Abituriyentlarga test boʻladigan manzillarni koʻrsatuvchi ilova ishlab chiqildi

08:13 23 Iyun 2020 Jamiyat
711 0

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan 2020-2021-oʻquv yili qabulida OTMlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun test sinovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzilini koʻrsatib beradigan “ImtihonGo” nomli maxsus mobil ilova yaratildi. Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xabar berdi.

“ImtihonGo” mobil ilovasi Davlat test markazi tomonidan eʼlon qilingan 2020-2021 oʻquv yili qabulida oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun test sinovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzillari asos qilib olingan hamda shu manzillar ilovaga kiritilgan.

Maʼlum qilinishicha, ilova mualliflari TATU magistri Gʻ.Nazarov hamda “Radio va mobil aloqa” fakulteti talabasi H. Baxtiyorovlardir.

- Har bir yaratilgan dastur yoki startap qandaydir maʼnoda insonlarning ogʻirini yengil qilishi, ortiqcha vaqt, xarajatdan forigʻ boʻlishiga yordam berishi kerak. Biz ham “ImtihonGo” mobil ilovasi orqali mamlakatimizdagi minglab abituriyentlarni yaqin oylarda boʻlishi kutilayotgan test sinovlarini topshirishda ortiqcha qiyinchiliklarsiz, kerakli manzilga tez va aniq yetib borishda koʻmak bermoqchimiz, – deydi loyiha muallifi Gʻ.Nazarov.

Ilovaga yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun test sinovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan binolar roʻyxati hamda geomanzillari toʻliq kiritilgan.

Agarda biror sabablarga koʻra DTM tomonidan koʻrsatilgan manzillarda yangilanish vujudga kelsa, ilovani ham tezda yangilash, oʻzgartirishlari tezda qoʻshish va bu oʻzgarishni foydalanuvchilarga yetkazish reja qilingan.

Ayni vaqtda mobil ilova foydalanishga tayyor boʻlib, uni Google Play platformasidan yuklab olish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?