Andijonda ichki ishlar xodimini oʻldirgan aka-ukalarga sud hukmi oʻqildi

18:36 12 Iyun 2019 Jamiyat
347 0

Izboskan tumani Chuvama mahallasida yashovchi fuqaro A.Jololov ichkilik tufayli oʻylamay qilgan xatti-harakati natijasida oʻzidan tashqari ukasi S.Jololov va jiyani Z.Qobulov ham qamaldi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Endigina 31 yoshini qarshilagan, ikki farzandning otasi A.Jololov sinfdosh doʻstlari bilan bir doʻstining uyida toʻyib aroq ichishadi. Ziyofat tunggi soat birga qadar davom etdi. Ulfatlar yarim tunda baqir-chaqir bilan koʻchaga chiqishdi. Uylariga tarqalish uchun mahalla guzariga kelishdi.

Shu payt jamoat tartibini saqlash maqsadida xizmat vazifasini bajarib yurgan Izboskan tuman ichki ishlar boʻlimi tezkor vakillari S.Yakubov va I.Haydarov kelib qoladi. Ular shovqin koʻtarib, gaplashib turgan yigitlar oldiga kelib, kech boʻlib qolgani, uy-uylariga tarqalishlari kerakligini aytadi. Oʻta mast boʻlgan A.Jololov ichki ishlar boʻlimi xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, ularni kurakda turmaydigan soʻzlar bilan haqorat qiladi.

Guvohlarning koʻrsatmalariga koʻra, orada janjal boshlangan. Ichki ishlar xodimlari telefon orqali hudud profilaktika inspektorini, A. Jololov esa sherigining telefoni orqali ukasini tezda mahalla markaziga yetib kelishini soʻraydi.

Notanish telefon raqamidan akasining chaqirganini eshitib ukasi S.Jololov, jiyani Z.Qobulovni chaqirib, mahalla guzariga yetib keladi. Ular akasining bir kishi bilan janjallashayotganini koʻrib, yordamga shoshishadi. Urush, janjal oqibatida ichki ishlar xodimi S.Yaqubov tan jarohati oladi, I.Haydarov esa vafot etadi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyati sudi sudyasi Ulugʻbek Karimov raisligida boʻlib oʻtgan sud majlisida atroflicha oʻrganib chiqilgan yuqoridagi jinoiy ish boʻyicha hukm chiqarildi.

Sud hukmiga koʻra, A.Jololov aybdor deb topilib, unga 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, ushbu jinoyatning sodir etilishida ishtirok etgani uchun ukasi yigirma toʻqqiz yoshli S.Jololovga 15 yilu 9 oy, endigina yigirma besh yoshni qarshilagan jiyani Z.Qobulovga 15 yilu 6 oy qamoq jazosi tayinlandi. Endi ular umrining eng goʻzal damlarini qamoqda oʻtkazishga majbur.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?