Biz birgamiz, biz — hammamiz...

14:19 19 Iyul 2019 Madaniyat
382 0

Olislarda qoʻngʻirogʻin chalar karvon,
Yuki ogʻir, yoʻli ogʻir, larzon-larzon,
Chaqmoqlarin chaqib oʻtar qora osmon,
Koʻkragiga mushtlar urar mardimaydon —
Er yigitlar,
Sher singillar, qilich-qalqon.
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Qoya choʻkar, Alpomishning naʼrasidan,
Soylar sakrar adirlarning orasidan,
Qargʻa qoʻnmas Barchinlarning tizzasiga,
Hayot suvi mangu ona koʻzasida.
Er yigitlar,
Sher singillar shevasida:
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Kuydirgani zulmat bilan yurdi qancha
Bolta oʻynab ot ustida yanchib-yancha,
Suv tubidan oʻtlar chiqdi koʻk qoshiga.
Er yigitlar,
Sher singillar koʻz-qoshidan
Oʻqlar sachrar, yoylar sachrar yov boshiga.
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Dunyo uxlar, kun mudrardi hisob bilmay,
Oʻtdi davru davronlari kitob bilmay,
Xorazmda sanoq chertdi ajdodlarim,
Ruh va qalbga saboq berdi ustodlarim.
Ilmi urfon
nomi Turon,
Er yigitlar,
Sher singillar
Qazdilar kon.
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Bizlar kimmiz, turkiylarning aslidanmiz,
Sohibqiron Amir Temur naslidanmiz,
Kubro ham biz, Bahouddin Naqshbandmiz,
Margʻinoniy, qadim tarix — Samarqandmiz.
Gar Nasafda nafas olsa er yigitlar,
Andijonda kashta tiksa sher singillar,
Nafasidan hatto qishlar isib ketar,
Kashtasiga butun olam sigʻib ketar.
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Yurtning usti Ustyurtmidi, shamol — shoqol,
Uv dedimi, tuz qoʻzgʻalar — birvarakay.
Nukus — qalʼam, ham yurakda tengsiz lolam,
Ey, onajon Berdaqqa ayt,
Qalbidir nay.
Er yigitlar, sher singillar,
Ashʼor tinglang.
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Oʻzim shohid Moturidiyning xobgohida,
Musichalar uchib kelar tilovatga.
Buxoriyning har ertalab dargohiga
Kabutarlar boshin egar halovatdan.
Bu qay oshyon,
Goʻzal imon — panohida,
Er yigitlar, sher singillar —
Nigohida —
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Azim Toshkent qad rostladi pahlavonday,
Toju taxtim koʻz-koʻz qilib bu jahonga,
Tugʻromizni tumor aylab eshik ochdi,
Yer yuziga buyuklikdan soʻzlar sochdi,
Podsho shahrim,
Gard yuqmasin jamolingga,
Er yigitlar,
Sher singillar saf tortishar,
Ozodlikning maydonida
Ahd aylashar.
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Oltin vodiy halqasida uch gavharim,
Sirdaryoda sir bermagan mohpaykarim,
Baxmalini toʻshab qoʻygan Jizzaxni koʻr,
Kakliklardan Zomin haqda qoʻshiqlar soʻr,
Er yigitlar,
Sher singillar,
Boʻlinglar joʻr:
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan.

Duru marjon, bogʻu boʻston, Oʻzbekiston,
Koʻzim nuri musaffo tong, Oʻzbekiston,
Sajda etdim duo soʻrab, bobo yurtim,
Har lahzada rizo soʻrab, momo yurtim,
Er yigitlar, sher singillar,
Qoʻl koʻtardi,
Ona, inon,
Ota, inon.
Qani birga, biz birgamiz, biz — hammamiz,
Aziz Vatan, jonim Vatan, shonim Vatan...

Abduvali QUTBIDDIN.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?