“Avvallari egizak boʻlib yashagan partiyalarimizdan biz bugun faoliyatda xilma-xillik va raqobatbardoshlikni kutayabmiz”

10:15 08 Noyabr 2019 Jamiyat
231 0

Shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab boʻlib oʻtayotgan muhim siyosiy jarayonlar kundan kunga qizgʻin tus olmoqda. Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi doirasida Xalqaro matbuot markazida boʻlib oʻtgan“Saylovda yoshlarning ishtiroki va saylovni yoritishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni” mavzulariga bagʻishlangan matbuot anjumanida bu haqda batafsil soʻz yuritildi. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tomonidan Xalqaro Press-klub, Markaziy saylov komissiyasi hamda Xalqaro Matbuot Markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda siyosiy partiyalar vakillari, universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda “Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga nomzodlarning saylovlari jarayoni, tashviqotlar, saylov kunida ovoz berish tartibi kabi bir nechta mavzular bilan bogʻliq qoida va talablar yuzasidan yoshlarga atroflicha tushunchalar berildi.

— Saylov jarayonlaridagi eng muhim jihat — kreativlik. — deydi Xalqaro press-klub raisi, Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Sherzod Qudratxoʻjayev. — Jarayonlarni yoritishdagi kreativlik oʻzi nima? Soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, tesha tegmagan narsani olib chiqish, deganidir. Yaʼni, lavhalar turfa xil boʻlishi lozim. Masalan, saylov jarayonlari bilan bogʻliq majlislarni efirga tayyorlayotganda, uni faqat “yigʻilish boʻlib oʻtdi” tarzida emas, aksincha, aholidan intervyular olib, jarayonlarga bogʻlab, saylov boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribasi bilan solishtirib, tahlil qilib, qiziqarli tarzda taqdim etilsa maqsadga muvofiq boʻladi.

Saylovlarning qizgʻin tarzda oʻtishi uchun birinchi navbatda partiyalar harakatida yorqinlik boʻlishi zarur. Avvallari bir-biri bilan urishib qolishdan qoʻrqib, egizak boʻlib yashagan partiyalarimizdan biz bugun xilma-xillik va raqobatbardoshlikni kutayabmiz. Raqobat ruhiyati boʻlmasa, saylov jarayonlarida oʻsish, rivojlanish, asosiysi, faoliyatda harakat boʻlmaydi.

Anjumanda saylovoldi jarayonlarini yoritishda ommaviy axborot vositalari va piar kompaniyalarining faoliyati muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi. Ular orqali eʼlon qilinadigan media mahsulotlar aholini partiyalarning targʻibot-tashviqot ishlari bilan xabardor etibgina qolmay, siyosiy savodxonlik darajasini oshirishga ham xizmat qiladi.

  • Saylov jarayonlarini respublikamiz tarixida ilk bor jonli efirda nafaqat davlat va nodavlat telekanallari orqali, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimizda ham onlayn tarzda yoritib kelmoqdamiz. — deydi Xalqaro matbuot markazi raisi Jaloliddin Usmonov. — Asosiy tarkibning yoshlardan tashkil topishida ham oʻziga xoslik mavjud. Negaki, ular kreativ fikrlash qobiliyatiga, yangicha dunyoqarashga ega hisoblanadi. Faoliyatga keladigan boʻlsak, Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro Matbuot markazi shu vaqtga qadar 50 dan ortiq tadbir oʻtkazdi, shundan 20 tasi toʻgʻridan toʻgʻri efir orqali yoritildi. Jarayonlarda mamlakatimizdagi fuqarolar bilan birgalikda xorijda yashab istiqomat qilayotgan fuqarolarimizning ham ishtirok etishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Yoshlarning siyosiy bilimlari hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularning chuqur fikrlab, tahlil qilishiga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan matbuot anjumani davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga soha mutaxassislaridan javob oldi.

Tadbir soʻnggida, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Oliy jurnalistika kurslari 2 bosqich magistranti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Yulduz Oʻrmonovaning Prezident stipendiyasi gʻolibi boʻlganligi munosabati bilan hamda 2019-yil 12-mart kuni universitetda tashkil etilgan harbiy jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan harbiylarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Toʻrt oy davomida jurnalistik taʼlim olgan 10 nafar bitiruvchiga universitet rektori tomonidan harbiy jurnalistika boʻyicha malaka oshirish kurslarni tugallaganligini tasdiqlovchi maxsus diplom topshirildi.

Diyoraxon Nabijonova,

OʻzJOKU talabasi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?