Binar himoya tizimi: u qanday tartibda amalga oshiriladi?

16:55 17 Fevral 2020 Jamiyat
301 0

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalari berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida brifing tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2019-yil 24-may kuni Oʻzbekiston milliy universitetida taʼlim va ilm-fan sohasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida binar himoya tizimi asosidagi dissertatsiya himoyasi amaliyotini joriy qilish vazifasi belgilab berilgan va 2019-yil 11-iyulda “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori eʼlon qilingan edi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan 2020-yil 10-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2020-yilning 1-martidan eʼtiboran Oʻzbekiston milliy universiteti bazasida binar himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasini tashkil etish va ilmiy darajalarni talabgorlarga mustaqil berish amaliyoti tajriba tariqasida uch yil muddatga joriy etiladi.

Binar himoya tizimi asosida dissertatsiya tayyorlash, uni himoya qilish va talabgorlarni tegishli ravishda fan doktori (DSc), falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlash oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va ularni attestatsiyadan oʻtkazishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda binar himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasini tashkil qilish muayyan fan tarmogʻi boʻyicha bitta dissertatsiya ikki nafar, jumladan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega talabgor va ilmiy darajaga ega boʻlmagan shaxs tomonidan tayyorlanadi. Dissertatsiya himoya qilingan taqdirda falsafa doktori ilmiy darajasiga ega shaxs fan doktori (DSc), ilmiy darajaga ega boʻlmagan tadqiqotchi esa falsafa doktori ilmiy darajasi (PhD)ni olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Yana bir jihati shuki, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun talabgor oʻz ilmiy faoliyatini mustaqil izlanuvchilik instituti asosida olib boradi.

Ilmiy kengash ilmiy darajalarni berish (bermaslik) toʻgʻrisida yagona qaror qabul qiladi va bu qaror har ikki talabgorga nisbatan teng qoʻllanadi.

Bir soʻz bilan aytganda, binar himoya tizimi innovatsion xususiyatga ega tadqiqotlarni rivojlantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tezkor joriy etishning samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy darajalarni berish vakolatini bosqichma-bosqich ravishda ilmiy kengashlarga oʻtkazishning fundamental asosini yaratish, iqtidorli yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish, qolaversa, jamiyatda ilmiy faoliyat nufuzini yana-da koʻtarishga xizmat qiladi.

Shahzod GʻAFFOROV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?