Andijondagi qalʼa nimasi bilan ahamiyatli? (Foto)

10:38 23 Oktyabr 2019 Madaniyat
1796 0

Andijon viloyatida ziyorat maskanlari koʻp. Shu bois hududda ichki sayyohlik salohiyatini oshirish imkoniyatlari bisyor. Biroq, tarixiy obidalar kam. Bu esa chet ellik mehmonlar eʼtiborini jalb qilish uchun biroz toʻsqinlik qiladi. Axir, har qanday xorijlik mamlakatning tarixiga qiziqadi! Lekin Andijon shahrida shunday bir maskan borki, uni barmoq bilan sanarli tarixiy obida, deya tan olish darkor. “Qalʼa” nomi bilan ataluvchi bu maskanning ahamiyati nimada?

Chor Russiya mudofaaa qoʻrgʻoni

Qalʼa meʼmorchilik yodgorligi 1880-1881-yillarda Chor Russiya harbiy qismi uchun mudofaa qoʻrgʻoni sifatida bunyod etilgan. Uning 10 metrdan ortiq balandlikka ega boʻlgan devoridan Andijon shahri kaftdek koʻrinib turgan. Bu esa shu joydan turib isyonlarni oʻz vaqtida bostirish imkonini bergan.Qalʼa oʻz vaqtida 1,5 gektar maydonni egallagan. Tarkibida qurol aslaha omborlari, oshxona, toʻpxonalar mavjud boʻlgan. Shuningdek, Chor Russiya armiyasining Turkiston asosiy muntazam harakatdagi batalyonining 4- va 5-rotalari shu joyda joylashgan. Ushbu rotalarda esa250 dan ziyod askarlar qoʻnim topgan.

Tarixning qonli toʻqnashuvlariga guvoh devorlar

Qalʼa bilan tanishgan kishi tarixdan guvohlik beruvchi bu salobatli devorlar ne bir voqealarga shohid ekanligini yaxshi bilmaydi. Aslida u130-yil davomida juda koʻp tarixiy, fojiali voqealarning guvohidir. Masalan,1898-yil Chor Russiyani xavotirga solib kelgan Andijon qoʻzgʻoloni yuzaga keldi. Bugungi kunda Dukchi Eshon nomi bilan tarix zarvaraqlaridan joy olgan mingtepalik Muhammadali Eshonboshchiligidagi milliy ozodlik harakati isyonchilari Qalʼadagi rus askarlariga qarshi hujum uyushtirishdi. Natijada 23 nafar rus askari oʻldirildi. Qalʼa zabt etildi, biroq, rus armiyasi tomonidan uyushtirilgan qoʻzgʻolon tufayli Qalʼa shahidlar manziliga aylandi.Muhammadali Eshon boshliq 19 nafar qoʻzgʻolonchi Qalʼa maydonida osib oʻldirildi. 330 nafar qoʻzgʻolonchilar 4 yildan 20 yilgacha boʻlgan muddatdagi qamoq jazosiga tayin etildi.Koʻplab vatandoshlarimiz Sibirga surgun qilindi.

Tarixiy yodgorlik tarix solnomasi manziliga aylantirildi

Qalʼa majmuasi yodgorlik sifatida 1980-yilda taʼmirlanib,viloyat oʻlkashunoslik muzeyining filiali, soʻng Andijon viloyati adabiyot va sanʼat muzeyining qoʻlyozmalar, keyinchalik tasviriy sanʼat boʻlimi sifatida faoliyat olib borgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi “2017-2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy - texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Andijon viloyat oʻlkashunoslik muzeyi hamda Andijon viloyat Adabiyot va sanʼat muzeylari birlashib, uning negizida Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi qayta tashkil etildi. XozirdamuzeyningTasviriy sanʼat boʻlimi aynan mana shu yodgorlik majmuasida faoliyat olib bormoqda. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi qarorining 3 ilovasida belgilangan 2018-2027-yillarda davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning manzilli dasturiga asosan muzey boʻlimida 2023-yilda mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik yodgorlikda“Milliy ozodlik harakatlari“ boʻlimini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qabrga aylantirilgan quduq

Ayni paytda yodgorlik hududida tarixdan hikoya qiluvchi quduq va zindon saqlanib qolgan. Zindon tor yoʻlak va ikki xonadan iborat boʻlib, aslida askarlar uchun gauptvaxta sifatida bunyod etilgan. Keyinchalik, asir olingan oʻzbek qoʻzgʻolonchilari uchun zindon vazifasini oʻtagan. Zax va qorongʻi xonada oʻsha davr muhitini namoyish etuvchi holat oʻz aksini topgan.

Askarlarni ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida qurilgan quduqdan esa suv chiqmagan. Boisi, Qalʼa yer sathidan ancha balandlikda joylashgani bois quduqdan foydalanish imkoni boʻlmagan. Shu bois qoʻzgʻolon paytida halok boʻlgan bir qancha askarlarning murdasi mana shu quduqqa tashlab yuborilgan va ularning suyaklari yaqin oʻtmishgacha shu yerda saqlangan.

Bir paytlar rus askarlari uchun yotoqxona vazifasini oʻtagan kazarmada ayni paytda oʻzbek rassomlarining eng sara asarlari saqlanmoqda. Qoʻshni xonada esa oʻsha paytdagi ruslarning Oʻzbekistondagi hayotini aks ettiruvchi eksponatlar joy olgan.

Qoʻrgʻonni himoya qiluvchi baland devordan tashqariga qaragan kishi uchun Andijon shahri hali ham kaftda namoyon boʻlgandek goʻyo. Bu joydan nazar solar ekansiz, oʻsha davrning ruxini his etgandek boʻlasiz. Oʻzbekiston tarixini bugungi avlodga uqtirishda bu kabi obidalarning ahamiyati juda katta. Zero, nafaqat universitetning tarix fakulteti talabalarini, balki, maktab oʻquvchilarini ham ushbu maskanga olib kelib, u bilan bogʻliq maʼlumotlardan ogoh etish orqali yosh avlodning bilim saviyasini oshirish va Vatanga muhabbat tuygʻusini shakllantirish mumkin.

Qalʼa vaqti kelib Andijon viloyatining sayyohlar qadami arimaydigan eng gavjum joylardan biri boʻlmogʻi kerak.

Bir soʻz bilan aytganda, tarix ortda qolgan xotira emas. U kelajagimizni belgilab beruvchi saboqdir. Shunday ekan, oʻtmish bilan bogʻliq har qanday xotiraga munosabat oʻzligimizni namoyish etuvchi ifodadir.

Saminjon HUSANOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?