Aleksandr Lukashenko: “Belarus-O‘zbekiston aloqalarida o‘tgan 20 yildan ko‘ra ko‘proq ish qilindi... Bu sizning Prezidentingiz xizmatlari. U oqil, talantli inson”

15:45 13 Iyun 2018 Siyosat
429 0
Fotо: nuz.uz

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston bilan aloqalar rivoji yuqori sur’atlar kasb etayotganini ta’kidladi.

Davlat rahbari bu haqda bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb xabar berdi Belarus Prezidenti matbuot xizmati.

“Oxirgi yil, balki sal ko‘proqdir, agar yangi davrni olib qaraydigan bo‘lsak, men o‘zimning do‘stim Shavkat Mirziyoyevga tez-tez gapirganimdek, Belarus-O‘zbekiston aloqalarida o‘tgan 20 yildan ko‘ra ko‘proq ish qilindi. Bu yerda mening xizmatlarim minimum. Bu sizning Prezidentingiz xizmatlari. U oqil, talantli inson, deb aytgan bo‘lardim”.

“Sizlarning oxirgi vaqtlarda xalqaro aloqalarda, ularni iqtisodiyot bazasiga tushirgan holda amalga oshirgan ishlaringizni, men o‘ylashimcha, dunyodagi, boz ustiga sobiq ittifoq hududidagi birorta davlat qila olmadi. Shu yillarda Sizga faqat barakalla, deyman. Sizlar dunyoga ochildingiz va ochilishning ushbu davrida nimani olish kerak bo‘lsa o‘shani maksimum qo‘lga kiritdingiz”.

Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonning eng katta yutug‘i iqtisodiyotda ekanligini ta’kidladi.

“Diplomatiya, siyosat – bu yaxshi. Har doim gaplashib olish mumkin. Sezish, natijani tutib qolish esa – eng muhimidir. Va sizlar buning uddasidan chiqdingiz. Bu mamlakatingiz rahbariyatining buyuk xizmatidir. O‘zbekistonning xalqaro arenadagi, xalqaro munosabatlardagi ushbu shijoati Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarga ham xizmat qiladi”, deya e’tirof etdi u.

Belorus Prezidenti ikki tomonlama aloqalarni ijobiy baholab, mamlakat rahbarlari rasmiy tashrif doirasida uchrashishdan oldin hamkorlik bo‘yicha muayyan poydevor yaratib olishga kelishib olganini aytdi.

“Biz o‘zbek va belorus xalqlari dasturxoniga nimanidir qo‘ya olishimiz uchun”, deya buni ramziy ma’noda izohlab o‘tdi u.

Aleksandr Lukashenko muammolar har bir davlatda yetarli ekanligi, O‘zbekiston ham mavjud masalalarni inson resurslari, tabiiy-iqlim sharoiti, iqtisodiyot va jamiyatni modernizatsiya qilishning yuksak sur’atlarini inobatga olgan holda yaqin besh yil davomida yengib o‘tishini qayd etdi.

“Lekin sizlar biz mazkur jarayonlarning shunchaki tarafdor kuzatuvchilari, shunchaki muxlislari emasligimizni tushunishingiz kerak. Biz, albatta, sizlarning muvaffaqiyatlaringizdan quvonamiz. Biz sizlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyotning faol tarafdorlari, agar istasangiz, dvigatelimiz. Sizlar bizga ishonishingiz mumkin”, - dedi Belarus rahbari.

O‘z navbatida, Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham O‘zbekiston Belarus Prezidentiga katta hurmat bilan qarashi va mamlakatning muvaffaqiyatlaridan, uning o‘sib borayotgan xalqaro nufuzidan quvonishini ta’kidladi.

“Biz siz mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga hamisha katta ahamiyat berganingiz hamda berayotganingizni bilamiz, yuqori baholaymiz. Shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun qayg‘uli bo‘lgan kunlarda bizning Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun O‘zbekistonga borganingiz xalqimiz xotirasida mangu qoladi”, - dedi Senat raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?