Asalarichilarning figʻoni falakda. Nega?

18:05 10 Iyun 2019 Jamiyat
1117 0

Vobkent tumanidagi Moʻminobod qishlogʻida yashovchi Ramazon Qodirov oʻttiz yildirki, asalarichilik bilan shugʻullanadi. 150 oila asalarisi bor.Yiliga oʻrtacha uch tonna asal yetishtiradi.

- Yaqinda 2 ming AQSH dollari evaziga asal mumi tayyorlaydigan uskuna sotib oldim, - deydi u. - Shu uskunani hamda 150 quti asalarini joylashtirish uchun menga ozgina joy kerak. Tumanimizning avvalgi hokimiga ham, hozirgi rahbariga ham shu masalada murojaat qilganman.”Bir sotix ham joy yoʻq”, degan javobni eshitdim. “Ana, qishloqdagi masjid boʻsh yotibdi. Oʻsha yerga uskunangni oʻrnat” deyishganiga oʻlaymi?

- Qoʻngʻirot mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashayman, - deydi yana bir asalarichi Avaz Rahmatov. - Dehqon xoʻjaligimizda yiliga 4 – 5 tonna asal yetishtirilyapti. 350 ta asalari oilasini parvarish qilyapmiz. Ilgari 8 sotix yerimiz bor edi. Asalari oilalarini shu yerda joylashtirgan edik.Ammo tumanimizning avvalgi hokimi Askar Javodov bu yerni bizdan asossiz tarzda tortib oldi. ”Vaqtida qaror chiqarib, shu yerni ajratib bergansiz –ku.Endi shuncha asalarini qayerda parvarish qilaman” degan ohu – zorim unga pashsha chaqqanchalik taʼsir qilmadi.

Boshqa asalarichilardan farqli tarzda Ulugʻbek Xursandovning oz boʻlsa – da ekin yeri bor.100 qutidan ziyod asalari oilasini shu yerda parvarish qilyapti.

- Asalarining foydasi juda katta,-deya kuyinchaklik bilan soʻzlaydi u. - Gʻoʻza va boshqa ekinlarni changlatib, hosildorlikning oshiradi. Shunday ekan, asalarichilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarini barpo etish kerak.Toki, ular ixtiyorida ming va undan ziyod asalari oilasi boʻlsin.Qolaversa, biz uchun yer muammosi bor. Qaniydi, asalarichilar uchun ham takroriy ekin ekish uchun yer ajratilsa. Ayrim asalarichilar omborida tonnalab asal sotilmay turibdi. Agar tashqi bozorga chiqishimizga yordamlashishsa, bu tumanimiz, viloyatimiz iqtisodiyoti uchun ham foydali boʻlur edi. 

Bu fikrlarda jon bor, albatta.Negaki, isiriq, kovrak, yantoq kabi tabiiy oʻsimliklar gulidan olingan asal ming dardga davo sanaladi. Ularning bahosi ham nisbatan qimmat. Masalan, kovrak oʻsimligi gulidan olingan asal gʻoʻzanikiga qaraganda deyarli ikki baravar qimmat narxda sotilyapti.

Aytmoqchi, biz bu asalarichilar bilan viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti, madaniyat boshqarmasi, Vobkent tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “Asal bayrami” tadbiri chogʻida suhbatlashdik. Bayram bahonasida asalarichilar oʻzlarini qiynab kelayotgan masalalarni ham oʻrtaga tashlashdi. Viloyat, tuman mutasaddilari bu muammolar yechimi toʻgʻrisida jiddiy oʻylab koʻrishadi, degan oʻyda asalarichilar figʻonining bir chimdimini qogʻozga tushirdik, xolos.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?