“Boburning portreti notoʻgʻri — unga shialar sallasi oʻralgan, Amir Temur toji esa — nasroniylarniki”

15:54 14 Fevral 2020 Madaniyat
2498 0

Adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537-yilligiga bagʻishlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Shoh, adib va shoir” mavzusida davra suhbati vaqtida bir qator fikrlarni bildirib oʻtdi. Uning fikricha, Oʻzbekistonda Boburning umuman notoʻgʻri boʻlgan portretidan foydalanib kelinmoqda.

“Televideniyeda ham, kitoblarda ham, internetda ham, hamma joyda Boburning bir xil portretini koʻramiz. Bu portret aslida notoʻgʻri portret, — dedi Zuhriddin Isomiddinov. — Chunki Bobur u yerda shialarning sallasini oʻrab olgan. Shia rassomi chizgan. Bu Boburning bir muddat Ismoil Safaviy bilan harbiy masalada hamkorlik qilishi bilan bogʻlab talqin qilinadi. Hali birorta oʻzbek rassomi yoʻqki, Boburning shu rasmida sallasini sunniylarga muvofiq ishlab bersa.

Yoki mana, oʻzimizda yaratilgan Amir Temur obrazining boshidagi tojini koʻrgansizlarmi? Bu xristian olamining toji. Birorta sharq podshohi boshiga bunaqa qoʻngʻiroqli narsa taqqan emas. Buni Gerasimov yasagan, u Yevropa odami-da, Moskvada kelgan, shuni chizib qoʻygan. Lekin bu timsol shu darajada ommalashdiki, Temuriylar muzeyining shakli ham Gerasimov chizgan Amir Temur boshidagi qalpoq bilan bir xil. Oʻrganadiganlarimiz juda koʻp, hali koʻp ishlar qilishimiz kerak. Biz Boburni toʻgʻri anglayapmizmi degan masalaga ham xuddi shu nuqtayi nazardan yondashishimiz kerak”, deya gapirib oʻtdi olim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?