Abul Moʻiyn an-Nasafiy — Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan buyuk alloma

17:25 27 Dekabr 2019 Madaniyat
732 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahad Muhammadiyev/Qashqadaryo. Qarshi shahrida Abul Moʻiyn an-Nasafiy ilmiy merosiga bagʻishlangan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan buyuk alloma” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Islom dunyosida “Haqiqat qilichi” rutbasi bilan tanilgan Abul Moʻiyn an-Nasafiy Abu Mansur Moturidiy asos solgan Moturidiya taʼlimotining dunyoga yoyilishiga katta hissa qoʻshgan allomalardandir. Ilmu urfonda yetuk oilada ulgʻaygan Nasafiyning ajdodlaridan aksariyati fiqh ilmi sohasidagi ulkan salohiyati bilan xalq orasida obroʻ qozongan. Xususan, Abul Moʻiyn an-Nasafiyning asarlari islomni notoʻgʻri talqin qiladigan turli firqalarga asosli raddiyalar bergani bilan musulmon olamida katta hurmat eʼtiborga ega.

Aqoid ilmi, yaʼni, aqida masalalari insonni adashishdan saqlaydi. Qatʼiy dalillar asosida diniy eʼtiqodni mustahkamlaydi, shubhalarni rad etadi. Haq yoʻldan adashganlarga dalillar bilan toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Dinning sofligini, eʼtiqodni buzuq fikrlar va botil shubhalardan saqlaydi.

Abul Moʻiyn an-Nasafiyning aqida masalalarida yozgan asarlari shu jihatdan hozirgi davrimizgacha oʻz qimmati va ahamiyatini yoʻqotmagan. Uning “Tabsirat-ul adilla”, “At-tamhiyd li qavoid at-tavhiyd”, “Qasiydul qavoid fi ilmil aqoid”, “Al-Ifsod li hadʼ al-ilhod”, “Manohij al-aimmati fil furuʼ”, “Bahrul kalom” singari chuqur ilmiy tahlilga asoslangan oʻnlab asarlari bilan musulmon dunyosida shuhrat qozongan.

Anjuman ishtirokchilari Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan Qarshi tumanidagi Abul Muin Nasafiy majmuasida boʻlishdi. Bu yerda Nasafiyning boy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ziyoratgohda amalga oshirilgan bunyodkorlik, oʻtmishda yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish va tadqiq qilish borasidagi amaliy ishlar bilan tanishdi.

Bugungi kunda kalom ilmining faqih va usuliyotchi olimi sifatida shuhrat qozongan buyuk alloma Abul Muin an-Nasafiy ilmiy merosini oʻrganishga butun dunyo qiziqmoqda. Binobarin, uning “Bahrul kalom” asarining qimmatli qoʻlyozmalari Dubaydagi Jumʼa al-Mojid madaniyat va meros markazida, Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasi, Bagʻdoddagi “Maktabat al-avqof-da”, Qohiradagi mashhur “Doru-l-kutub” qoʻlyozmalar boʻlimida saqlanadi.

Ushbu anjuman buyuk alloma ilmiy merosini tadqiq qilish natijasida erishilgan ilmiy yangiliklar, turli maʼrifiy markazlar, shu jumladan, xalqaro ilmiy muassasalardagi izlanishlar natijasini bir davrada jamlash, muvofiqlashtirish, jahon miqyosida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, fikr va tajriba almashish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Binobarin, dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, radikalizm, ekstremizm kabi chegara bilmas tahdidlarning xavfi ortib borayotgan bugungi kunda ham maʼrifat jaholatga qarshi kurashishning eng samarali vositasi sifatida tan olinmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?