Alisher Usmonov kompaniyasi Oʻzbekistondagi yirik uyali aloqa operatorini sotib olmoqda

16:33 17 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
551 0

Rossiyadagi telekommunikatsiyalar sohasi giganti – “MegaFon” kompaniyasi Ucell uyali aloqa operatorini xarid qilishi mumkin. Bu haqda oʻz manbalariga tayanib Repost nashri xabar bermoqda.

Shartnoma qiymati va shartlari haqida toʻliq maʼlumot yoʻq.

Biroq manbalarning soʻzlariga koʻra, kompaniyani yangidan tashkil etish hamda uni boshqatdan texnik jihozlashga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Yangi kompaniya Ucell nomidan ham voz kechib, “MegaFon” brendi ostida xizmat koʻrsatishi taxmin qilinyapti.

Ammo Ucell matbuot kotibi Baxtiyor Nasimov Repost bilan suhbatda “bunday maʼlumotga ega emasligi”ni qayd etgan.

Maʼlumot uchun, Ucell kompaniyasi aksiyalarining 94 foizini 2018-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi sotib olgandi. Hozirda mazkur aloqa operatori Oʻzbekiston boʻyicha 7,1 milliondan oshiq abonentga ega. Kompaniyada 1250 nafar ishchi-xodim faoliyat olib boradi. Ushbu mobil brendning 2G aloqa tarmogʻi Oʻzbekiston hududining 97 foiz, 3G tarmogʻi esa 60 foiz hududini qamrab olgan.

Rossiyaning “MegaFon” telekommunikatsion kompaniyasi 1993-yilda “Severo-Zapadnыy GSM” nomi bilan tashkil qilingan. 2002-yildagi rebrendingdan soʻng nomi “MegaFon” deb oʻzgartirilgan. 2014-yil dekabrida uning nazorat paketlarini USM Holdings sotib olgan. Mazkur tashkilot esa asli oʻzbekistonlik boʻlgan rossiyalik biznesmen Alisher Usmonovga tegishlidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?