Avtosalondan yana bir fuqaroga penya undiriladigan boʻldi

15:03 06 Sentyabr 2019 Jamiyat
116 0

Xabardorlik yaxshi-da! Yaqindagina internet saytlarida “Samarqand avtosavdo” MCHJdan sud qaroriga asosan kechiktirilgan kunlar uchun fuqaro foydasiga 12 mln. soʻm penya undirilganligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Fuqarolarimizning huquqiy savodxonligi oshib, oʻz huquq va burchlari, majburiyatlarini yaxshiroq anglayotgani, huquqlarini tegishli tashkilotlar koʻmagida himoya qilayotgani quvonarli hol, albatta.

Buni qarangki, samarqandlik yana bir fuqaro Sh. Maxmayusupova ham “Samarqand avtosavdo” MCHJdan “Damas” rusumli avtomashina sotib olish uchun tegishli tartibda shartnoma tuzib, toʻlovlarni (62 mln. soʻmdan ortiq) belgilangan muddatda toʻlagan boʻlishiga qaramasdan, avtosalon shartnoma shartlarini eʼtiborsiz qoldirgan.

Shundan soʻng, Sh.Maxmayusupova oʻzining buzilgan huquqlarini tiklash uchun Samarqand shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilgan.

Jamiyat tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudiga yoʻllangan daʼvo arizasi qanoatlantirilib, bu safar ham isteʼmolchi foydasiga qaror chiqarildi.

Sudning 2019-yil 9-avgust kungi hal qiluv qaroriga koʻra, avtosalon fuqaro foydasiga har bir kechiktirilgan kun uchun 12,5 mln. soʻm penya toʻlaydigan boʻldi.

Fikrimizcha, mazkur holatlardan soʻng “Samarqand avtosavdo” MCHJ fuqarolarga avtomashina yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnoma shartlarini muddatida bajaradigan boʻlsa ajabmas.

Gulchehra Berdiyorova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?