Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar boshlandi

16:49 09 Fevral 2019 Jamiyat
820 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Yulduz Oʻrmonova, “Xalq soʻzi ONLINE” xabar beradi.

— Alisher Navoiy sharq Renessansining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida, ayniqsa, turkiy tilli xalqlar madaniy va maʼnaviy hayotining rivojida alohida oʻrin tutadigan yorqin shaxsdir, — deydi Britaniya kutubxonasining turk va turkiy toʻplamlar boʻlimi rahbari Maykl Jeyms Erdam. — Birinchidan, u oʻzining gumanistik gʻoyalari, badiiy-falsafiy qarashlari, oʻlmas sheʼriy asarlari bilan insoniyat tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk shoir va mutafakkirdir. Sulton Husayn Boyqaro ham ul zotni “mamlakat ustuni, davlat tayanchi” deb bejiz atamagan.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida shoir tavalludining 578 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali tadbirda ana shunday fikrlar bildirildi. Unda davlat va jamoat arboblari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, talaba va oʻquvchi yoshlar, ijodiy tashkilotlar vakillari qatnashdi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi talabalari Asadillo Aziziy va Raʼno Sherzod buyuk bobokalonimiz ijodining bugungi yosh avlod maʼnaviy hayotidagi tutgan oʻrni xususida soʻzlab, uning gʻazallaridan oʻqib berdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

— Hazrat Alisher Navoiyni nafaqat soʻz mulkining sultoni, balki ulugʻ donishmand, mutafakkir zot, desak, arziydi. — deydi Asadillo Aziziy. — Birgina misol: hozirgi Afgʻonistonning Sarpul viloyati hududida oʻsha zamonlarda uch oy qolib, katta bir koʻprikni taʼmirlab ketgan. Shuning uchun ul zotdan yaxshi nom hamda maʼnaviy meros qolgan. Men bugun Hazrat Navoiy tavalludining 578 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan tantanali marosimda ishtirok etayotganimdan mamnunman. Shu imkoniyatni taqdim qilgani va biz, afgʻonistonlik yoshlarning Oʻzbekistonda taʼlim olishimiz uchun barcha sharoitni yaratib bergani uchun ikki davlat rahbarlari, ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Shoir tavalludiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbirlar respublikamiz boʻylab keng davom etmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?