AQSH-Shimoliy Koreya muzokaralari bosh berk koʻchada qolmoqda

12:11 26 Avgust 2019 Dunyo
100 0

Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Ri Yong Xo Pxenyanning Vashington bilan muzokaralarni qayta tiklashga qiziqishi yoʻqligini namoyish qildi. “Shimoliy Koreya muloqotga ham, toʻqnashuvga ham tayyor”, dedi u. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.

Koreya Markaziy Axborot agentligi bilan suhbatda diplomat Pxenyan AQSHga uzoq vaqt mobaynida eng yirik tahdid boʻlishini aytdi. Vashingtonni Shimoliy Koreyaga yangi sanksiyalar qoʻllamaslik borasida ogohlantirdi.

Shu nuqtayi nazardan, AQSH-Janubiy Koreya qoʻshma harbiy mashgʻulotlari ortidan kutilgan Vashington-Pxenyan muzokaralari boshi berk koʻchada qolmoqda.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un unga yoʻllagan maktubida raketa sinovlarini toʻxtatishga vaʼda berganini taʼkidlagan. Shuningdek, Tramp Kim Chen Inning Janubiy Koreyadagi mashgʻulotdan keyin muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Mashgʻulotlar 20-avgust kuni yakuniga yetdi. Biroq Shimoliy Koreya qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazilganini tanqid qilmoqda. Shuningdek, Pxenyan Seulning AQSH harbiy samolyotlarini xarid qilganiga jiddiy eʼtiroz bildirmoqda.

AQSHning Shimoliy Koreya boʻyicha maxsus elchisi Stefen Bigan 20-avgust kuni Pxenyan hanuz sukutda ekanini tasdiqladi.

Biroq Janubiy Koreya rasmiylari, xususan, Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi oʻrinbosari Kim Xyun Chong muzokaralardan umidini uzmagan.

Shimoliy Koreya yadroviy muzokaralar uchun AQSHga joriy yil soʻngiga qadar muhlat bergan. Pxenyan Vashingtondan sanksiyalarni yumshatish va xavfsizlik boʻyicha kafolat berishini talab qilgan. Oʻz navbatida AQSH Pxenyan yadroviy dasturini toʻliq toʻxtatmaguncha sanksiyalarni yengillashtirmasligini bildirgan.

May oyidan buyon Shimoliy Koreya sakkiz marta raketa uchirdi. Muzokaralardan umidvor Tramp raketalar AQSH uchun xavfsiz ekanini taʼkidlagan.

Tanqidchilarga koʻra, Vashingtonning bunday munosabati Shimoliy Koreyaning qisqa masofali raketalarni uchirishda davom etishiga zamin yaratadi. Bunday raketalar AQSH uchun tahdid boʻlmasada, Janubiy Koreyaning istalgan hududini bemalol nishonga olishi mumkin. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga binoan, Shimoliy Koreyaga ballistik raketalar bilan bogʻliq har qanday faoliyat taqiqlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?