“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi quyi palata tomonidan qabul qilindi

12:24 03 Iyul 2019 Jamiyat
186 0

2019-yil 2-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tegishli oʻzgartirishlar kiritilgandan soʻng qayta koʻrib chiqildi va qabul qilindi. Bu haqda “Oʻzatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qonunning maqsadi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini taʼminlash uchun yangi tashkil etilayotgan davlat tashkilotlari va tizimlarning faoliyati uchun qonuniy asoslar yaratish, shuningdek, milliy qonunchilikka atom energiyasidan foydalanish boʻyicha samarali xavfsizlik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.

Qonun loyihasida atom energiyasidan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishda quyidagi asosiy prinsiplar koʻzda tutilgan:

- fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini saqlash, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi;

- xavfsizlikning taʼminlanishi;

- axborotning ochiqligi;

- yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taʼqiqlanishi.

Qonun loyihasini tayyorlashda atom energetikasidan muvaffaqiyatli foydalanib kelayotgan xorijiy mamlakatlar, xususan, AQSH, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Kanada, Ukraina, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Chexiya, Belgiya, Shveysariya, Finlyandiya, Vengriya, Slovakiya, Argentina, Braziliya kabi davlatlarning hamda Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning (MAGATE) qonunchilik boʻyicha keng xalqaro tajribasi oʻrganildi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning 5-mart kuni ushbu Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda qabul qilingan.

Joriy yilning 13-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida mazkur Qonun loyihasini moddama - modda koʻrib chiqish jarayonida ayrim meʼyorlarni kuchaytirish, davlat boshqaruvi organlarining huquq va majburiyatlari, vakolatlarini yanada aniqlashtirish yuzasidan tavsiyalar berilgan edi. Loyihada toʻgʻridan–toʻgʻri taʼsir meʼyorlarini belgilash maqsadida, maxsus Ishchi guruh tarkibi shakllantirilib, deputatlar tomonidan berilgan tavsiyalar asosida Qonun loyihasi qayta ishlab chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?