Aholiga kredit ajratish tartibi yengillashtiriladi

20:32 20 May 2020 Siyosat
154 0

Respublikamiz boʻylab karantin talablari hududlardagi vaziyatni inobatga olgan holda bosqichma-bosqich yumshatib borilmoqda. Shu qatorda pandemiya davrida daromadlari keskin kamayib ketgan, zarar koʻrib ishlayotgan, ogʻir ahvolga tushib qolgan kichik biznes vakillarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 19-may kuni oʻtkazilgan videoselektorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan koʻrilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilandi.

Boʻlib oʻtgan videoselektorda pandemiya tufayli kambagʻal aholi va ishsizlar soni oshganligi, oilalar daromadi kamayishi tufayli, qisqa fursatda yangi ish oʻrinlari yaratish kerakligi toʻgʻrisida tavsiya berildi. Mahalliy hokimliklarga bu borada jiddiy eʼtibor qaratishlari, har bir tadbirkor murojaati shaxsan hokim nazoratida boʻlishi, hamma narsadan tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashni ustun qoʻyishlari belgilandi.

Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qoʻyilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob berishi toʻgʻrisida barcha hokimlar jiddiy ogohlantirildi. Oʻzini oʻzi band qilayotgan, qoʻlida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etiladi. Yaʼni, sartarosh, etikdoʻz, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi oʻzini-oʻzi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad soligʻidan ozod qilinishi aytildi.

Kelgusida mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya boʻladi. Ilgʻor xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni roʻyxatga olish va hisobini yuritish boʻyicha mobil ilova ishlab chiqilib, yoʻlga quyiladi. Pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga qoʻshimcha ravishda “Tiklanish va taraqqiyot” jamgʻarmasi hisobidan 1 trillion soʻm mablagʻ ajratilmoqda. Dastur doirasida ajratilayotgan bu mablagʻ aholini tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda, qoʻshimcha daromadi oshishi uchun yana qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablagʻlar uchun kredit olishda tadbirkorlarga oʻrnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini, Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish boʻyicha topshiriq berildi. Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini ragʻbatlantirish, aholining isteʼmol qobiliyatini oshirish maqsadida isteʼmol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalariga kelgan murojaatlarning 55 foizi bank kreditlari bilan bogʻliqligi bu boradagi muammolar koʻlamini koʻrsatadi. Shuningdek, bank xizmatlari boʻyicha tadbirkorlar murojaatlari banklar tomonidan ijobiy hal qilingani boʻyicha koʻrsatkichlari juda past boʻlib, banklar faoliyati tanqid ostiga olindi.

Kelgusida bank faoliyatiga mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatiga qarab baho berilishini alohida qayd etdi. Tijorat banklari kichik biznes rivojida muhim boʻgʻin ekani, har bir tumandagi “oʻsish nuqtalari”ga mablagʻ yoʻnaltirib, tadbirkor va fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashi zarurligi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Farhod Zayniyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?