Angrenda YTH oqibatida jarohat olganlarga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda

15:58 10 Sentyabr 2019 Jamiyat
76 0

Xabar berilganidek, 2019-yil 10-sentyabr kuni soat 04:00larda Toshkent viloyati Angren shahri hududidagi avtomobil yoʻli va temir yoʻl kesishmasida avtotransport vositalari hamda yuk tashish poyezdining toʻqnashishi oqibatida yoʻl transport hodisasi sodir boʻlgan. Maʼlum boʻlishicha, “Toshkent-Vodiy” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib ketayotgan “SAMS” rusumli yuk mashinasi yuk vagonlarni tortib ketayotgan poyezdning 8-vagoniga urilgan. Natijada vagonlarning 2 tasi izidan chiqib ketib, qarama-qarshi yoʻnalishda turgan “Damas” rusumli avtomobilni bosib qolgan.

“Damas” avtomobilida boʻlgan 5 nafar fuqarodan 2 nafari N.A. va A.X. voqea joyida vafot etgan. Qolgan jarohat olgan 3 nafar fuqaro hamda “SAMS” rusumli avtotransport vositasi haydovchisi Angren shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga olib kelindi va zudlik bilan tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazilib, birlamchi tibbiy yordam koʻrsatildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, jarohatlanganganlar: 22 yoshli F. Yu. “Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, yuz yumshoq toʻqima jarohati hamda koʻkrak qafasi yumshoq toʻqima jarohati”, 24 yoshli A. N. “Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, yuz yumshoq toʻqima jarohati, koʻkrak qafasi yumshoq toʻqima jarohati”, 30 yoshli A.N. “Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, chap koʻz yumshoq toʻqima jarohati, oʻng tizza yopiq jarohati, oʻng oyoq uchinchi barmoqning chiqishi, koʻkrak qafasi yumshoq toʻqima jarohati”, 51 yoshli X.M. esa “Bosh miya yopiq jarohati, miya chayqalishi, pastki jagʻning yopiq sinishi, yuzning oʻng sohasi va peshona sohasining lat yeyishi, yuqori lab lat yeyishi va yirtilishi” tashxislari bilan Angren shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimida davo muolajalari olayapti.

Ularning ahvoli Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan doimiy nazoratga olingan. Vazirlik tomonidan safarbar qilingan malakali mutaxassislar jarahatlanganlar hayoti uchun kurashmoqda. Sodir boʻlgan YTH yuzasidan dastlabki tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilayotgani maʼlum qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?