Bola huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

09:21 11 Mart 2020 Hujjatlar
370 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 25-fevralda qabul qilingan

Senat tomonidan 2020-yil 28-fevralda maʼqullangan

1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil
30-aprelda qabul qilingan 607—I-sonli Qonuni bilan
tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Oila ­kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, 5–6-songa ilova; 2003-yil,
№ 1, 8-modda; 2004-yil, № 1–2, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 157-modda; 2008-yil,
№ 4, 189-modda; 2009-yil, № 9, 328-modda; 2010-yil,
№ 9, 334, 335-moddalar; 2011-yil, № 9, 252-modda,
№ 12/2, 363-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 9,
510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1,
1, 4-moddalar, № 4, 224-modda, № 8, 469-modda;
2019-yil, № 8, 469-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil,
№ 1, 1-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritilsin:

1) 68-moddaning matni quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:

“Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun ­manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul ­qilishi kerak”;

2) 96-modda:

uchinchi qismidagi “vasiylik va homiylik organlari” degan soʻzlar “vasiylik va homiylik organlari, shuningdek oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:

“Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola bir vaqtning oʻzida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqli”.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil
7-yanvarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ–139-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 1, 1-modda; 2009-yil, № 12, 471-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 12, 881-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:

1) 11-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar bolaga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilganda bola oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi”;

2) 15-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama jarayonida soʻzlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak”.

3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil
3-dekabrda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ–378-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentyabrda qabul qilingan OʻRQ–445-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 509-modda; 2018-yil, № 1, 5-modda) quyidagi mazmundagi 241-modda bilan toʻldirilsin:

«241-modda. Voyaga yetmagan shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari

Voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini koʻrib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli ularning murojaatlarini koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Murojaatda qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart».

4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil
22-yanvarda qabul qilingan OʻRQ–460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 1-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda,
№ 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791, 792-moddalar, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1,
3-moddalar) 42-moddasining uchinchi qismidagi “Mehnat bilan bogʻliq huquqiy munosabatlardan” degan soʻzlar
“Ota-onalardan aliment undirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha, shuningdek mehnat bilan bogʻliq huquqiy munosabatlardan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.

5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2020-yil 10-mart

№ OʻRQ—608


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?