Adliya vazirligi: huquqiy fanlar boʻyicha maktab darsliklari yangilandi

09:50 01 Sentyabr 2019 Siyosat
178 0

Kreativ fikrlaydigan, zamon bilan hamnafas va hamqadam kadrlarga ehtiyoj hamisha mavjud. Ular jamiyat ravnaqi uchun doimiy muhim. Ana shu “muhim”likning oʻzagi bevosita taʼlimga borib taqaladi. Sifatli taʼlim esa oʻz-oʻzidan sifatli, mukammal darsliklarni taqozo etadi.

Shu yilning 23-avgustida davlatimiz rahbari xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda maktab taʼlimi sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, oʻqitish metodlari, taʼlim standartlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash zarurligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Bu borada Adliya vazirligi tomonidan huquqqa oid fanlar boʻyicha maktab darsliklari zamonaviy taʼlimga qoʻyilayotgan talablar asosida oʻrganildi. Bunda darsliklarning huquqiy bilim va tushunchalarni qamrab olganlik darajasi, mazmun-mohiyati hamda maqsadga muvofiqligi tahlil etildi.

Tahlillar natijasida 8-sinflar uchun moʻljallangan “Oʻzbekiston davlati va huquqi asoslari”, 9-sinf uchun “Konstitutsiyaviy huquq asoslari”,

10 va 11-sinflar uchun “Davlat va huquq asoslari” darsliklari hatto oliy oʻquv yurtlari talabalari tushunmaydigan darajada murakkab yozilganligi, qolaversa, ularda eski maʼlumotlar keltirilganligi, oʻquvchilarga berilgan topshiriqlarda ayrim mantiqiy xatolar mavjudligi aniqlandi. Bu haqda Adliya vaziri Senatning XVIII yalpi majlisida 2018-yilda huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati haqidagi axborotida ham taʼkidlagan edi.

Shundan kelib chiqib, kamchiliklarni bartaraf etib qayta nashr qilish yuzasidan Adliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligiga takliflar kiritgan.

Buning natijasida 8-sinflar uchun “Oʻzbekiston davlati va huquqi asoslari”, 9-sinf uchun “Konstitutsiyaviy huquq asoslari” yangi avlod darsliklari nashr qilinib, boshlanayotgan oʻquv yilidan eʼtiboran oʻquvchilarning huquqiy bilimlarni ushbu darsliklardan oʻzlashtiradi. Ular dizayn jihatdan oʻquvchilarning yosh va psixologik xususiyatidan kelib chiqqan holda takomillashtirilgan. Yangi avlod darsliklar yangi qabul qilingan qonunlar va huquqqa doir maʼlumotlar, qonunchilikdagi voyaga yetmaganlarning javobgarligidagi oʻzgarishlar, shaxs va jamiyat munosabatlari hamda shaxsning jamiyatdagi oʻrni kabi mavzular bilan boyitilgan.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?