Andijonda shifokorning IIB xodimi tomonidan kaltaklangani yuzasidan izoh berildi

13:23 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
2122 0

Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonda shifokor IIB xodimi tomonidan kaltaklandi” nomli videolavha yuzasidan maʼlumot berdi.

"Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2020-yil 11-sentyabr kuni “Andijonda shifokor IIB xodimi tomonidan kaltaklandi” sarlavhasi ostida videolavha tarqalganini guvohi boʻlyapmiz.

Ushbu videolavhada IIB xodimi navbatsiz tekshiruvdan oʻtishni xohlagani, natijada janjal yuzaga kelib, u tomonidan shifokor kaltaklangani aytilgan.

Aslida shifoxonada qanday holat yuz bergan?

Andijon viloyati IIB Axborot xizmatining bergan maʼlumotiga koʻra, 2020-yil 29-avgust kuni soat 13:30larda tuman IIB profilaktika inspektoriga Andijon tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-sonli qishloq oilaviy poliklinikada janjal boʻlganligi haqida xabar kelib tushgan.

Holat oʻrganilganda, aniqlanishicha, mazkur poliklinika umumiy amaliyot shifokori fuqaro O.Yu. shu kuni ish faoliyatini olib borayotgan vaqtida, Andijon tumani Kengash MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro M.Gʻ. jiyani M.A.ning sogʻligʻi yomonlashganligi uchun uni tibbiy koʻrikka olib kelgan,soʻngra haqiqatdan navbat talashib, fuqaro va shifokor oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik va janjal kelib chiqqan. Shifokorning tushuntirishiga koʻra mazkur holat yuzasidan unda hech kimga nisbatan daʼvosi yoʻq, kelishmovchilik oqibatida tan jarohati olmagan.

Oʻz navbatida, ikkinchi tomon M.Gʻ. ham ikki tomonlama janjal oʻzaro tushunmovchilik natijasida kelib chiqqanligini, shifokordan kechirim soʻrab, tartibsizlik qilganidan pushaymon ekanligini, hozirda shifokorga nisbatan eʼtirozi yoʻqligini, tan jarohati olmaganligini bayon qilgan.

Tomonlar va guvohlarning koʻrsatmalari hamda ish boʻyicha toʻplangan materiallar huquqiy baholanib, ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Ichki ishlar organlari xodimlari mazkur kelishmovchilikda ishtirok etishmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, axborot tarqatuvchi televizion kanallar va ayrim ijtimoiy tarmoqlardan, jamoatchilikka eʼlon qilinayotgan maʼlumotlarni tekshirib, xolisligiga ishonch hosil qilganidan soʻng aholiga yetkazishlarini soʻrab qolamiz.

Tekshirilmagan va yolgʻon axborotni, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarini obroʻsizlantirishga qaratilgan maʼlumotlarni tarqatish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqarishini unutmasliklarini soʻrab qolamiz", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?