Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida

09:55 11 Sentyabr 2019 Hujjatlar
338 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 2-iyulda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 23-avgustda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish (bundan buyon matnda atom energiyasidan foydalanish deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

atom energiyasi – atom yadrolarida mavjud boʻlgan va yadroviy reaksiyalar hamda radioaktiv parchalanish chogʻida ajralib chiqadigan energiya;

atom energetikasi – atom energiyasini oʻzgartirish yoʻli bilan elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi energetika tarmogʻi;

atom energiyasidan foydalanish obyektining toʻliq “hayotiy” davri – atom energiyasidan foydalanishning tegishli obyektlarini tadqiq etish, joylashtirish, loyihalashtirish, konstruksiyalash, ishlab chiqarish, qurish (shu jumladan montaj qilish, sozlash, ishga tushirish), ulardan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda ularning texnik qurilmalarini, binolarini va inshootlarini tekshiruvdan oʻtkazish, ushbu obyektlarni foydalanishdan chiqarish (yopish), transportda tashish (tashish), saqlash, qayta ishlash va koʻmib tashlash;

ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi – yadroviy reaktorning faol zonasidan butunlay chiqarib tashlangan va texnik xususiyatlariga koʻra yadroviy qurilmada foydalanish uchun moʻljallanmagan yadroviy material;

radiatsiyaviy manbalar – tarkibida radioaktiv moddalar mavjud boʻlgan yoki ionlashtiruvchi nurlanish chiqaradigan, yadroviy qurilmalar jumlasiga kirmaydigan majmualar, qurilmalar, apparatlar, uskunalar va buyumlar;

radioaktiv moddalar – ionlashtiruvchi nurlanishni tarqatadigan, yadroviy materiallar jumlasiga kirmaydigan moddalar;

radioaktiv chiqindilar – foydalanish uchun moʻljallanmagan, yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan eng koʻp miqdordan oshadigan faollik darajasiga ega radionuklidlarni oʻz ichiga olgan har qanday agregat holatidagi materiallar va moddalar;

saqlash punktlari – yadroviy qurilmalar jumlasiga kirmaydigan hamda yadroviy materiallarni va radioaktiv moddalarni saqlash, radioaktiv chiqindilarni saqlash yoki koʻmib tashlash uchun moʻljallangan statsionar obyektlar hamda inshootlar;

yadroviy yoqilgʻi – nazorat qilinadigan yadroviy boʻlinish reaksiyasini amalga oshirish hisobiga yadroviy qurilmada issiqlik energiyasi va (yoki) nurlanish oqimlarini olish uchun moʻljallangan yadroviy material;

yadroviy materiallar – tarkibida boʻlinadigan (parchalanadigan) yadroviy moddalar boʻlgan yoki ularni hosil qilishga qodir boʻlgan materiallar;

yadroviy reaktorning issiqlik ajratuvchi toʻplami – yadroviy materiallarni oʻz ichiga olgan va nazorat qilinadigan yadroviy reaksiyani amalga oshirish hisobiga yadroviy reaktorda issiqlik energiyasini olish uchun moʻljallangan buyum;

yadroviy qurilmalar – atom elektr stansiyalari, tadqiqot yadro reaktorlari, kritik va subkritik yadroviy stendlari boʻlgan inshootlar hamda majmualar, yadroviy yoqilgʻidan va yadroviy materiallardan foydalanish hamda ularni tashish uchun moʻljallangan qurilmalar.

 

4-modda.Atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari

Atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi;

xavfsizlikning taʼminlanishi;

axborotning ochiqligi;

yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi.

5-modda. Atom energiyasidan foydalanish obyektlari

Atom energiyasidan foydalanish obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

yadroviy qurilmalar;

saqlash punktlari;

yadroviy materiallar;

radiatsiyaviy manbalar;

radioaktiv moddalar;

yadroviy yoqilgʻi;

yadroviy reaktorlarning issiqlik ajratuvchi toʻplamlari;

ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi;

radioaktiv chiqindilar.

6-modda. Atom energiyasidan foydalanish obyektlariga boʻlgan mulk huquqi

Atom energiyasidan foydalanish obyektlari davlat mulkida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulkida boʻlishi mumkin. Davlat mulkida yoki yuridik shaxslar mulkida boʻlishi mumkin boʻlgan atom energiyasidan foydalanish obyektlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining mulkdorlari ushbu obyektlarning but saqlanishini va ulardan belgilangan maqsadiga muvofiq foydalanilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining yadroviy materiallarga, shuningdek ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻiga boʻlgan mulk huquqini chet davlatga yoki chet davlatning yuridik shaxsiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda tuziladi.

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan roʻyxatga kiritilmagan yuridik shaxslar mulkiga oʻtkazish haqidagi bitimlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining yadroviy materiallarga, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻiga boʻlgan mulk huquqini chet davlatga yoki chet davlatning yuridik shaxsiga oʻtkazish haqida ushbu moddaning uchinchi qismi talablarini buzgan holda tuzgan bitimlari oʻz oʻzidan haqiqiy emas.

7-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat turlari

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini tadqiq etish, joylashtirish, loyihalashtirish, barpo etish, ulardan foydalanish hamda ularni foydalanishdan chiqarish;

radiatsiyaviy manbalarni barpo etish, ulardan foydalanish va ularni foydalanishdan chiqarish;

yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun uskunalarni konstruksiyalash hamda tayyorlash;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) mazkur sohadagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza oʻtkazish;

radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining yadroviy, radiatsiyaviy, sanoat, yongʻin va ekologik xavfsizligini taʼminlash;

mazkur sohada ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;

atom energiyasidan foydalanish obyektlari jisman himoya qilinishini taʼminlash; 

mazkur sohada davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshirish;

yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun yadroviy materiallarni, uskunalarni hamda texnologiyalarni olib kirish va olib chiqish;

mazkur sohada xizmatlar koʻrsatish;

radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilish;

mazkur sohada mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat turlariga faoliyatning boshqa turlari ham kiritilishi mumkin.

2-bob. Atom energiyasidan foydalanish sohasini tartibga solish

8-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

mazkur sohadagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

milliy yadroviy infratuzilmani rivojlantirish;

atom energiyasidan foydalanish chogʻida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish;

atom energetikasini uzoq muddatli rivojlantirish;

mazkur sohada innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnikaviy ishlanmalar joriy etilishini ragʻbatlantirish;

mazkur sohada kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

9-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va mazkur sohadagi faoliyatning xavfsizligi talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.

10-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solish

Atom energiyasidan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solish atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, atom energetikasi sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari amalga oshiradi.

Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solishni atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ va atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlari (bundan buyon matnda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar deb yuritiladi) amalga oshiradi.

11-modda.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

atom energiyasidan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat dasturlari ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini tashkil etadi;

atom energiyasidan foydalanish sohasida oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;

yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti joylashtiriladigan joyni (hududni) tanlashga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;

atom energiyasidan foydalanish sohasida ilmiy-texnikaviy va investitsiyaviy faoliyat amalga oshirilishini tashkil etadi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlari joylashgan hududlarda yashovchi va (yoki) mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi;

atom energiyasidan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi. 

12-modda. Atom energetikasi sohasidagi

vakolatli davlat boshqaruvi organi

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi atom energetikasi sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat boshqaruvi organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat boshqaruvi organi:

atom energetikasini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining atom energetikasini rivojlantirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

atom energetikasini rivojlantirishga doir davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

atom energetikasida xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, shuningdek mazkur sohadagi normalar va qoidalarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida yongʻin xavfsizligi choralari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilishni taʼminlash choralarini koʻradi;

tasarrufidagi yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini tadqiq etishga, joylashtirishga, loyihalashtirishga, barpo etishga hamda ulardan foydalanishga oid ishlarni tashkil etadi;

fundamental tadqiqotlarning, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarning loyihalarini tayyorlash hamda amalga oshirishga, ilgʻor texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashadi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik tizimini yaratadi hamda takomillashtiradi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlaridagi yadroviy materiallar va texnologiyalarning, radioaktiv materiallarning tarqalib ketmasligi, shuningdek radiatsiyaviy hamda yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga doir tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan choralar koʻradi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarini ekspluatatsiya qilish uchun zarur boʻlgan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etadi, shu jumladan chet elda tashkil etadi;

avariyaga oid tashqi va ichki rejani ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilishning yagona avtomatlashtirilgan davlat tizimini tashkil qilishda va uning ishlashida ishtirok etadi;

yadroviy materiallar, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha dasturlarning shakllantirilishini va roʻyobga chiqarilishini taʼminlash ustidan idoraviy nazoratni amalga oshiradi; 

yadroviy qurilmalarning va (yoki) saqlash punktlarining bosh (ilmiy, konstruktorlik va loyihalashtirish) tashkilotlarini belgilaydi, ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

atom energetikasi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

Vakolatli davlat boshqaruvi organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

13-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlatorganlari, muassasalari 
va tashkilotlari

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, ilmiy, konstruktorlik va loyihalashtirish tashkilotlari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlaridir.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari oʻz vakolatlari doirasida:

radiatsiyaviy taʼsirdan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi saqlanishini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, ularning mol-mulki, shuningdek atrof-muhit himoya qilinishini taʼminlaydi;

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;

yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari joylashgan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga hamda ularning ekologik xavfsizligiga doir kompleks dasturlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etadi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlari hududida radiatsiyaviy vaziyatning monitoringini tashkil etadi va amalga oshiradi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik tizimlarini yaratadi hamda takomillashtiradi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarining yongʻin xavfsizligini taʼminlashga doir tadbirlarni amalga oshiradi;

tasarrufidagi atom energiyasidan foydalanish obyektlari jisman himoya qilinishini taʼminlash choralarini koʻradi;

atom energiyasidan foydalanish chogʻida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tasarrufidagi tashkilotlar hamda boʻlinmalarning kuchlari va vositalari harakat qilishga shayligi taʼminlanishini tashkil etadi, shuningdek bunday vaziyatlarning oldini olishga doir tadbirlarning bajarilishi ustidan idoraviy nazoratni amalga oshiradi;

atom energiyasidan foydalanish obyekti bilan bogʻliq avariya oqibatlarini bartaraf etishga, cheklashga va kamaytirishga doir tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi.

14-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi masalalarning jismoniy va yuridik shaxslar ishtirokida muhokama etilishini tashkil qiladi hamda unda ishtirok etadi;

radiatsiyaviy taʼsirdan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi saqlanishini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, mol-mulki himoya qilinishini, shuningdek atrof-muhit muhofaza qilinishini taʼminlashga doir tadbirlarda ishtirok etadi;

avariyaga oid tashqi rejani ishlab chiqishda ishtirok etadi;

yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini qurish uchun yer uchastkalarini ajratish boʻyicha yer kadastri materiallarini tasdiqlaydi;

tegishli hududda atom energiyasidan foydalanish obyekti bilan bogʻliq avariya yuz bergan taqdirda jismoniy va yuridik shaxslarning harakatlar qilishga shayligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

atom energiyasidan foydalanish obyekti bilan bogʻliq avariya oqibatlarini bartaraf etishga, cheklashga va kamaytirishga doir tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etadi;

aholini tegishli hudud doirasidagi radiatsiyaviy vaziyat va amalga oshirilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

15-modda. Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish

Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish radiatsiyaviy taʼsirdan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini saqlashga, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, mol-mulkini himoya qilishga, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgandir.

Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqish, tasdiqlash, amalga kiritish hamda amalga oshirish;

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash;

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ruxsat berish faoliyati;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning ushbu sohada belgilangan normalar va qoidalarga muvofiqligini baholash;

atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini, jisman himoya qilinishini taʼminlash ustidan, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining hamda atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlari va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizani tashkil etish.

Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar qarorlar qabul qilishda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi organlaridan mustaqildir.

16-modda. Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ

Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organdir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli organ deb yuritiladi).

Maxsus vakolatli organ oʻz vakolatlari doirasida:

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini shakllantiradi va amalga oshiradi;

atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarida atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini taʼminlash ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiradi;

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi, amalga kiritadi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

yadroviy qurilmalarda va (yoki) saqlash punktlarida pudratchilar tomonidan bajariladigan ishlarni qabul qilib olishda ishtirok etadi;

yadroviy qurilmalarda va (yoki) saqlash punktlarida radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilarning hisobiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini taʼminlaydi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizani tashkil etadi;

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalashni amalga oshiradi;

ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning xodimlariga hamda atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning xodimlariga atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqiga doir ruxsatnomalarni xodimlarning lavozimlari roʻyxatiga, shuningdek ishlarning turlari roʻyxatiga muvofiq beradi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligini taʼminlash yuzasidan profilaktika choralarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

avariyaga oid tashqi rejani ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda davlat boshqaruvi organlarining va atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat nazoratini taʼminlaydi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlaridagi noxush hodisalar va avariyalarning sabablarini texnik jihatdan tekshirish tartibini tasdiqlaydi;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga atom energiyasidan foydalanish chogʻidagi xavfsizlik masalalari yuzasidan axborot beradi;

atom energiyasidan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi. 

Maxsus vakolatli organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

17-modda. Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlari

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlaridir.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqadi hamda ularni maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;

yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini joylashtirish uchun maydonchalarni tanlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilishda ishtirok etadi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizani tashkil qilishda ishtirok etadi;

yadroviy, radiatsiyaviy, sanoat, yongʻinga oid, sanitariya-epidemiologik va ekologik xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiradi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishi, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining va boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

18-modda. Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibgasoluvchi organlar mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari

Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlardan, shuningdek atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslardan tekshirish (inspeksiya) oʻtkazish jarayonida zarur boʻlgan axborot va hujjatlarni soʻrash hamda olish;

xizmat guvohnomasini va xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) tekshirish (inspeksiya) tayinlash toʻgʻrisidagi buyrugʻining koʻchirma nusxasini taqdim etgach, yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini, yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchi yuridik shaxslarni moneliksiz borib koʻrish hamda binolarni, xonalarni, inshootlarni, texnik vositalarni, uskunalarni, dasturiy taʼminotni, materiallarni koʻrikdan oʻtkazish, shuningdek tadqiqotlar, sinovlar, ekspertizalar, tekshirishlar hamda davlat nazorati va tekshiruviga doir boshqa tadbirlar oʻtkazish;

ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga, shuningdek atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarga majburiy talablarning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;

ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga, shuningdek yadroviy qurilmada va (yoki) saqlash punktida ishlarni bajaruvchi boshqa yuridik shaxslarga ushbu obyektlarda yadroviy va (yoki) radiatsiyaviy xavfsizlikka, xodimlarning hayoti hamda sogʻligʻiga tahdid soluvchi holatlar aniqlangan taqdirda ishlarni toʻxtatib turish haqida koʻrsatmalar berish.

Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida:

majburiy talablarning buzilishi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzishi, maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni koʻrib chiqishi va bunday buzilishlarning oldini olish yuzasidan choralar koʻrishi; 

majburiy talablarning buzilishi bilan bogʻliq materiallarni jinoyatlar alomatlari boʻyicha jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishi shart.

19-modda.Maxsus vakolatli organni ilmiy-texnikaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish

Maxsus vakolatli organ ilmiy-texnikaviy koʻmak olish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiruvchi tegishli tashkilotlarni jalb etishga haqli:

atom energiyasidan foydalanish sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish hamda muvofiqlashtirish;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza oʻtkazish;

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy bazani rivojlantirish va takomillashtirishga koʻmaklashish.

20-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga, shuningdek atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarga atom energiyasidan foydalanish obyektlari va olib borilayotgan ishlar xavfsizligini taʼminlash sharti bilan maxsus vakolatli organ tomonidan beriladi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi quyidagi faoliyati litsenziyalanishi lozim:

yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini barpo etish hamda ulardan foydalanish;

radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot litsenziyani olishi uchun zarur boʻlgan asosiy shartlar quyidagilardan iborat:

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizaning ijobiy xulosasi mavjudligi;

ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotda radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zarar oʻrnini qoplashning moliyaviy taʼminoti mavjudligi;

atom energiyasidan foydalanish obyekti toʻliq “hayotiy” davrining barcha bosqichlarida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning moliyaviy barqarorligi asoslanganligi.

Boshqa yuridik shaxslarning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi quyidagi faoliyati litsenziyalanishi lozim:

yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini loyihalashtirish hamda qurish, radiatsiyaviy manbalardan foydalanish;

yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari, radiatsiyaviy manbalar uchun uskunalarni konstruksiyalash hamda tayyorlash;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza oʻtkazish;

radioaktiv moddalar va yadroviy materiallar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish, shu jumladan ulardan foydalanish, ularni transportda tashish (tashish) va saqlash;

radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish, shu jumladan ularni qayta ishlash, transportda tashish (tashish), saqlash va koʻmib tashlash;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;

yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun yadroviy materiallar, uskunalar hamda texnologiyalarni olib kirish va olib chiqish;

atom energiyasidan foydalanish sohasida xizmatlar koʻrsatish;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarini ishlatish uchun zarur boʻlgan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

Yangi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qabul qilinishi, shuningdek ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi bevosita litsenziyaning amal qilishini tugatishga yoki uning amal qilish muddati oʻzgarishiga olib kelmaydi.

Litsenziyalash jarayonida maxsus vakolatli organning ilmiy-texnikaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyatning va tegishli atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligi yuzasidan ekspertiza oʻtkazadi.

Atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi chet davlatning yuridik shaxslariga (ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlardan tashqari) maxsus vakolatli organning qaroriga koʻra litsenziya mazkur yuridik shaxslar roʻyxatga olingan mamlakatda vakolatli organ tomonidan ularga berilgan xuddi shunday litsenziyaning amal qilish muddatiga berilishi mumkin.

21-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqini beruvchi ruxsatnoma

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi muayyan ishlar ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning xodimlari va atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan faqat ularda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqini beruvchi ruxsatnomalar mavjud boʻlgan taqdirdagina bajarilishi mumkin.

Bajaradigan faoliyatiga qarab atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqini beruvchi ruxsatnomalarni olishi kerak boʻlgan xodimlar lavozimlarining roʻyxati, shuningdek amalga oshirilishi uchun atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqini beruvchi ruxsatnomalarni olish zarur boʻlgan ishlar turlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

22-modda. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida qoʻllaniladigan buyumlarni, uskunalarni va texnik qurilmalarni sertifikatlashtirish

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida qoʻllash uchun sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan buyumlar, uskunalar va texnik qurilmalar sertifikatlashtirish boʻyicha akkreditatsiya qilingan organlarda sertifikatlashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun yetkazib beriladigan buyumlarga, uskunalarga hamda texnik qurilmalarga nisbatan yetkazib beruvchi mamlakatda berilgan sertifikatlar qoʻllanilishi mumkin.

23-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, ularning rahbarlari, boshqa mansabdor shaxslari hamda xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan talablar (bundan buyon matnda majburiy talablar deb yuritiladi) buzilishining oldini olishga, ularni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgandir.

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat nazorati va tekshiruvi tekshirishlarni (inspeksiyalarni) tashkil etish hamda oʻtkazish, aniqlangan qoidabuzarliklarga barham berish yuzasidan choralar koʻrish, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar, shuningdek boshqa yuridik shaxslar tomonidan mazkur sohadagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida majburiy talablar ijrosi ustidan tizimli kuzatish, majburiy talablar ijrosining holatini tahlil va prognoz qilish orqali amalga oshiriladi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot, shuningdek boshqa yuridik shaxs tomonidan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur boʻlgan majburiy talablarga, litsenziyaning amal qilish shartlariga rioya etilishi, atom energiyasidan foydalanish obyektlarining mazkur sohada belgilangan normalar va qoidalarga muvofiqligi tekshirish (inspeksiya) predmetidir.

Yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun yadroviy, radiatsiyaviy, sanoat, yongʻinga oid, sanitariya-epidemiologik, ekologik xavfsizlikni taʼminlash ustidan tegishincha davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiradigan xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning bevosita yadroviy qurilmalardagi va (yoki) saqlash punktlaridagi doimiy vakilligini nazarda tutuvchi davlat nazorati va tekshiruvi rejimi belgilanadi.

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilishni taʼminlash ustidan davlat nazorati va tekshiruvi xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat boshqaruvi organlarining va boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat nazorati maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi. Davlat boshqaruvi organlarining va boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat tekshiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Atom energiyasidan foydalanish obyekti bilan bogʻliq boʻlgan avariya sodir boʻlgan taqdirda jismoniy va yuridik shaxslarning harakat qilishga shayligi ustidan davlat nazoratini mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hudud doirasida amalga oshiradi.

Yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda ularni foydalanishdan chiqarish ustidan davlat arxitektura-qurilish nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

24-modda. Atom energiyasidan foydalanish boʻyicha tadbirlarda fuqarolarning, nodavlat notijorat tashkilotlarining 
vafuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki

Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarning, normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini, yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlarini joylashtirish, loyihalashtirish, barpo etish, ulardan foydalanish va ularni foydalanishdan chiqarish masalalarining muhokamasida ishtirok etishi hamda takliflar kiritishi;

atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etish uchun oʻzining vakolatli vakillarini tavsiya etishi;

barpo etilishi moʻljallanayotgan, loyihalashtirilayotgan, barpo etilayotgan, foydalanilayotgan va foydalanishdan chiqarilayotgan yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlarining xavfsizligi toʻgʻrisida tegishli davlat organlari hamda tashkilotlardan axborot soʻrashi va olishi, bundan davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar mustasno;

tanishish maqsadida yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashrif buyurishi;

atom energiyasidan foydalanishga doir tadbirlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashishi;

aholi oʻrtasida fuqarolarning xabardorligini, huquqiy savodxonligi va ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini oʻtkazishda ishtirok etishi mumkin.

Radiatsiyaviy taʼsirga duchor boʻlgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibda va shaklda beriladigan nurlanish dozasi toʻgʻrisida hujjatni olish huquqiga ega.

3-bob. yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish hamda barpo etish

25-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish hamda barpo etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish uchun maydoncha tanlash toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

Maxsus vakolatli organ tanlangan maydonchaning xavfsizligini asoslash yuzasidan davlat ekspertizasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etadi hamda maydonchadan yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish uchun foydalanishga doir ruxsatnoma beradi.

Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining atrof-muhitga radiatsiyaviy taʼsirini baholash boʻyicha hujjatlar vakolatli davlat boshqaruvi organi yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan mazkur atom energiyasidan foydalanish obyektlarining loyiha hujjatlari tarkibida atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza uchun taqdim etiladi.

26-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizlik darajasi pasayishiga, atrof-muhit holatining yomonlashuviga yoki boshqa salbiy oqibatlarga sabab boʻluvchi qoʻshimcha omillar aniqlangan taqdirda, yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu obyektlarning va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza xulosalari asosida bekor qilinishi, ularning barpo etilishi esa, tugatilishi yoki toʻxtatib turilishi kerak.

Xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar, vakolatli davlat boshqaruvi organi, mahalliy davlat hokimiyati organlari yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish haqida atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza asosida qoʻshimcha omillarni asoslantirgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish tugatilganligi yoki toʻxtatib turilganligi bilan bogʻliq zararlarning oʻrni ushbu omillar qaysi yuridik shaxslarning aybi tufayli oʻz vaqtida aniqlanmagan hamda hisobga olinmagan boʻlsa, oʻsha shaxslar hisobidan sud tartibida qoplanishi lozim. Barcha boshqa hollarda mazkur obyektlarni barpo etish tugatilganligi yoki toʻxtatib turilganligi bilan bogʻliq zararlarning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi lozim.

27-modda. Sanitariya-muhofaza zonasini, kuzatuv zonasini va xavfsizlik zonasini belgilash

Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti joylashtirilgan hududda xavfsizlikni taʼminlash maqsadlarida quyidagi alohida hududlar belgilab qoʻyiladi:

sanitariya-muhofaza zonasi – alohida foydalanish rejimiga ega maxsus hudud;

kuzatuv zonasi – yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti ushbu zonada yashovchi aholiga radiatsiyaviy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli mavjud boʻlgan hudud; 

xavfsizlik zonasi – alohida huquqiy rejimga ega hudud.

Sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasining oʻlchamlari hamda chegaralari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining loyihasida belgilanadi.

Sanitariya-muhofaza zonasida yashash uchun moʻljallangan turar joylarni va jamoat binolarini, bolalar muassasalarini, shuningdek yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining ishlashiga aloqador boʻlmagan hamda sanitariya-muhofaza zonasining tasdiqlangan loyihasida nazarda tutilmagan davolash-sogʻlomlashtirish muassasalarini, umumiy ovqatlanish obyektlarini, sanoat obyektlarini, yordamchi va boshqa inshootlarni hamda obyektlarni joylashtirish taqiqlanadi.

Sanitariya-muhofaza zonasida joylashgan mavjud obyektlar va inshootlarning foydalanish sohasi oʻzgargan taqdirda, ulardan xoʻjalik maqsadlari uchun foydalanishga ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning taqdimnomasiga koʻra xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.

Kuzatuv zonasida xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar tomonidan xoʻjalik faoliyati uchun cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Sanitariya-muhofaza zonasida va kuzatuv zonasida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar hamda qoidalarga muvofiq radiatsiyaviy xavfsizlikning taʼminlanishi ustidan nazorat va radiatsiyaviy vaziyat monitoringi amalga oshiriladi.

Xavfsizlik zonasining oʻlchamlari va chegaralari atom energiyasidan foydalanish obyektining (hududning) himoyalanganligi taʼminlanganligi haqidagi axborotni hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti hududida terrorchilik harakati sodir etilishining oldini olish, unga chek qoʻyish va (yoki) ushbu obyektlarda terrorchilik harakatining oqibatlarini tugatishga doir tadbirlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizlik pasporti hisobga olingan holda belgilanadi.

Xavfsizlik zonasining alohida huquqiy rejimi quyidagi cheklovlarni oʻz ichiga oladi:

jismoniy shaxslarning xavfsizlik zonasi hududiga kirishiga va (yoki) unda boʻlishiga doir cheklovlarni, jismoniy shaxslarning xavfsizlik zonasi hududiga kirishini va (yoki) unda boʻlishini rad etish uchun asoslar roʻyxati belgilab qoʻyilgan holda;

uchuvchi apparatlarning (shu jumladan havo kemalarining) xavfsizlik zonasi hududi ustidan parvozlariga doir cheklovlarni;

jismoniy shaxslarning xavfsizlik zonasi hududiga kirishiga va (yoki) unda boʻlishiga doir cheklovlar bilan bogʻliq boʻlgan xoʻjalik hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish, tabiiy resurslarga, koʻchmas mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga doir cheklovlarni.

Sanitariya-muhofaza zonasi, kuzatuv zonasi va xavfsizlik zonasi belgilanganligi tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan yer toʻgʻrisidagi hamda fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.

28-modda. Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining loyihasi

Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punktining loyihasi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar hamda qoidalarga muvofiq ishlab chiqiladi.

Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punktining loyihasida yer uchastkasi berilishi uchun zarur boʻlgan oʻlchamlar, loyihalashtirilayotgan yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun ajratilgan yer uchastkasidan foydalanishga doir huquqlarga cheklovlar (yuklamalar) belgilash zarurligi funksional kapital imoratlarni (binolarni, inshootlarni), ishlab chiqarish, transport, muhandislik infratuzilmasining boshqa obyektlarini joylashtirish va sanitariya-muhofaza zonasini hamda kuzatuv zonasini, shuningdek xavfsizlik zonasini belgilash hisobga olingan holda asoslangan boʻlishi kerak.

Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punktining loyihasida ularni foydalanishdan xavfsiz tarzda chiqarishga doir tadbirlar, radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni xavfsiz amalga oshirishga doir tadbirlar nazarda tutilgan boʻlishi kerak.

Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punktining loyihasi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan tasdiqlanadi.

Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punktining loyihasi atom energiyasidan foydalanishning tegishli obyekti xavfsizligini tasdiqlaydigan atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini asoslashga doir ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir qoʻshimcha ekspertizalarni oʻz vakolatlari doirasida tashkil etishi, shu jumladan mustaqil xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda tashkil etishi mumkin.

4-bob. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini qabul qilib olish, ishga tushirish, ulardan foydalanish hamda ularni foydalanishdan chiqarish

29-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini qabul qilib olish hamda ishga tushirish

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishga qabul qilib olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti loyihasida nazarda tutilgan barcha ishlab chiqarish va maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan obyektlar bilan kompleks ravishda amalga oshirilishi kerak.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ishga tushirish yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ishga tushirishning ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan koʻrsatilgan obyektlar loyihalari asosida tasdiqlangan hamda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi tegishli organlar bilan kelishilgan dasturga muvofiq amalga oshiriladi.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ishga tushirish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ishlatish uchun maxsus vakolatli organ tomonidan berilgan litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.

 

30-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilish

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun masʼul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaxs ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotdir.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizligi, shuningdek radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlar amalga oshirilishi uchun javobgardir.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot litsenziyadan mahrum etilgan taqdirda, u atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligi uchun bu obyektlar boshqa ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga topshirilguniga yoki yangi litsenziya olinguniga qadar javobgar boʻlib qolaveradi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli moliyaviy, moddiy-texnik resurslarga va kadrlar salohiyatiga ega boʻlishi kerak.

Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga doir faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.

31-modda. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etish;

yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish, barpo etish, ulardan foydalanish hamda ularni foydalanishdan chiqarish, yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish;

yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish hamda foydalanishdan chiqarish, yadroviy qurilmalar uchun yadroviy yoqilgʻini yetkazib berish, foydalanishning servis jihatdan qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish uchun shartnomalar boʻyicha yagona buyurtmachi vazifalarini bajarish;

atom energiyasidan foydalanish obyektining toʻliq “hayotiy” davri uchun yadroviy qurilmadan va (yoki) saqlash punktidan foydalanishni konstruktorlik jihatidan taʼminlash uchun shartnomalar tuzish;

chet el davlatlarining vakolatli organlari tomonidan malakasi tasdiqlangan va maxsus vakolatli organ tomonidan oʻziga atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqini beruvchi ruxsatnoma berilgan chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, shu jumladan atom energiyasidan foydalanish obyektlarini boshqarish uchun ishga qabul qilish.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot:

yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini joylashtirish uchun maydonchadan foydalanishga maxsus vakolatli organdan ruxsatnoma olish maqsadida xavfsizlikni asoslash uchun muhandislik izlanishlarini hamda tadqiqotlarini tashkil etishi;

atom energiyasidan foydalanish obyekti toʻliq “hayotiy” davrining barcha bosqichlarida xavfsizlikni taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;

yadroviy qurilmada va (yoki) saqlash punktida radiatsiyaviy 
vaziyat monitoringini hamda atom energiyasidan foydalanish xavfsizligi ustidan ishlab chiqarish nazoratini amalga oshiruvchi xizmatlarni tashkil etishi;

xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarga yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizligi holati toʻgʻrisida axborot taqdim etishi;

xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar mansabdor shaxslarining koʻrsatmalarini bajarishi;

tegishli atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishini taʼminlashi;

yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish,ulardan foydalanish hamda ularni foydalanishdan chiqarishning barcha bosqichlarida sifatni taʼminlash dasturlarini ishlab chiqishi va amalga oshirishi;

yadroviy qurilmalarning va (yoki) saqlash punktlarining axborot xavfsizligini taʼminlashi;

yadroviy qurilmalarda va (yoki) saqlash punktlarida radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilarning hisobini yuritishi;

yadroviy qurilmadagi va (yoki) saqlash punktidagi avariyalarning oldini olish hamda oʻz xodimlari va jalb etiladigan xodimlar, ularga tutash hududlarning aholisi va atrof-muhit uchun avariyalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish yuzasidan choralar ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;

yadroviy qurilmadan va (yoki) saqlash punktidan foydalanish chogʻida sodir boʻlgan noxush hodisalar hamda avariyalar sabablarining texnik tekshiruvini oʻtkazishi;

yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining avariyaga oid ichki rejasini ishlab chiqishi hamda tasdiqlashi va uni bajarish uchun oʻz xodimlarining hamda jalb etiladigan xodimlarning va zarur boʻlgan moddiy-texnika vositalarining shayligini taʼminlashi;

oʻz xodimlarining ijtimoiy kafolatlarga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini taʼminlashi;

oʻz xodimlarining va jalb etiladigan xodimlarning individual nurlanish dozalarining dozimetrik hisobini amalga oshirishi;

oʻz xodimlarini va jalb etiladigan xodimlarni tegishli shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlashi;

oʻz xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etishi;

yadroviy qurilmada va (yoki) saqlash punktida yongʻindan himoya qilish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga doir tadbirlarning dasturlarini ishlab chiqishi, tasdiqlashi hamda amalga oshirishi;

xodimlarni tanlashi, tayyorlashi, qayta tayyorlashi va ularning malakasini oshirishi hamda ishlab chiqarishda ular uchun zarur ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishi;

sanitariya-muhofaza zonasidagi va kuzatuv zonasidagi radiatsiyaviy vaziyat toʻgʻrisida aholini xabardor qilishi shart.

32-modda. Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizligini davriy baholash

Yadroviy qurilmadan va (yoki) saqlash punktidan foydalanishda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizligini davriy baholashni oʻtkazadi.

Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizligini birinchi marta baholash foydalanish boshlanganidan keyin oʻn yil oʻtgach amalga oshirilib, keyinchalik foydalanish yakunlanguniga qadar xavfsizlik har oʻn yilda davriy baholanadi.

Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsizligini davriy baholashni oʻtkazish tartibi hamda tegishli tadqiqotlarning hajmi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

33-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish

Yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini foydalanishdan chiqarishni taʼminlashga doir tartib va chora-tadbirlar atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar hamda qoidalarga muvofiq yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti loyihasida nazarda tutilgan boʻlishi kerak.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ularning yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti loyihasida belgilangan texnik resursi sarflanib boʻlguniga qadar foydalanishdan chiqarish toʻgʻrisidagi yoki ular ishining loyihadagi texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini cheklash haqidagi takliflar tegishli asoslar hamda davlat ekspertizalarining xulosalari mavjud boʻlgan taqdirda vakolatli davlat boshqaruvi organi, xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan kiritilishi mumkin.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini muddatidan ilgari foydalanishdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror texnologik jarayonlar va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning imkoniyatlari hisobga olingan holda qabul qilinadi.

34-modda. Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish jamgʻarmasi

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish, muddatidan ilgari foydalanishdan chiqarish yoxud foydalanish xususiyatlarini cheklash boʻyicha ishlarni moliyalashtirish uchun ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish jamgʻarmasi tuziladi.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish jamgʻarmasini shakllantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi hamda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ishga tushirishdan oldin belgilangan boʻlishi kerak.

Atom elektr stansiyasi yoki uning bloki uchun Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish jamgʻarmasi elektr hamda issiqlik energiyasini sotishdan va boshqa xizmatlarni koʻrsatishdan olinadigan mablagʻlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish jamgʻarmasining mablagʻlaridan faqat yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini foydalanishdan chiqarish, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻiga doir ishlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish hamda ushbu obyektlarning xavfsizligini asoslash va oshirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini moliyalashtirish uchun foydalaniladi.

5-bob. Radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar, yadroviy yoqilgʻi, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish

35-modda. Radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilarning davlat hisobi

Radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilar ionlashtiruvchi nurlanish chiqaradigan manbalarning muomalasi ustidan davlat hisobi hamda nazorati tizimida davlat hisobiga olinishi lozim.

Ionlashtiruvchi nurlanish chiqaradigan manbalarning muomalasi ustidan davlat hisobi va nazorati tizimini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

36-modda. Radioaktiv moddalarni, yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini va radioaktiv chiqindilarni transportda tashish (tashish)

Radioaktiv moddalarni, yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini va radioaktiv chiqindilarni transportda tashish (tashish) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar hamda qoidalarga, xavfli yuklarni tashish qoidalariga, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Radioaktiv moddalarni, yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini va radioaktiv chiqindilarni transportda tashish (tashish) qoidalarida joʻnatuvchining, tashuvchining hamda oluvchining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, transportda tashish (tashish) chogʻidagi xavfsizlik, jisman himoya qilish choralari, oʻrovga, tamgʻalashga hamda transport vositalariga qoʻyiladigan talablar, transport hodisalariga va avariyalarga yoʻl qoʻymaslikka doir kelishilgan chora-tadbirlar tizimi, ehtimol tutilgan avariyalarning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va ularning oqibatlarini tugatish tadbirlari nazarda tutilgan boʻlishi kerak.

Radioaktiv moddalarni, yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini va radioaktiv chiqindilarni transportda tashish (tashish) chogʻidagi avariyalarning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ularning oqibatlarini tugatish transportda tashish (tashish) subyektlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ixtisoslashtirilgan boʻlinmalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining tegishli funksional quyi tizimlarining kuchlari hamda vositalari orqali amalga oshiriladi.

37-modda. Radioaktiv moddalarni, yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini varadioaktiv chiqindilarni olib kirish hamda olib chiqish

Yadroviy materiallarni, yadroviy yoqilgʻini va radioaktiv chiqindilarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda uning hududidan olib chiqish, shuningdek ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Radioaktiv moddalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga faqat ilgari Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilar va ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻidan olingan qayta ishlash mahsulotlarini olib kirishga yoʻl qoʻyiladi.

38-modda. Radioaktiv moddalarni va yadroviy materiallarni saqlash

Radioaktiv moddalarni va yadroviy materiallarni saqlash ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Radioaktiv moddalarni va yadroviy materiallarni saqlash chogʻida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar xodimlarini, yadroviy qurilmalarga va (yoki) saqlash punktlariga tutash hududlardagi aholini hamda atrof-muhitni radiatsiyaviy taʼsirdan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar hamda qoidalarga rioya etilgan holda himoya qilish taʼminlanishi kerak.

39-modda. Radioaktiv chiqindilarni saqlash, qayta ishlash va koʻmib tashlash

Radioaktiv chiqindilarni saqlash, qayta ishlash va koʻmib tashlash loyiha hujjatlarida va (yoki) texnologik hujjatlarda nazarda tutilishi kerak hamda faqat buning uchun maxsus moʻljallangan saqlash punktlarida yoʻl qoʻyiladi.

Radioaktiv chiqindilarni saqlash, qayta ishlash va koʻmib tashlash chogʻida aholini radiatsiyaviy taʼsirdan himoya qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash uchun bu chiqindilarning xavfsizligi hamda ularni atrof-muhitdan ajratib qoʻyish taʼminlanishi kerak.

6-bob. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilish

40-modda. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishini taʼminlash

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilish quyidagilarga qaratilgan texnik va tashkiliy choralar kompleksini rejalashtirish, muvofiqlashtirish, davlat tomonidan nazorat qilish hamda tekshirishning, amalga oshirishning yagona tizimini nazarda tutadi:

yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari hududiga ruxsatsiz kirishning, radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilardan ruxsatsiz foydalanishning oldini olishga, shuningdek ular talon-toroj qilinishining va shikastlantirilishining oldini olishga;

radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilarning bir butunligiga nisbatan har qanday tajovuzlarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularga chek qoʻyishga, yadroviy qurilmalarning va (yoki) saqlash punktlarining xavfsizligiga tahdid qiluvchi qoʻporuvchilik hamda terrorchilik harakatlarini oʻz vaqtida aniqlashga va ularga chek qoʻyishga;

yoʻqolgan yoki oʻgʻirlangan radioaktiv moddalarni, yadroviy materiallarni va radioaktiv chiqindilarni topish hamda qaytarishga.

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishini taʼminlashga doir talablar atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar bilan belgilanadi.

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishini taʼminlash loyihalashtirishning, barpo etishning, ishga tushirishning, foydalanishning va foydalanishdan chiqarishning barcha bosqichlarida, shuningdek radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni bajarish, shu jumladan ularni transportda tashish (tashish) chogʻida amalga oshiriladi.

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarini jisman himoya qilish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar va xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi tegishli organlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasida taʼminlanadi.

Zarur hollarda, atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishini taʼminlashga doir vazifalarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli boʻlinmalari jalb etilishi mumkin.

Yadroviy qurilmalardan va (yoki) saqlash punktlaridan foydalanish, shuningdek ishlab chiqarishning, foydalanishning, qayta ishlashning, transportda tashishning va saqlashning istalgan bosqichida turgan radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilar bilan ishlarni amalga oshirish, agar ularning jisman himoya qilinishi taʼminlanmagan boʻlsa, taqiqlanadi.

41-modda. Yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti hududidagi shaxslarning huquqlarini cheklash

Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining jisman himoya qilinishini taʼminlash maqsadida yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti joylashgan hududdagi, shuningdek ularning sanitariya-muhofaza zonalaridagi hamda xavfsizlik zonalaridagi shaxslarning yurishi va harakat qilishi cheklanishi mumkin, ularning ashyolari va transport vositalari esa koʻzdan kechirilishi, shu jumladan maxsus vositalar qoʻllanilgan holda koʻzdan kechirilishi mumkin.

42-modda. Yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari hududlarida ommaviy tadbirlar

Yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining sanitariya-muhofaza zonasida hamda xavfsizlik zonasida ruxsat etilmagan yigʻilishlar, mitinglar, namoyishlar va boshqa ommaviy tadbirlarni (bundan buyon matnda ommaviy tadbirlar deb yuritiladi) oʻtkazish taqiqlanadi.

Yadroviy qurilmalarning va (yoki) saqlash punktlarining sanitariya-muhofaza zonasi hamda xavfsizlik zonasi tashqarisida ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishga, agar buning natijasida yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining ish qobiliyati buzilishi yuz berishi mumkin boʻlsa, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning xodimlari oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi qiyinlashsa yoxud aholi yoki atrof-muhit xavfsizligiga boshqa tahdidlar yuzaga kelsa, yoʻl qoʻyilmaydi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan, yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining xavfsiz ishlashiga tahdid soluvchi harakatlar natijasida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga yetkazilgan zararning oʻrni aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanadi.

43-modda. Shaxslarning atom energiyasidan foydalanish obyektlarida ishlashiga ruxsat berish

Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va bu ish uchun tibbiy jihatdan qarshi koʻrsatmalarga ega boʻlmagan, tegishli malaka talablariga javob beradigan, maxsus vakolatli organ tomonidan beriladigan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi ishlarni olib borish huquqini beruvchi ruxsatnomaga ega boʻlgan, shuningdek mazkur ishga, agar ish davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlsa, ruxsat olgan shaxslarning ishlashiga yoʻl qoʻyiladi.

Tibbiy jihatdan qarshi koʻrsatmalarning roʻyxati va ular tatbiq etiladigan lavozimlarning roʻyxati, shuningdek tibbiy koʻriklar va psixofizik tekshiruvlar oʻtkazishga doir talablar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

7-bob. Avariyaga oid shaylik va avariya holatida harakat qilish

44-modda. Avariyaga oid shaylikni va avariya holatida harakat qilishni tashkil etish

Avariyaga oid shaylikni va avariya holatida harakat qilishni tashkil etish avariyaga oid tashqi hamda ichki rejalar bilan belgilanadigan, avariyaga oid shaylikni taʼminlash va avariya holatida harakat qilishni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.

45-modda. Avariyaga oid rejalarni ishlab chiqish tartibi

Avariyaga oid rejalarni ishlab chiqish tartibi, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida yuzaga kelgan avariya oqibatlarini tugatish, cheklash yoki kamaytirish choralari, aholini xabardor qilish usullari, shuningdek avariyaga oid shaylikni tekshirish choralari maxsus vakolatli organning yoki Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

46-modda. Avariyaga oid tashqi reja

Avariyaga oid tashqi rejada avariya holatida harakat qilish zonalari hamda davlat boshqaruvi organlarining va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi kuchlari va vositalarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat holatida jismoniy shaxslarning hayoti va sogʻligʻini saqlashga, atrof-muhitni muhofaza qilishga hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilishga qaratilgan harakatlari belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi avariyaga oid tashqi reja ishlab chiqilishini hamda tegishli davlat boshqaruvi organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi kuchlari hamda vositalari tomonidan uni amalga oshirishga doir tadbirlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi.

Avariyaga oid tashqi reja Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

47-modda. Avariyaga oid ichki reja

Avariyaga oid ichki reja ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini barpo etish yoki undan foydalanish chogʻida yuzaga kelgan avariya oqibatlarini tugatishga, cheklashga yoki kamaytirishga doir harakatlarini belgilaydi.

Avariyaga oid ichki reja ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan avariyaga oid tashqi reja hisobga olingan holda ishlab chiqiladi hamda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar bilan kelishilganidan soʻng tasdiqlanadi.

Avariyaga oid ichki reja yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining rejalashtirilgan ishga tushirilishi boshlanishidan kamida olti oy oldin tasdiqlanishi kerak.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan avariyaga oid ichki reja tadbirlarini ishlab chiqadi hamda uning moddiy-texnika taʼminotining va kadrlar bilan taʼminlanishining zarur darajasini saqlab turadi.

Avariyaga oid ichki reja yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti ishga tushirilguniga qadar hamda butun foydalanish muddati mobaynida maxsus vakolatli organ va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan belgilangan davriylikda amaliy tekshiruvdan oʻtkaziladi.

48-modda. Avariyaga oid shaylikni va avariya holatida harakat qilishni taʼminlashga doir talablar

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot oʻz xodimlarini avariyaga oid tashqi va ichki rejalar bilan tanishtirishi hamda xodimlarni ushbu rejalarga muvofiq majburiyatlarni bajarishga tayyorlash yuzasidan oʻquv dasturini amalga oshirishi shart.

Yadroviy qurilmada va (yoki) saqlash punktida atrof-muhitga radiatsiyaviy xavfsizlikning belgilangan nazorat darajalaridan ortiq miqdorda radioaktiv moddalar chiqishiga olib kelgan avariya yuzaga kelgan taqdirda, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot:

tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini, vakolatli davlat boshqaruvi organini, xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarni, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, hududning eng tahdid solinayotgan uchastkalari aholisini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilishning yagona avtomatlashtirilgan davlat tizimi xizmatlarini radiatsiyaviy vaziyat toʻgʻrisidagi tezkor axborot bilan taʼminlashi;

radiatsiyaviy avariya oqibatlarini tugatish, cheklash yoki kamaytirish boʻyicha avariyaga oid tashqi va ichki rejalarga muvofiq harakatlar qilinishini taʼminlashi; 

chet tashkilotlarning va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning avariya oqibatlarini tugatishda band boʻlmagan va ishi xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq boʻlmagan xodimlari evakuatsiya qilinishini taʼminlashi;

radioaktiv moddalar atrof-muhitga chiqib ketishining uzluksiz monitoring qilinishini taʼminlashi;

avariyaga oid ishlar amalga oshiriladigan zonalarda dozimetrik nazoratni taʼminlashi;

avariya oqibatlarini tugatishda, cheklashda yoki kamaytirishda ishtirok etayotgan shaxslarga toʻgʻri keladigan doza koʻrsatkichlarining joriy monitoringini va hisobga olinishini, shuningdek radiatsiyaviy xavfsizlikning belgilangan nazorat darajalaridan ortib ketishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan choralar koʻrilishini taʼminlashi shart.

Avariya rivojlanishining oldini olishga yoki uni tugatishga doir ishlar bajarilayotganda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlarining radiatsiyaviy xavfsizlikning belgilangan nazorat darajalaridan koʻproq nurlanishiga (lekin atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarda belgilangan potensial xavfli nurlanish dozasidan yuqori boʻlmagan miqdorda) yoʻl qoʻyilishi mumkin.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot mazkur ishlarda ishtirok etayotgan xodimlarni radiatsiyaviy xavfsizlikning belgilangan nazorat darajalaridan koʻproq nurlanishning yuz berishi mumkin boʻlgan xavfi toʻgʻrisida oldindan xabardor qilishi va bunga ularning yozma roziligini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining ruxsatnomasini olishi shart.

8-bob. Radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash

49-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarga radiatsiyaviy taʼsir natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash

Jismoniy shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan hamda radiatsiyaviy taʼsir bilan bogʻliq yoxud radiatsiyaviy taʼsirning zaharli, portlovchi yoki boshqa xavfli taʼsirlar bilan uygʻunlashuviga bogʻliq boʻlgan zararning oʻrni qoplanishi lozim.

Agar radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zarar bilan bir qatorda radiatsiyaviy taʼsir sababli yetkazilgan zarardan asoslangan ravishda ajratilib qoʻyilishi mumkin boʻlmagan boshqa zarar yetkazilgan boʻlsa, bunday zararning oʻrni atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq qoplanishi lozim.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning aybidan qatʼi nazar qoplanadi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida radiatsiyaviy taʼsir orqali jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplaydi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yengib boʻlmas kuch yoki harbiy harakatlar natijasida yuzaga kelgan radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkaziladigan zararning oʻrnini qoplamaydi.

Qaysi shaxsning qasddan sodir etilgan harakatlari ushbu shaxsning hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishiga olib kelsa, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot shu shaxsga radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplamaydi. 

Bitta radiatsiyaviy avariya natijasidagi radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashning eng koʻp umumiy summasi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan miqdordan koʻp boʻlishi mumkin emas.

50-modda. Radiatsiyaviy taʼsir natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan yoʻl qoʻyilgan, radiatsiyaviy taʼsir natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zararning oʻrni atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.

Zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga davlat boshqaruvi organlari, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etiladi.

 

51-modda. Radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashning moliyaviy taʼminoti

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun oʻz moliyaviy mablagʻlaridan va (yoki) sugʻurta polisidan (shartnomasidan) iborat boʻlgan moliyaviy taʼminotga ega boʻlishi shart.

Radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zarar uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikni sugʻurta qilish shartlari va tartibi, sugʻurta jamgʻarmasini tuzish tartibi va manbalari qonun hujjatlarida belgilanadi.

Na ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot, na radiatsiyaviy taʼsir sababli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun ushbu moddaga muvofiq moliyaviy taʼminotni taqdim etgan sugʻurtalovchi:

moliyaviy taʼminotni toʻxtatib turishdan yoki bekor qilishdan uch oy oldin bu haqda maxsus vakolatli organni va vakolatli davlat boshqaruvi organini yozma shaklda xabardor qilmasdan turib;

bunday moliyaviy taʼminot radioaktiv moddalarni, yadroviy materialni va (yoki) radioaktiv chiqindilarni transportda tashishga (tashishga) taalluqli boʻlsa, radioaktiv moddalarni, yadroviy materialni va (yoki) radioaktiv chiqindilarni transportda tashish (tashish) davri mobaynida moliyaviy taʼminotni toʻxtatib turishga yoki bekor qilishga haqli emas.

52-modda. Radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashda davlatning ishtiroki

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi radiatsiyaviy taʼsir tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash summalari toʻlovining Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot uchun belgilangan toʻlovdan ortiq miqdori yoxud yengib boʻlmas kuch yoki harbiy harakatlar natijasida yuzaga kelgan zararning oʻrnini qoplash summalari toʻlanishini taʼminlaydi.

 

9-bob. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi xalqaro hamkorlik

53-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasida chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilanaxborot almashish

Chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan atom energiyasidan foydalanish sohasida axborot almashish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

54-modda. Yadroviy qurilmadagi va (yoki) saqlash punktidagi avariya haqida chet

davlatlarni xabardor qilish

Yadroviy qurilmadagi va (yoki) saqlash punktidagi avariya haqida chet davlatlarni xabardor qilish vakolatli davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

55-modda. Yadroviy qurilmada va (yoki) saqlash punktida avariya sodir boʻlgan taqdirda xalqaro yordam koʻrsatish

Yadroviy qurilmada va (yoki) saqlash punktida avariya sodir boʻlgan taqdirda uning oqibatlarini cheklash hamda fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish maqsadida xalqaro yordam koʻrsatish hamda olish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

56-modda. Atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

57-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

58-modda. Qonun hujjatlarini

ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

59-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                                 Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 9-sentyabr

№ OʻRQ—565


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?