Bir kishi jaziramada yumshab qolgan asfaltga oyog‘i bilan botib qoldi

16:15 12 Iyul 2018 Jamiyat
700 0
Illyustrativ foto

So‘nggi bir necha kundan beri yurtimizning qator hududlarida jazirama ob-havo kuzatilyapti. Bunday o‘ziga xos yuqori harorat nafaqat O‘zbekiston, balki Kanada, AQSH, Yaqin Sharq, Buyuk Britaniya va qator Yevropa davlatlarini ham o‘z hukmi ostiga olgan. Bu haqida BBC axborot manbasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlari qovjirab qolmoqda, o‘t o‘chiruvchilar va tez tibbiy yordam xodimlari ketma-ket tushayotgan chaqiruvlardan shoshib qolgan.

Kanadaning Kvebek provinsiyasida esa shifokorlar g‘ayrioddiy jazirama va yuqori namlik tufayli 18 ta o‘lim holati qayd etilgani haqida ma’lum qilgan. Vafot etganlar asosan qariyalar va surunkali xastaliklardan azob chekkan shaxslar bo‘lgan. Shifokorlarga ko‘ra, ular sovitish uskunalari bilan jihozlanmagan uylarda istiqomat qilgan.

Jahondagi mahalliy sog‘liqni saqlash xizmatlari shunday tavsiyalar bermoqda: doimo ichimlik suvi bo‘lishini ta’minlang, imkon qadar sovitilgan xonalarda bo‘lishga harakat qiling, qo‘shnilardan xabar olib turing...

Tibbiy muassasalar favqulodda holatda ishlashga majbur bo‘lmoqda. Masalan, Kanadaning Monreal shahrida tez yordam so‘rab qilinadigan qo‘ng‘iroqlarning kunlik soni 1200 taga yetgan. Bu odatdagidan uch barobarga ko‘pdir.

Hattoki, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo jaziramadan o‘zlari va yaqinlarini himoya qilishlarini so‘rab, fuqarolarga murojaat qilgan.

Buyuk Britaniya ham boshqalardan ortda qolmayotir. Mamlakatning bir necha shaharlarida jazirama bo‘yicha mahalliy rekordlar yangilangan (masalan, Glazgoda +31,9 va Belfastda +28,5). Ba’zi hududlarda esa qattiq jaziramadan temir yo‘l relslari qiyshayib, tomlar erib ketgan.

“Quyoshning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tig‘i ostida po‘latdan tayyorlangan temir yo‘l relslaridagi harorat atrofdagidan Selsiy shkalasi bo‘yicha 20 darajaga oshib ketishi mumkin. Natijada po‘lat kengayib, qiyshayib ketadi”, deb izohlaydi Shotlandiya temir yo‘llar boshqarmasi.

Saratondan odamlar va binolardan tashqari tabiat ham qiynalmoqda. Buyuk Britaniyada kengligi bo‘yicha 16-o‘rinda turuvchi Tim daryosi sayozlashganidan uning ba’zi qismida yuzlab losos va forel baliqlari tashqariga chiqib qolgan. Tabiatni asrash tashkilotlari va ko‘ngillilar sharofati bilan 500 ta baliq qutqarib qolingan.

Issiq havo osmonda olovli kamalak paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘lmoqda. Shotlandiyada kun botishdagi shafaq olovli kamalak tusiga kirgani tasvirlangan suratlar tarqalyapti.

Britaniyaning Nyukaslida bir erkak jaziramada yumshab qolgan asfaltga oyog‘i bilan botib qolgan.

Avstraliyada ham yo‘lning qoplama qismi erib, mashinalar yarim suyuq bitumga tom ma’noda botib qolayotgani xabar qilinmoqda.

G‘ayrioddiy jazirama Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston va Rossiyaning janubiy shaharlarida ham rekord darajadagi issiqlikni keltirib chiqarmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlarida ham jazirama, ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar quyosh tig‘ida tuxum pishayotgani aks etgan rasmlar tarqalgan.

Kuchli jazirama davri yoki issiq to‘lqinlar noyob hodisa emas. Sinoptiklar ularni doimiy qayd etib boradi. Biroq so‘nggi vaqtlarda ularning davriyligi va davomiyligi esa bir maromda o‘sib borayotgani aytiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?