“Arzon uy”larning narxi keskin oshdi. Toshkentda ijtimoiy himoyaga, uy-joyga muhtoj aholi qolmadimi?

18:04 10 Iyul 2018 Jamiyat
1866 2

Bugungi keng miqyosli o‘zgarish va islohotlar natijasida odamlarning hayoti yaxshilanib, kelajakka umid hissi kuchaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, yangi va arzon uy-joyga ega bo‘layotgan yosh oilalarning quvonchi cheksiz. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aynan aholining eng ehtiyojmand qatlamini uy-joy bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.

Biroq so‘nggi ikki hafta ichida tahririyatga ko‘plab yurtdoshlarimiz qo‘ng‘iroq qilib, qurilayotgan arzon uy-joylarning narxi keskin oshib ketganidan nozoziligini bildirmoqda. Buning sabablarini tahlil qilib, odamlarning dardini jamoatchilikka yetkazishimizni so‘ramoqda. Ana shunday yurtdoshlarimiz orasida Bobur Jonibekov ham bor.

— Xabaringiz bor, Prezidentimiz qarori bilan poytaxtimizning Sergeli tumanida arzon uy-joylar qurilmoqda, — so‘z boshladi u. — Men ham o‘tgan yili navbatga yozilib, uy olish huquqini qo‘lga kiritgan edim. Yil so‘ngida birinchi to‘lovni ham amalga oshirdim. Unda kvartiraning bir metr kvadrati uchun 2 million 841 ming so‘mdan hisoblab, jami 48 million so‘m boshlang‘ich badal to‘laganman. Bu to‘lovni amalga oshirish uchun oyligimdan orttirib yiqqanim urvoq ham bo‘lmadi. Tanish-bilishlardan qarz ko‘tarishga to‘g‘ri keldi. Hartugul, o‘z uyim bo‘lsa, ijara puli to‘lamasam, qutulib ketarman, deb o‘ylagandim. Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman.

— Nima, uyni bermaydigan bo‘ldimi?

— Yo‘q, muammo umuman boshqa tomonda. Yaqinda bizga yangi xabar keldi. Unga ko‘ra, “O‘zshahar qurilish invest” IK MCHJning 2018 yil 29 maydagi xatlariga asosan, biz olayotgan uyning narxi 3 million 981 ming 697 so‘m etib belgilanibdi. Shuning uchun birinchi to‘lov narxi ham oshib, qo‘shimcha pul to‘lashimiz talab etilar ekan. Kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar, ijarada yashab, kunlik xarajatini zo‘rg‘a qoplaydiganlar shuncha pulni qayerdan topadi?

Darhaqiqat, Boburning gaplarida jon borday. O‘z nomi bilan ijtimoiy himoyaga, uy-joyga muhtoj aholi uchun qurilayotgan xonadonlarning narxi bunchalik keskin oshishining sababi nimada? Hisoblab chiqilsa, endilikda bunday uylarning boshlang‘ich badali 100 million so‘m atrofida bo‘ladi. Narxlar oshgandan keyin nafaqat birinchi to‘lov, balki olinadigan kredit miqdori ham ortadi. Qarabsizki, davlat ishida ishlab, oylikka kuni qolgan odamlar bunday uyni orzu qilmasa ham bo‘laveradi. Ammo birinchi to‘lovni to‘lab qo‘yganlarchi? Necha yildirki sabr bilan uyining bitishini intizor kutayotganlarchi?

— Uylarning narxi oshishi bo‘yicha bizga tegishli tashkilotdan xat kelgani uchun aholini xabardor qildik, — deydi Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi Iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari majmuasi bosh mutaxassisi Behzod Nazarov. — Uylarning narxlarini belgilash alohida komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Bunga sabab qurilish mollari narxining oshgani bo‘lsa kerak. Tahlillarga ko‘ra, bu yil qurilish materiallari narxi 26 foizga ortgan.

Hokimlik mutasaddisining bergan ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha tuman komissiyasiga 2 mingdan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, 1300 tasi ko‘rib chiqilgan. Shundan 748 ta oilaga uy biriktirildi. Ularning 238 tasi ayni paytda yangi uylariga ko‘chib o‘tib, yashab kelmoqda. Bu yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, tumanning uy-joyga muhtoj aholisi uchun 546 ta xonadon ajratilgan va birinchi to‘lovlar to‘langan.

Bu birgina tumandagi ahvol. Ammo poytaxtning jami 11 tumanini olib qaraydigan bo‘lsak, yana necha minglab aholi arzon uy-joyga ega bo‘lish umidida to‘lovni amalga oshirgan. Narxlarning keskin oshishi ularni ham tashvishga solgani bor gap. Chunki to‘lovlar ortgach, to‘lov imkoniyatlari ham qaytadan hisoblanishi kerak. Uyga muhtoj bo‘lgan bilan uyli bo‘lib qoldi, degani emas. Yetarlicha mablag‘ingiz bo‘lmasa, ko‘chada qolsangiz ham, o‘n yillab ijarama-ijara sarson yursangiz ham foydasi yo‘q.

Aslida, arzon uy-joylar nima uchun bunday narxda beriladi? Buning sababi unda ishlatilayotgan qurilish ashyolarining aksariyati mahalliy mahsulotlar ekanligidir. Shuningdek, qurilishda ishlatiladigan texnika va boshqa qurilish mollariga davlatimiz tomonidan bojxona va soliq imtiyozlari berilgan. Bu ham binoning tannarxini tushiradi.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, yangi qurilayotgan uy-joylar boshqalariga qaraganda arzon, oddiy aholining sotib olishga qurbi yetadigan darajada bo‘lmog‘i kerak. Ammo yuqoridagi narxlarni ko‘rib, boshqa turdagi uylar bilan deyarli tenglashganiga guvoh bo‘lyapmiz. Yoki ularga berilayotgan imtiyozlar olib tashlandimi?

— Mening qo‘shimcha pul to‘lashga baribir qurbim yetmaydi, — deydi Bobur suhbatimiz so‘ngida. — Birinchi qilgan to‘lovimni qaytarib olmoqchiman. Ammo shuncha kutganim, orzularimning sarob bo‘layotganiga achinaman. Yana shuncha pul to‘plash uchun qancha ishlashim kerakligini hisoblab ko‘rib, hushim boshimdan uchadi. Bizning ham dardimizni tinglab, yechimini topib bera oladigan bormikan?..

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Toshshahar qurilish invest” bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ammo natija chiqmadi. Ma’lumot markazidan olgan telefon raqamlarini hech kim ko‘tarmadi. Shundan so‘ng Toshkent shahar hokimligiga xat yo‘lladik. Hokimlikdan javob kelgach, masalaga yana batafsil qaytamiz. Hozircha esa mutasaddi tashkilotlar masalaga o‘z munosabatini bildirib, Prezidentimizning xayrli tashabbuslari asosida ushalayotgan orzulari armonga aylanayotgan minglab odamlarning dardini to‘g‘ri anglashiga umid qilib qolamiz.

“Jamiyat” gazetasining 2018 yil 6 iyul sonidan olindi.


Izohlar


Nodir Temirov

Айниқса факат ойликка кун кўрадиганларга бу уйлардан олиш қийин бўлаяпти. Кредитини тўласинми, оиласини боқсинми ёки коммунал тўловлар ва ижара пулини тўласинми? "Арзон уй" номигагина арзон уй бўлиб қолаяпти. Халқни ўйлаб қилинган лойиҳалар халққа ёрдам бериш керак, қийнаш керак эмас.

12:5111.07.2018

Nodir Temirov

"Арзон уй-жойлар" қурувчи ташкилотларига ҳам давлат томонидан кўпкина имтиёзлар берилганига қарамай нархлар кескиш оширилган. Улар қурулиш моллари нархи ошгани билан буни изоҳлашади, лекин 2021 йилгача 500 та уй қуриш режалаштирилгандан бўлса қурилиш моллари қанча кетиши, давлатимизни бундай уйларни қуриш учун қанчалик даражада имкони бор-йўқлиги ўрганиб чиқилмаганми. Бу масул ташкилотларни лойиҳа устида ишламаган, "қураверайлик бир гап бўлар" деган бўлса керак. Эссиз ўзининг қора қозонида қоврилган халқим.

09:3612.07.2018