Behbudiy hayot boʻlganida bugun kim boʻlar edi?

03:27 21 May 2020 Madaniyat
225 0

Bir dasti riyo, dasti jafo, dasti xiyonat
Mumkinmi sani aylasa, ketdikcha siyosat?!
Yoʻq, yoʻq kelur albat, kelur albat,
Zolimlari tard etmaga, mahv etmaga navbat!
Ey qotila, ey fojira, ey fitnai Turon!
Turon eli fitnang ila boʻlsunmu parishon?!
Bir kun kelur albat, ojizlara navbat…

Sadriddin Ayniyning Behbudiy qatlgohiga bagʻishlab yozgan ushbu sheʼrni oʻqir ekanmiz, ilm ahliga qilingan zulm bir kun qora bulutday tarqalishi, yorugʻ kunlar kelishiga qatʼiy ishonchni, isyonni koʻramiz. Mana bugun ular istagan zamon keldi. Garchand oʻzlari oʻzlariga armon boʻlib qolgan boʻlsa-da... Bu yil oʻzbek milliy dramaturgiyasi asoschisi, sahna sanʼatini rivojlantirgan ulugʻ maʼrifatparvar inson Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145-yilligini nishonlaymiz. Shu munosabat bilan tahririyatimiz “Behbudiy hayot boʻlganida bugun kim boʻlar edi?” savoli doirasida blis-soʻrovnoma oʻtkazdi.

Turdali SEYDULLAYEV, yosh tarixchi:

– Hamma sohaning taraqqiyot ildizi – taʼlim. Taʼlim rivojlansa qolgan sohalar oʻz-oʻzidan rivojlanib boraveradi. Jadid ajdodlarimiz buni bilgan. Shu sabab oʻz harakatlarini yangi maktablar ochish bilan boshlagan. Yangi maktablarda diniy taʼlimot bilan birga, jugʻrofiya, tarix, matematika va boshqa dunyoviy ilmlar ham birgalikda oʻrgatilib boshlagan.

Bilamizki, jadidchilik soʻzi arabchadan yangi usul degan maʼnoni anglatadi. Jadidlarning bosh maqsadi Turkiston oʻlkasini mustabid shoʻro imperiyasidan ozod qilish edi. Bu maqsadni madaniyat va maʼrifatni rivojlantirish, mahalliy xalq orasida ziyolilar qatlamini shakllantirish, aholi orasida ilm-fanga qiziqish uygʻotish orqali amalga oshirishga intilgan. Shundan kelib chiqib, agar jadidlar bugun hayot boʻlganida ilm-fan, sanʼat, madaniyat va boshqa bir qator sohalarning yirik arboblari boʻlib yetishgan boʻlar edi, desak yanglishmaymiz.

Sherzod SUYUNOV, Samarqand davlat chet tillari instituti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi, tarix fani oʻqituvchisi:

– Behbudiyning “Haq olinur, berilmas” degan oltin iborasi bugungi kunimizda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Uning hikmatlarida milliy oʻzlikni anglashning betakror ifodasini koʻramiz. Uning hayot yoʻli ayniqsa yoshlar uchun katta maʼnaviy meros, ibratli maktab vazifasini oʻtaydi.

Behbudiy. Shoʻrolar davrida bu nom xalqimiz xotirasidan sitib chiqarildi, uzoq yillar tilga olinmadi. Tilga olinganida ham “xalq dushmani”, “millatchi”, “Vatan xoini” kabi turli tuhmatlar bilan eslandi. Uni johillikda, maʼrifatsizlikda ayblagan “olimlar” ham topildi. Holbuki, tarix tamom boshqa edi. Biz jadidlar bilan birga katta yoʻqotish qilganmiz. Shunga qaramay, bizga yuksak maʼnaviy meros qoldi. Agar bugun ana shu fidoyi maʼrifatparvarlar, xususan, Mahmudxoʻja Behbudiy hayot boʻlganida yana koʻp kuchli notiq, har sohada faol va yetakchi ziyolilarni yetishtirgan boʻlar edi.

Gulshan SAʼDULLAYEVA, Pekin til va madaniyat universiteti talabasi: 

– Men xitoy tili va madaniyatining Oʻzbekistonda oʻrgatilishi haqida ilmiy ish qilmoqdaman, shu bois tadqiqot mobaynida oʻzbek va xitoy ilm-maʼrifat fidoyilarini birday oʻrganib boryapman. Bugungacha oʻrgangan xitoylik maʼrifatparvar yetakchilar qatorida jadidlar bilan zamondosh boʻlgan Yanfu, Vei Yuan kabi ziyolilarni misol qilish mumkin. Ular ham ajdodlarimiz kabi koʻp tazyiqlarga uchragan, ammo hamisha maqsad sari olgʻa intilgan.

Bitiruv malakaviy ishim til va madaniyat bilan bogʻliq ekan, oʻzbek adabiyoti, matbuoti, madaniyatining atoqli namoyandasi Mahmudxoʻja Behbudiy haqida bilishim zarur. Bilamizki, u 18 yoshidan qozixonada mirzalik qilib, qozi, mufti darajasiga koʻtarilgan. Qolaversa, Behbudiy haj safarida boʻlgan chogʻida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan. Shu maʼnoda, agar bugun Behbudiy hayot boʻlganida kuchli diplomat boʻlar edi deb oʻylayman.

Muqimjon QIRGʻIZBOYEV, siyosiy fanlar doktori, professor:

– Jadidlar haqida soʻz borganda, ayniqsa, Behbudiy toʻgʻrisida bir soʻz aytish juda qiyin. Aqlu zehni, qatʼiyati, maʼnaviy jasorati bobida bugungacha koʻplab kitoblar yozildi, risolalar bitildi. Jadidlarning bosh maqsadi oʻzlari oʻqib kelgan, oʻsha davrdagi rivojlangan davlatlar qatoriga Turkistonni qoʻshish edi. Ular maʼlum maʼnoda bunga erishdi ham. Oʻz jonlari evaziga...

Behbudiy hayot boʻlganida, bir soʻz bilan aytganda, zamonamiz qahramoni boʻlar edi. Turli tazyiqlar davrida ham oʻzbek teatriga asos solgan inson agar bugun oramizda boʻlganida, shubhasiz, yana koʻp kashfiyotlar qilgan boʻlar edi.

Yulduz OʻRMONOVA yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?