Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish rejimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

00:22 19 Mart 2019 Hujjatlar
269 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish va turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida:

1. 2019-yil 20-martdan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim belgilansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonga ish yuzasidan keladigan Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi talabi bekor qilingan holda, bir yil muddatgacha boʻlgan koʻp martalik vizalarni Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi muassasalarida hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmasdan 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtirsin.

3. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF–5611-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-yil 1-fevraldan boshlab fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatlar roʻyxatining 32-bandi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi PQ–3836-son qarori bilan tasdiqlangan 2018-yil 1-iyuldan boshlab fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasiga vizasiz tranzit kirish, vaqtinchalik boʻlish va chiqish tartibi belgilangan mamlakatlar roʻyxatining 62-bandi.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 18-mart


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?