“Ayritom” chegara-bojxona postiga zamonaviy radiatsiya nazorati qurilmalari topshirildi

17:44 17 Sentyabr 2019 Jamiyat
180 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida Amerika Qoʻshma Shtatlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida “Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qoʻshma bayonoti qabul qilingan.

Mazkur Bayonot asosida hozirda ikkala davlat oʻrtasida turli sohalarda, xususan bojxona sohasidagi oʻzaro munosabatlar yanada mustahkamlanmoqda.

2019-yil 16-sentyabr kuni Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara-bojxona postida Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlariga begʻaraz koʻmak sifatida taqdim qilingan radiatsion portal monitorlarini tantanali qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va AQSH Energetika vazirligi oʻrtasida imzolangan yadroviy hamda radioktiv materiallarning noqonuniy aylanishini oldini olish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum doirasida amalga oshirildi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum, Davlat bojxona qoʻmitasining Axborot kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshligʻi D.Maksumov va boshqalar ishtirok etishdi.

Taʼkidlanganidek, davlat bojxona xizmati organlari tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda yaqindan koʻmakchi boʻlib kelishmoqda. Bu jarayonda tezkorlik va samaradorlikni taʼminlash maqsadida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlariga yangi innovatsion va kommunikatsion texnologiyalar muntazam joriy etilmoqda.

Radiatsion portal monitorlaridan chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar yoki avtotransport vositalarida noqonuniy radiaktiv moddalarni aniqlashda keng qoʻllaniladi hamda ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bu kabi qurilmalardan viloyatdagi “Daryo porti” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga ham taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Tadbir davomida mehmonlar “Ayritom” chegara bojxona posti, shuningdek, “Termiz Kargo Centr” logistika markazi bilan ham yaqindan tanishishdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi va AQSH hukumati oʻrtasida 2001-yilda imzolangan “Mudofaa va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini oldini olish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim” doirasidaxavfli yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallarning tarqalishiga qarshi hamkorlikda kurashib kelmoqda.

Tantanali tarzda qabul qilib olingan radiatsion nazorat qurilmalari mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, xavfsizlikni taʼminlash va barqaror rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?