BMT Bosh kotibining yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha maxsus vakili Oʻzbekistonga tashrif buyuradi. U oldin “Formula-1”da sport direktori boʻlgan

20:36 17 Sentyabr 2019 Jamiyat
88 0

BMTning yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha maxsus vakili Jan Todt 2019-yil 17-19-sentyabr kunlari Oʻzbekiston rasmiylari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati va yoshlar vakillari bilan uchrashish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi xabar berdi.

Oʻzbekistonga boʻlajak tashrif doirasida BMT maxsus vakili “Yuksalish” umummilliy harakatida ham bir qator tadbirlar oʻtkazishi rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilning 18-sentyabr kuni janob Jan Todt Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan taksi xizmatini koʻrsatuvchi kompaniyalar va fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek yoshlar bilan alohida-alohida uchrashuvlar oʻtkazadi.

Maʼlumot uchun: janob Todt oʻz vakolati doirasida har yili dunyo boʻylab 1,35 million kishining hayotiga zomin boʻlayotgan, 50 million kishining turli darajadagi jarohatlanishiga olib kelayotgan global rivojlanish muammolaridan birini yengish boʻyicha chaqiriqlar qiladi. Sababi, bolalar va yoshlar oʻlimining asosiy sababi boʻlgan yoʻl-transport hodisalari jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelmoqda va natijada iqtisodiy zarar koʻpgina mamlakatlarda YAIMning 5 foizigacha yetmoqda.

Jan Todt maxsus elchi sifatida BTMga aʼzo davlatlarga tashrif buyurib, manfaatdor tomonlar bilan yoʻl harakati xavfsizligi masalalariga qatʼiy siyosiy eʼtibor qaratish, shuningdek koʻproq saʼy-harakatlar va tegishli moliyalashtirishni ragʻbatlantirish maqsadida yuqori darajadagi muloqotlar oʻtkazadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?