Aktam Xaitov: Oʻzganing maslahatiga muhtoj emasmiz

22:24 16 May 2020 Siyosat
7575 0

Soʻnggi ikki-uch kunda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning “Oʻzbekistonda oʻzbek tilida ish yuritish tarafdorlari juda oz” degan fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin bahs-munozaraga sabab boʻlmoqda. Uning daʼvolarini hammamiz oʻqidik, eshitdik.

M.Zaxarovaning Oʻzbekistonda oʻzbek tilida ish yuritish tartibini buzgan mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi boʻyicha bildirgan fikrlari mustaqil, suveren davlatning ichki ishlariga qoʻpol tarzda aralashuvdan boshqa narsa emas. Boshqacha aytganda, uning bu masala boʻyicha fikr bildirishi umuman mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.

Nega deganda, istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Oxirgi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.

Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Qolaversa, xorijiy mamlakatlarda ham tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish kuchayib bormoqda. Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlar esa oʻzbek tili ravnaqiga xizmat qilayotir.

Bu haqda gapirganda keyingi yillarda ona tilimiz va milliy adabiyotimizni ulugʻlash, uning boy xazinasini yosh avlodimizga yetkazish maqsadida yuzlab bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv yurtlari, shuningdek, atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etilayotganini alohida taʼkidlash joiz.

Shu oʻrinda bir mulohaza. “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Loyihada davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi nazarda tutilmoqda.

Joriy yilning 10-may kuniga qadar regulation.gov.uz portalida muhokama uchun joylashtirilgan qonun loyihasi boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik tomonidan koʻplab fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi. Bu ham fuqarolarimizning faollashib borayotganidan dalolat, albatta. Ammo ayrim kimsalarning noxolis yondashuvlari kishini oʻylantirib qoʻyadi. Bu noxolislik emasmi?

Xoʻsh, M.Zaxarovaning Mustaqil Oʻzbekiston qonunlariga aralashishga huquqi bormi? Nega ular bizning qonunlarimizga qiziqib qolishdi? Yoki uni bu gaplarni aytishga kimdir majbur qildimi? Axir boshqa davlatning ichki ishiga bu tarzda aralashish xalqaro huquq normalari va tashqi siyosat prinsiplariga zid-ku? Nima Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili buni bilmaydimi?

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va partiyaning parlamentdagi fraksiyasi aʼzolari mazkur qonun loyihasi boʻyicha oʻz pozitsiyasiga ega. Zero, bugun ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yana-da oshirish boʻyicha oldimizda oʻta muhim vazifa turibdi. Bu borada kimningdir fikri yoki maslahatiga muhtoj emas.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?