Arzon uy-joylar boʻyicha yagona elektron maʼlumotlar bazasi joriy qilinadi

10:27 18 Iyun 2019 Jamiyat
560 0

“Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan arzon uy-joylar boʻyicha yagona elektron maʼlumotlar bazasi loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda kompaniya tomonidan tashkil eetilgan “Arzon uy-joylar xalq farovonligi yoʻlida: tahlil, muammo va yechim” mavzusidagi respublika seminarida aytib oʻtildi.

Xoʻsh, bu loyiha nimasi bilan eʼtiborga molik? Gap shundaki, mazkur loyiha dastur amaliyotga tatbiq etilgach, davlat dasturi asosida respublika miqyosida quriladigan uy-joylarning mavzelari, ularning soni va narxlari, boshlangʻich badal hamda ajratiladigan ipoteka krediti haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, uy-joylarga biriktirilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlar, ularning uy-joyga muhtojligi sabablari haqidagi toʻliq maʼlumotlar onlayn tartibda yagona elektron bazada shakllantiriladi. Natijada sohada qonunbuzilish holatlari, uy-joylarning narxlari boʻyicha kelishmovchiliklar va hujjat ishlari bilan bogʻliq ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi hamda shaffof tizim yaratiladi.

Shuningdek, anjumanda qurilish – montaj ishlari davomida loyiha – smeta hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar, koʻp qavatli uylarda lift qurilmalari oʻrnatilish tartibi, aholiga uy-joylarni rasmiylashtirish boʻyicha 2018-yil dasturiga muvofiq amalga oshirilgan ishlar va 2019-yildagi maqsad va vazifalar muhokama etildi.

Seminarda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan qurilishda texnik nazoratni amalga oshirish boʻyicha mutaxassislar oʻzaro tajriba almashishdi hamda poytaxtimizning Sergeli tumanida bunyod etilayotgan arzon uy-joylar qurilishi bilan yaqindan tanishishdi. Xususan, mutaxassislar eksperiment tariqasida 2019-yil qurilish dasturi doirasida barpo etilayotgan 80 xonadondan iborat 16 qavatli quyma temir-beton tipidagi turarjoy binosini koʻzdan kechirdilar. Ushbu turarjoy loyihasi zilzila bardoshlilik darajasi yuqori boʻlib, jahon standartlariga toʻla javob beradi. Bu tipdagi baland qavatli turar-joy binosi Andijon shahrida ham bunyod etilmoqda.

Maʼlumot oʻrinda aytib oʻtish joizki, joriy yilda “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan belgilangan dastur asosida respublikamiz boʻyicha 355 ta zamonaviy koʻp qavatli arzon turarjoy binolari qurilayotgan boʻlsa, shundan 170 tasi poytaxtimizda qad rostlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?