4 oy oʻtib Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasida yana rahbar oʻzgardi

17:35 04 Oktyabr 2018 Sport
966 0

Bugun, 4 oktyabr kuni Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻtkazildi. Ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, assotsiatsiya Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari, assotsiatsiyaning viloyat boʻlimi rahbarlari, hakamlar, murabbiylar, terma jamoa aʼzolari ishtirok etishdi.

Kun tartibidan oʻrin olgan eng asosiy masala tashkilotga yangi rahbar saylash edi. Ushbu lavozimga Ahmadjon Amindjanovich Rahimov nomzodi ilgari surildi. Yigʻilganlar koʻrsatilgan nomzodini qoʻllab-quvvatlashdi va yakunda Ahmadjon Rahimov Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining raisi etib saylandi.

Maʼlumot uchun, Ahmadjon Rahimov 1975 yilda tavallud topgan. Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetini tamomlagan. Oilali. Uch farzandning otasi.

Taʼkidlab oʻtish joiz, shu yilning may oyida Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi prezidenti lavozimida qariyb 10 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan Botir Parpiyev, Davlat soliq qoʻmitasi raisligidan ishdan olinishi ortidan, bu vazifasidan ham ozod etilgan edi. Parpiyevning oʻrniga 19 may kuni Laziz Saydivaliyevich Hasanov saylangan.

Milliy olimpiya qoʻmitasi xabarida assotsiatsiyaga 4 oydan biroz koʻproq vaqt rahbarlik qilib kelgan Laziz Hasanov ismi tilga olinmagan.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan hafta Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasida ham navbatdan tashqari konferensiya boʻlib oʻtgan va unda may oyidan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelgan Nurxon Nafasov oʻrniga Alamjon Mullayev saylandi. Oʻshanda ham sobiq rahbarning ishdan olinishi sababi nomaʼlumligicha qolgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?