AQSHning taniqli shifokori, asli o‘zbekistonlik Joldas Quljonov O‘zbekistonga tashrif buyurdi

15:30 30 May 2018 Jamiyat
877 1

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov AQSHning yetakchi klinikalaridan biri — Sent-Luis universitetining Ortopedik jarrohlik departamenti rahbari, taniqli mutaxassis, vatandoshimiz Joldas Quljonov bilan uchrashdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati “Xalq so‘zi”ga ma’lum qildi.

Mashhur shifokor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot sohasiga qaratayotgan yuksak e’tibori, xususan, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish borasida olib borayotgan oqilona siyosatini alohida e’tirof qildi. 2017 yil boshida Prezidentimizning xorijda faoliyat olib borayotgan malakali shifokorlarimizni yurtimizga qaytarish bo‘yicha bergan topshiriqlari, shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli yuzga yaqin tibbiyot mutaxassisi O‘zbekistonga qaytganini aytib o‘tdi.

J.Quljonov, o‘z navbatida, ko‘plab vatandoshlarimiz qatori mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, bilim va tajribasiga tayanib, mamlakatimiz tibbiyoti rivojiga hissa qo‘shish, davlatimiz rahbarining ezgu da’vatlariga “labbay” deya javob berishga doimo tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuvda Quljonov O‘zbekiston tibbiyotini yanada rivojlantirish uchun esa bor kuch va g‘ayratini safarbar etishga tayyor ekanligini aytgan.

Shuningdek, J.Quljonov O‘zbekistonda mo‘ljallagan katta ishlarining boshlanishi sifatida shu yilning 23 iyun – 3 iyul kunlari Sent-Luis va San-Diyegodagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridagi nufuzli neyroxirurg, neyrofiziolog, urolog, travmatolog-ortoped va boshqa shifokorlar guruhlarining mamlakatimizga tashrifini amalga oshirishini bildirdi.

Joldas Quljonov asli nukuslik bo‘lib, 1989 yilgacha Nikaraguada va “Paxtakor” futbol klubi shifokori sifatida faoliyat yuritgan. 1989 — 1995 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasining travmatologiya va ortopediya bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan. O‘shandan buyon tajribali travmatolog-ortoped Amerika Qo‘shma Shtatlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

U ayni paytda AQSHda yiliga 700 dan ziyod eng murakkab operatsiyalarni muvaffaqiyatli o‘tkazish bilan birga, universitet klinikasida qator davlatlarning travmatolog-ortopedlariga ta’lim beradi, dunyoning nufuzli tibbiyot markazlarida mahorat darslari olib boradi. J.Quljonov besh marotaba AQSHda yilning eng yaxshi shifokorlaridan biri sifatida e’tirof etilgan.


Izohlar


Admin

Горжусь своим земляком!

15:3231.05.2018