8 moʻjizaning biri

12:34 12 Sentyabr 2019 Welcome to uzbekistan
183 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Dunyoda moʻjizalar koʻp.Inson aqlu zakovati bilan yaratilgan ana shunday osori atiqalardan biri qadimiy Buxoro shahridagi Poyi Kalon meʼmoriy majmuasidir.Uning yaqinda Pekin shahrida boʻlib oʻtgan nufuzli tadbirda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 8 ta moʻjizasi roʻyxatiga kiritilgani ham bejiz emas.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Shu oʻrinda Masjidi Kalon, Mir Arab madrasasi va Minorai Kalon obidalaridan iborat majmua tarixiga qisqacha nazar tashlash foydadan xoli emas.

Masjidi Kalonning qurilishi Qutayba ibn Muslim (milodiy 712 -713-yillar) davriga borib taqaladi.Lekin u 1514-yilga kelibgina hozirgi koʻrinishni oladi.Buni turli bosqinlar bilan izohlash mumkin.Inshootning“Masjidi Kalon” yaʼni “Katta Masjid” deb atalishi uning mahobatli va muhtasham ekanligidadir.Masjid gʻisht bilan terilgan 208 ta ustunga tayanganining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi.Usti esa 288 ta yassi gumbaz bilan berkitilgan.Masjid xonaqohidagi nafis koshinkor bezakli mehrobni koʻrsangiz sanʼat ichidagi sanʼat deyishingiz tayin.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Masjidi Kalon roʻparasida qad rostlagan Mir Arab madrasasi Ubaydullaxon (1530 -1536-yillar)hukmronlik qilgan paytda oʻz davrining zukko insonlaridan biri shayx Abdulla ( Mir Arab) sharafiga bunyod etilgan.Uning meʼmoriy shakli toʻrtburchak shaklida qurilgani bois Qurʼon kitobini eslatadi.Hujralari soni 114 ta.Bu Qurʼon suralari soniga mos keladi.Madrasa rang – barang koshinlar, sirkor parchinlar bilan bezatilgan.Unda milliy meʼmorchilikning noyob unsurlarini uchratish mumkin.Mir Arab madrasasi mana, necha yuz yildirki, ilmu maʼrifat, diniy va dunyoviy bilimlar tarqatuvchi dargoh vazifasini oʻtab kelmoqda.Bu yerda hozir ham islom bilim yurti faoliyat koʻrsatyapti.Ushbu maskandan islom olamining koʻplab namoyondalari yetishib chiqqan.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Majmuadagi eng qadimiy obida shubhasiz, bu Minorai Kalondir.U 1127-yilda qoraxoniy hukmdor Arslonxon farmoniga koʻra bunyod etilgan.Balandligi 47,5 metr, diametri esa 9 metrni tashkil etadi.105 ta pillapoya orqali yuqoriga koʻtarilish mumkin.Koʻplar uni insoning xushbichim qomatiga monand qilib qurilgan, deydi.Oddiy gʻishtdan shunaqangi zeb – ziynatlar berilganki, hayratda qolasan, kishi.Qadimda u savdo karvonlari uchun mayoq vazifasini bajargan.Qizigʻi,Buxoroga keladigan yoʻllarning barchasi minoraga olib borgan.Qurilganiga salkam 900-yil boʻlgan minoraga maʼjoziy maʼnoda “Boshi toshdan” deya taʼrif bersak ham adashmaymiz.Chunki shoʻrolar bosqini paytida u toʻpga tutilgan, aeroplandan turib boshiga bomba tashlangan.Minora qattiq shikastlangan.Ammo talotoʻplardan omon qolgan.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Sirasini aytganda,bunday meʼmoriy obidalarning urushlar, tabiiy ofatlar, asrlar sinovidan bizga qadar omon – eson yetib kelishi taqdirning katta inoyatidir.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

-Har safar ona – shahrim Buxoroga kelganimda sayyohlar bilan gavjum sakkiz moʻjizaning biri -- Poyi Kalon meʼmoriy ansamblini koʻrib, ruhim qanaqadir yengil tortadi,-deydi izlanuvchan yosh olim, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Komiljon Rahimov.- Xorijiy sayyohlarning minora ostida turgan koʻyi uning alp qomatiga, rangin naqshlariga, moviy osmonimizga toʻymay tikilishganiga shohidman.Bu yodgorliklar ota – bobolarimizning yuksak aql – zakovat, bilim egasi, tinchliksevar, elparvar boʻlishganidan dalolat beradi.Shularni oʻylaganingda qalbingda gʻurur hissini tuyasan, kishi.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Ha, masjidu madrasalarni kitobga muqoyasa qilib bunyod etgan, komil insonni sharaflab minoralar qurgan ajdodlarimizdan har qancha faxrlansak arziydi.Muhimi, ularga munosib farzand boʻlmoqlikdir.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?