Abdulla Qodiriy Otabek rolida kimni koʻrishni xohlagandi?

11:34 11 Sentyabr 2019 Madaniyat
411 0

Ulugʻ oʻzbek adibi Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanida muxtasar shaklda yozgan kirish soʻzida, jumladan, shunday degan edi: “Modomiki, biz yangi davrga oyoq qoʻydik, bas, biz har bir yoʻsunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga oʻxshash dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangarishgʻa, xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhra”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod-Shirin” va “Bahromgoʻr”lari bilan tanishdirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz”, degan edi.

Adibdan “Oʻtkan kunlar”ning kino varianti haqida soʻrashganida, u Otabek rolini oʻzi oʻynashini orzu qilganini aytgani ham adabiyot tarixidan maʼlum. Haqiqatan ham, bu bejiz boʻlmay, oʻz qahramonining quvonch-tashvishlari, orzu-oʻylari, azob-iztiroblari unga juda yaqin boʻlgani tabiiy bir hol. Bugungi kunda oʻzbek kinosi rivojlanish yoʻlida. Sohaga keng sharoitlar yaratib berilmoqda. Lekin oʻzbek kinosi hali bunday imkoniyatlarga ega boʻlmagan kezlarda taniqli rejissyor Yoʻldosh Aʼzamov talqinida yaratilgan “Oʻtkan kunlar” filmi hanuzgacha tomoshabinlar qalbini titroqqa solib keladi. “Mehrobdan chayon” filmi haqida ham shunday deyish mumkin. Keyinchalik ham bu asar syujeti asosida talay spektakllar, televizion filmlar yaratildi, ammo Solih maxdum obrazini hech kim Razzoq Hamroyevchalik chuqur talqin qilib bera olmadi. Tashqi koʻrinishidan sipo boʻlgani bilan Solih maxdumning ichki olamida kechayotgan murakkab jarayonlar qizi Raʼnoni Anvarga uzataman deb turgan chogʻida ­xondan sovchi kelishi bilan oʻzgarib qolishlari Razzoq Hamroyev ­talqinida juda tabiiy, ishonarli tarzda chiqqanki, bu film yuksak sanʼat asari ­sifatida tomoshabinlarni hamon hayratga solib keladi.

“Oʻtkan kunlar” filmida Razzoq ­Hamroyev, Nabi Rahimov, Abbos Bakirov, Yoqub Ahmedov turli rollarni shu qadar mahorat bilan ijro etishganki, ularning har biri bugungi oʻzbek kinosi uchun ibrat maktabi, deyish mumkin.

Shu oʻrinda kino yaratishdagi dublyaj, yaʼni ovozlashtirish jarayoniga alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Garchi bu filmda mahoratli teatr aktyori Obid Yunusov biron-bir epizodik rolni ijro etmagan boʻlsa-da, ammo uning dublyajdagi ishtirokisiz bu filmni mukammal tasavvur etib boʻlmasdi. Obid Yunusov filmda beshta personajga katta mahorat bilan ovoz berib, uning milliyligi va oʻziga xosligini taʼminlashda katta hissasini qoʻshadi.

Otabek rolini Oʻlmas Alixoʻjayev, ­Kumush rolini Gulchehra Jamilova, ­Anvar rolini Isamat Ergashev mahorat bilan ijro etib, oʻzbek kinosida oʻziga xos yorqin iz qoldirishdi va bu obrazlar oʻzbek milliy timsoliga aylandi. Xalqi­miz orasida ming-minglabOtabeklar, Kumushlar, Anvarlar, Raʼnolar yetishib chiqdi. Ular bugungi kun yaratuvchilari, fidoyilari, bunyodkorlari, yonimizdagi qahramonlardir. Bu ham ulugʻ oʻzbek yozuvchisi dahosi samarasi oʻlaroq qalbimizda faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotadi.

Ulugʻ oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy xalqimiz milliy ongining tarkibiy qismiga aylangan betimsol adib edi. Uning asarlariga qayta-qayta murojaat qilish nafaqat kino sanʼatiga, balki sanʼatning boshqa turlariga ham jiddiy taʼsir oʻtkazadi. Bu, ayniqsa, bugungi kunda biz uchun juda muhimdir. Uning asarlari hali yangi-yangi talqinlarini topadi, deb umid qilamiz.

Muhammadjon XOʻJAYEV,
kino va dublyaj aktyori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?