” jurnalini juda yaxshi koʻraman, buvim uni menga koʻp oʻqib berardilar. Hozir sakkiz yoshga toʻldim, endi oʻzim oʻqiy olaman, — deydi 12-umumtaʼlim maktabining 2-sinf oʻquvchisi Bonu Sandiboyeva. — Shu yil ota-onam bu jurnalga yana obuna boʻlishdi. Faqat olib kelishmayapti-da...

Bonu tahsil olayotgan maktab kutubxonachisi Nazokat Arslonovaning soʻzlariga koʻra, oʻquvchilarning ota-onalari bolalar davriy nashrlariga yuz nusxadan ortiq obuna boʻlishgan. Ammo shu paytgacha birorta jurnal kelmagan.

“Matbuot tarqatuvchi” MCHJ Forish tumani boʻlimi boshligʻi Allayor Rabbimovning aytishicha, joriy yilda tumanda “Gʻuncha” jurnaliga 325 nusxa, “Gulxan”ga 90 nusxa obuna rasmiylashtirilgan. Ammo ularning birorta sonini oʻz egalariga yetkazib bera olishmagan. Yaʼni tumandagilar obuna boʻyicha barcha tegishli hujjatlarni “Matbuot tarqatuvchi” MCHJga topshirgan. U yerdagilar esa yetkazib keltirish uchun hatto buyurtma ham bermagan(!!!)

Xoʻsh, bunday befarqlik, loqaydlikni qanday izohlash mumkin?

— Davriy nashrlar yetib kelmaydi, — deydi Forish tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Oybek Erxonov. — Aralashuvimizdan soʻng bir oylik gazeta taxlamini olib kelishdi. Birma-bir ajratib koʻrsak, bu taxlamlar ichida boʻlimimiz xodimlari yozilgan nashrlarning koʻpchiligi yoʻq. Oʻrniga boshqa nashrlar kelgan. Demak, ularning ham manzili oʻzga. Ana shu “adashgan” gazeta-jurnallarni ham oʻz obunachilari ilhaq kutib yotgani aniq.

— Viloyatimizda “Gʻuncha” jurnali uchun 495, “Gulxan” uchun 110 nusxa obuna amalga oshirilgan. Shuningdek, “Boshlangʻich taʼlim” jurnaliga 63, “Yosh kuch”ga 14 nusxa obuna rasmiylashtirilgan. Ular uchun toʻlovlar hisobimizga kelib tushgan, — deydi “Matbuot tarqatuvchi” MCHJ Jizzax viloyati rahbari Maʼmura Urdusheva. — Biroq sud tartibida bizning korxonaga bank operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlab qoʻyilgan. Barcha moliyaviy mablagʻlar qarzni uzish uchun yoʻnaltirilyapti. Biz bankrotlik yoqasidamiz. Shtat boʻyicha belgilangan 42 nafar xodim oʻrniga hozir uch kishi ishlayapti. Qariyb har besh kunda Majburiy ijro byurosi xodimlari kelib, bizdan qarzlarni toʻlashni talab etmoqda. Ikki yil ichida 800 million soʻm toʻladik. Nima qilishni ham bilmayman. Agar hisobimizning yarmi ochilganda ham, vaziyatdan chiqib ketgan boʻlardik.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: ushbu qarzdorliklar qanday kelib chiqdi va nega buning uchun obunachilar aziyat chekishi kerak?

Yuz ming aholiga ega Forish tumani hududi katta. Bu yerda 
64 ta umumtaʼlim maktabi faoliyat yuritadi. Ularning koʻpchiligida tez-tez internet aloqasi uzilib qoladi. Gazeta va jurnallar esa aholini mamlakatimiz hamda xorijda yuz berayotgan voqea-hodisalardan xabardor etuvchi vosita. Biroq bu yerga davriy nashrlar ham katta uzilishlar bilan olib kelinayotgani, hatto aksariyat hollarda yetib kelmayotgani achinarli.

Bu hol uchun kim javobgar? Nima sababdan huquq-tartibot organlari qarzdorlikni hosil qilganlarni aniqlab, ularga nisbatan tegishli chora koʻrmayapti? Obunachi pulini choʻntagiga urib, boshqalar hisobiga qarzlarini qoplashga urinayotganlar kimlar oʻzi? Bunday noxush holat kelgusida yana sodir boʻlmasligi uchun qanday choralar koʻrilmoqda?

Oxirgi savolga Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigidan javob topish mumkin. Zero, unda noshirlik ishi, kitob savdosi, obuna va targʻibot masalalarida butun dunyoda oʻzini oqlagan bozor mexanizmlarini keng joriy etish kerakligi taʼkidlab oʻtildi. Bu yoshini yashab, umrini oʻtab boʻlgan almisoqdan qolgan faoliyatsiz tashkilotlar oʻrnini yangi, isteʼmolchilar huquqlariga qatʼiy rioya etadiganlari egallaydigan davr keldi, degani emasmi?!

Lenura ADILSHAYEVA, Tolibjon ERGASHEV, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?